Binolarning elektr toki xavfsizligi bo’yicha tasnifi
Elektr tokidan jarohatlanish ishlab chiqarish binolari va ish joylarining muhitiga bog’liq
bo’lib, namligining yuqori bo’lishi tana qarshiligini kamaytiradi. Ishlab chiqarish muhitiga qarab
elektr xavfsizligi xavfi kam bo’lgan, xavfi yuqori bo’lgan va o’ta xavfli xonalarga bo’linadi.
Xavfi yuqori xonalarda pollar tok o’tkazuvchan (metall, tuproqli, betonli), xonalarning namligi (havoning nisbiy namligi 75% dan yuqori) yoki tok o’tkazuvchan changlarning mavjudligi,
havo haroratining +30°S dan yuqoriligi, yer bilan ulangan bino va uskunalarning metallkonstruktsiyalari hamda elektr jihozlarining metall korpuslariga ishchining bir vaqtda tegib
qolish ehtimoli borligi bilan xarakterlanadi.
Elektr xavfi o’ta yuqori xonalar deb bu havoning nisbiy namligi 100% ga yaqin, muhitning kimyoviy aktivligining (kislota bug’lari, ishqorlar) yuqori bo’lishi, shuningdek, ikki shartlarni bir
vaqtda mavjudligi bilan tavsiflanadi. Shu kategoriyaga ochiq maydonlarda, xonadan tashqarida ishlatilayotgan elektr qurilmalarni kiritish mumkin. Qishloq xo’jaligidagi ko’pchilik xonalar yuqori
xavfli xonalarga kiradi (poli yer xonalar) yoki o’ta xavfli (molxonalar, cho’chqaxonalar, issiqxonalar va boshqalar).
Elektr toki ta’siridan himoyalash tadbirlari
Ishlovchilarni elektr xavfsizligini ta’minlash maqsadida elektr qurilmalarining tok yurmaydigan qismlarini yerga ulab qo’yish himoyalovchi yerga ulash deyiladi. Elektr tarmoq simlarining mashina qismlariga tasodifan tegib ketganda yoki uzilib uning ustiga tushganda,
himoyalovchi (izolyatsiya) qismi ishdan chiqib cho’lg’am simlari yalang’ochlanib korpusga tegib
qolganda, shuningdek, mashinaning tok yurmaydigan qismlari kuchlanish ostida qolganda kishilarni
elektr toki ta’siridan himoyalash uchun himoyalovchi yerga ulash usulidan foydalanidilar. Kuchlanishi 1000 V gacha bo’lgan tarmoqlarda yerga ulagichning qarshiligi 4 Om dan oshmasligi
lozim. Yerga ulash simlari yerga ulagichlarga va yerga ulanadigan konstruktsiyalarga payvandlab,
mashinalar, apparatlar korpusiga esa payvandlab yoki boltlar yordamida mustahkam qilib ulanadi
(7.3-rasm).
Elektr qurilmalar bilan xavfsiz ishlashni ta’minlashda texnik va tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish katta rol o’ynaydi. Elektr qurilmalariga xizmat ko’rsatishning xavfsiz bo’lishini ta’minlaydigan tadbirlar quyidagilar:
• himoya to’siqlari o’rnatish va tok o’tkazuvchi qismlarigacha belgilangan tegishli masofaga rioya qilish;
• elektr jihozlarining korpusini himoyalovchi materiallardan tayyorlash;
• himoya asboblaridan foydalanish;
• xato operatsiyalarning oldini olish maqsadida, ishga tushirish apparatlariga blokirovkalash himoya vositalaridan foydalanish;
• kommutatsion apparatlar xato yoki o’z-o’zidan ulanib qolganda, ularni tarmoqdan uzib qo’yish yoki ularga kuchlanish berilishiga to’sqinlik qiladigan choralar ko’rish;
• tarmoqlarda odamlar ishlayotganda «Ulanmasin - odamlar ishlayapti», «Ulanmasin - tarmoqda ishlanyapti»; «Ochilmasin - odamlar ishlayapti» belgilarini osib qo’yish va to’siqlar o’rnatish;
• ko’chma yerga ulagichlarni ulash;
• yerga ulanishi zarur bo’lgan tok o’tkazuvchi qismda, kuchlanish yo’qligini tekshirish;
• yerga ulagichlar o’rnatish yoki ko’chma yerga ulagichlar o’rnatish;
• ish o’rnini himoyalash va u yerga «To’xta, yuqori kuchlanish!», «Kirma, o’ldiradi!», «Shu yerda ishlang!», «Shu yerdan kiring!» ogohlantiruvchi belgilarni osib qo’yish.