Xarakter aksentuatsiyasi(Yunoncha chfrakter - xususiyat, belgi, lotincha accetus - urg’u) - xarakterning alohida xususiyatlarini haddan tashqari ifodalanishi (psixopatiyaga yaqin nomoyonlashuvi). Xarakter aksentuatsiyasini individual yondoshish, oilaviy psixoterapiya turini topishga yordam beradi. «aksentuatsiya»tushunchasi psixologiyaga k. Leongard tomonidan kiritilgan edi. Xarakter aksentuatsiyasi - xarakter alohida xossalarining boshqalarga ziyon keltirish hisobiga ortiqcha rivojlanishi, buning natijasida atrofdagilar bilan o‘zaro aloqalar yomonlashadi. Leongardning fikriga ko‘ra, shaxs aksentuatsiyasi, avvalambor, boshqa odamlar bilan muloqotda namoyon bo‘ladi. Shuning uchun, muloqot uslublarini baholashda aksentuatsiyaning ma’lum tiplarini ajratish mumkin. K. Leongard quyidagi tiplarni keltiradi: Gipertim tip o‘ta muloqotchanligi, sergapligi, imo-ishoralar, mimika va pantomimikaning kuchli ifodalanganligi bilan xarakterlanadi. Bunday odamda suhbatning boshlang‘ich mavzusidan chetlashishi kuzatiladi. Xizmat va oiladagi vazifalariga etarlicha jiddiy e’tibor bermasligi vajidan atrofdagilar bilan tasodifiy nizolar sodir bo‘lib turadi. Bu tipdagi odamlar ko‘p hollarda nizolar tashabbuskori bo‘lib chiqadilar, lekin atrofdagilardan bu haqda tanbeh eshitsalar, hafa bo‘ladilar. Ushbu tip odamlarining ijobiy sifatlaridan chaqqonlik, faoliyatga chanqoqlik, ruhiy ko‘tarinkilik, tashabbuskorlik kabilarni keltirish mumkin. Shu bilan birga, ular ba’zi bir yoqimsiz qirralar: engil tabiatlilik, ahloqsiz harakatlarga moyillik, o‘ta ta’sirchanlik, xomxayollik, o‘z vazifalariga etarlicha jiddiy yondoshmaslik kabilarga ega. Ular qat’iy intizom, zerikarli faoliyat majburiy yolg‘izlik sharoitlariga qiyin moslashadilar.