2.5.2021 yilning I choragi uchun to‘lov balansi joriy operatsiyalar hisobining dastlabki ko‘rsatkichlari.
Markaziy bank tomonidan 2021 yil I chorak yakuni bo‘yicha to‘lov balansi joriy operatsiyalari hisobining dastlabki ko‘rsatkichlari tayyorlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobi defisiti 2,5 mlrd. dollarni tashkil etdi. Bunda, savdo balansi (tovarlar va xizmatlar) va birlamchi daromadlarning manfiy sal'dosi (3,7 mlrd. dollar) ikkilamchi daromadlarning ijobiy sal'dosi (1,2 mlrd. dollar) hisobiga qisman qoplandi.
Tovarlar va xizmatlar eksporti
Tovarlar eksporti (nomonetar oltin hisobga olinmagan holda) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23 foizga oshib 1,9 mlrd. dollarni tashkil etdi. Tovarlar eksportining asosiy qismini “tekstil' va tekstil' mahsulotlari” – 720 mln. dollar, “qimmatbaho bo‘lmagan metallar va ulardan buyumlar” – 326 mln. dollar, “kelib chiqishi o‘simlik bo‘lgan mahsulotlar” – 182 mln. dollar va “kimyo sanoati mahsulotlari” – 132 mln. dollar tovar guruhlari tashkil etdi. Xizmatlar eksporti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 33 foizga qisqarib 407 mln. dollarni tashkil etdi. Bunda pandemiya bilan bog‘liq cheklovlar xisobiga “safarlar” komponentida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 69 foizga qisqarish kuzatildi.
Tovarlar importi 5,2 mlrd. dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 14 foizga oshdi. Tovarlar importining asosiy qismini “mashinalar, uskunalar, mexanizmlar” – 1,4 mlrd. dollar, “qimmatbaho bo‘lmagan metallar va ulardan buyumlar” – 716 mln. dollar, “kimyo sanoati mahsulotlari” – 615 mln. dollarni va “Er usti, havo va suv transporti vositalari” – 518 mln. dollar tovar guruhlari tashkil etdi. Xizmatlar importi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga qisqarib 923 mln. dollarni tashkil etdi. Bunda, xizmatlar importi tuzilmasida eng katta uzgarish “safarlar” komponentiga to‘g‘ri kelib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 53 foizga qisqardi. Birlamchi va ikkilamchi daromadlar Birlamchi daromadlarning sal'dosi 305 mln. dollar miqdorida manfiy bo‘lib shakllandi. Bunda, pandemiya bilan bog‘liq cheklovlar qisqa muddatli ishchilarning daromadlari kamayishiga olib kelgan bo‘lsa, xarajatlarning o‘sishi jalb qilingan qarzlarga hisoblangan foizlar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investorlar daromadlari hisobiga kuzatilmoqda. Ikkilamchi daromadlarning ijobiy sal'dosi 1,2 mlrd. dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20 foizga o‘sishi kuzatildi. O‘zbekistonning 2021 yilning I choragi uchun to‘lov balansi, xalqaro investision pozisiyasi va tashqi qarzi ko‘rsatkichlarining hisoboti foydalanuvchilarga 2021 yilning iyun' oyida taqdim qilinadi. Dastlabki ko‘rsatkichlar tezkor ma'lumotlar va ekspertlik baholashlar asosida tuzilganligi sababli ular yakuniy ma'lumotlar bilan farq qilishi mumkin.