4-modda. Elektron raqamli imzodan foydalanish sohasini davlat tomonidan tartibga solish Elektron raqamli imzodan foydalanish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va u maxsus vakolat bergan organ amalga oshiradi.
5-modda. Maxsus vakolatli organ Maxsus vakolatli organ:
elektron raqamli imzodan foydalanish standartlari, normalari va qoidalarini ishlab chiqadi;
elektron raqamli imzolar kalitlarini ro‘yxatga olish markazlarini (bundan buyon matnda ro‘yxatga olish markazi deb yuritiladi) davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi;
ro‘yxatga olish markazlari vakolatli shaxslariga tegishli elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarining yagona davlat reyestrini yuritadi hamda yuridik va jismoniy shaxslarning undan erkin foydalana olishini ta’minlaydi;
ro‘yxatga olish markazlarining vakolatli shaxslariga elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarini beradi;
yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatiga binoan ro‘yxatga olish markazlari vakolatli shaxslarining elektron raqamli imzosi haqiqiyligini tasdiqlaydi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(5-moddaning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) 6-modda. Ro‘yxatga olish markazi Ro‘yxatga olish markazi maxsus vakolatli organda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va ushbu Qonunda nazarda tutilgan vazifalarni bajarayotgan yuridik shaxsdir.
Ro‘yxatga olish markazi:
elektron raqamli imzolarning yopiq va ochiq kalitlarini yaratadi;
elektron raqamli imzo yopiq kaliti muhofaza qilinishini ta’minlaydi;
elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarining reyestrini yuritadi, uning o‘z vaqtida yangilanishini hamda undan yuridik va jismoniy shaxslarning erkin foydalana olish imkoniyatini ta’minlaydi;
yuridik va jismoniy shaxslarga elektron raqamli imzolar kalitlarining sertifikatlarini elektron hujjatlar shaklida va qog‘oz hujjatlar shaklida beradi;
elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarining amal qilishini to‘xtatib turadi va qayta tiklaydi, shuningdek ularni bekor qiladi;
yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatiga binoan elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarining ko‘chirma nusxalari berilishini, shuningdek elektron raqamli imzolar kalitlarining to‘xtatib turilgan va bekor qilingan sertifikatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlardan erkin foydalanilishini ta’minlaydi;
yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatiga binoan elektron hujjatlardagi elektron raqamli imzoning haqiqiyligini tasdiqlaydi;
elektron raqamli imzoli qog‘ozdagi elektron hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini tasdiqlaydi;
elektron raqamli imzo kalitining sertifikatidan bundan buyon foydalanish imkoniyatiga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan hollar haqida elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasini xabardor qiladi;
elektron raqamli imzo yopiq kalitining egalarini elektron raqamli imzodan foydalanish qoidalariga o‘qitish imkoniyatini ta’minlaydi.
Ro‘yxatga olish markazi bilan yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi munosabatlar shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Ro‘yxatga olish markazining yuridik va jismoniy shaxslar uchun yaratilgan elektron raqamli imzolarning yopiq kalitlarini saqlashi hamda elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini berish maqsadiga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni so‘rab olishi taqiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi ro‘yxatga olish markazi tomonidan berilgan elektron raqamli imzo kaliti sertifikatiga ega bo‘lgan shaxslar davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda tijorat banklari tomonidan ko‘rsatiladigan barcha turdagi xizmatlardan erkin foydalana oladi.
(6-modda O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustdagi O‘RQ-391-sonli Qonuniga asosan beshinchi qism bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2015-y., 33-son, 439-modda) Ro‘yxatga olish markazlari faoliyatining tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.