1 GURUH KATIONLAR ARALASHMASINI ANALIZ QILISH
REJA
Birinchi analitik guruh kationlarining umumiy tavsifi.
Ikkinchi analitik guruh kationlari umumiy tavsifi
Uchinchi analitik guruh kationlari umumiy tavsifi
To'rtinchi analitik guruh kationlariga umumiy tavsif
Beshinchi analitik guruh kationlari umumiy tavsifi
Anionlarni xossalari
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati:
Analitik kimyo fani va uning metodlari. Analitik kimyo- har xil moddalar va ular aralashmasining sifat va miqdoriy tarkibini o‘rgatuvchi fandir. Bu fan sifat va miqdoriy analiz usullariga bo‘linadi. Sifat analizi- analiz qilinayotgan modda yoki moddalar aralashmasi qanday kimyoviy elementlardan (atomlar, ionlar yoki ionlar guruhidan) tashkil topganligini aniqlash usullarini o‘rgatadi. Miqdoriy analiz- aniqlanayotgan moddada kimyoviy elementlarning qancha miqdorda borligini aniqlash usullarini o‘rgatadi. Murakkab moddalar, avvalo, sifat analiz qilinib, so‘ngra tekshirilayotgan elementlarning massa foizlari, ya'ni miqdorlari
aniqlanadi. Analitik kimyoni usullari moddalarning turli xususiyatlariga asoslanadi. Masalan, moddalarning cho‘kmaga tushishi, rangi, gaz holatda bo‘lishi kabi xossalarga asoslanib analitik usullar yaratilgan. Bu usullarni uch guruhga kimyoviy, fizikaviy va fizik-kimyoviy usullarga ajratish mumkin. Kimyoviy usullar kimyoviy reaksiyalarga asoslanadi. Analiz jarayonida ishlatiladigan, reaksiyalar analitik reaksiyalar ularni vujudga keltiruvchi moddalar esa, reagentlar deyiladi. Fizikaviy usullarda kimyoviy reaksiyalardan foydalanilmaydi, faqatgina moddalarning fizikaviy xususiyatlari tekshiriladi. Analizning fizik- kimyoviy usullari kimyoviy reaksiyalar vaqtida sodir bo‘ladigan fizikaviy o‘zgarishlarni tekshirishga asoslangan. Shuni alohida ta'kidlash lozimki fizikaviy va fizik-kimyoviy usullar xilma-xil murakkab tuzilishga ega bo‘lgan asboblarni qo‘llashni talab etadi. Ana shu sababli kimyoviy analiz metodlari qulay va ularning qishloq xo‘jaligida qo‘llanilish sohasi ham kengdir.