Mavzu: "Qushlar bizning do‘stimiz" Suhbatning maqsadi: Maktabgacha yoshdagi bolalarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining “Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar? Mazmunidagi 50-modda, “ Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi, hamda boshqa tabiiy zahiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir” mazmunidagi 55-moddalari asosida suhbat o‘tkazish. Suhbat orqali bolalarda tabiatni asrash va avaylash hissini uyg‘otish. Bolalarda tabiatni asrash va avaylash hissini uyg‘otish. Bolalarga qushlar insonlar uchun foydali ekanini uqtirish, qushlarga g‘amxo‘rlik qilish, ularni asrash hissini tarbiyalash.
Kutilayotgan natija:Bolalarda tabiatni asrash va avaylash hissini uyg‘onadi. Bolalarda tabiatni asrash va avaylash hissini uyg‘otish. Bolalarda qushlarga g‘amxo‘rlik qilish, ularni asrash hissi tarbiyalanadi.
Kerakli jihozlar: Bahorda uchib keladigan qushlarning surati. Qushlarning inlarining suratlari.
Suhbatning borishi: Tarbiyachi — bolalar bahor kelishi bilan uchib kelgan qushlarni kuzatyapmiz-a! Qanday kushlarni kuzatdik? Kecha esa hammamiz maydoncha chetida o‘sgan daraxt shoxida yashayotgan poloponlarning chug‘ur-chug‘urini eshitib turdik. Hozir qushlarning jo‘ja ochish mavsumi boshlangan. Bunday paytda ularni asrash, g‘amxo‘rlik qilish va ko‘riqlashni unutmaslik kerak. Bunday paytda ular yordamga muhtoj bo‘ladilar. Biz qushlarga qanday yordam berishimiz mumkin? Bolalar o‘z fikrini bildiradi:
- qushlarga in qurib berishimiz;
- don va suv berishimiz;
- odobsiz bolalar qushlarga tosh yoki birorta narsa otishsa, himoya qilishimiz, ularni odobga chaqirishimiz kerak.
Men hozir sizga bog‘ qorovulining qushlarga qanday yordam bergani haqida hikoya o‘qib beraman. Diqqat bilan eshiting.
O‘.Umarbekovning "Mehr" hikoyasi Har kuni saharda, hali quyosh chiqmasdan sayr qilish odatim bor. Ko‘chaga chiqaman, anhor labida aylanaman, keyin boqqa o‘taman. Bir kuni bog‘da aylanib yurgan edim, katta sadaning tagida bog‘ qorovulini ko‘rib qoldim. U supurgisiga iyagini tirab, homush turardi. Yaqinroq bordim. Allanarsa jon holatda chirqillardi. Cholning qulog‘i shunda. Ovoz goh tinadi, goh kishini seskantirib chirqillaydi. Ancha quloq solib turdim. Chol ham joyidan qimirlamasdi.
Ko‘zlari o‘ychan. Bir mahal supurgisini tashladi-yu, sadaning orqasidagi ekinning ichini cho‘kkalab olib tita boshladi. Qancha vaqt titkiladi, bilmadim, o‘rnidan turganda, qo‘lida hali shundoq jish qush bolasi bor edi. Jonivor kichkina tumshuqchasini katta-katta ochib chirqillardi. Chol allanarsalar deb qushchani erkalagan bo‘ldi, tili bilan avaylab og‘zini ochib ho‘lladi. Keyin sadaga qaradi. Men ham qaradim. Sadaning odam bo‘yi keladigan butog‘ida qandaydir qushning ini bor edi. Chol shunga tikilib qoldi. Qushcha hamon chirqillardi. Chol bir oz o‘ylanib turgach, qo‘lini cho‘zib uni iniga qo‘ydi, qushchaning ovozi tindi. Chol jilmaydida, supurgini yelkasiga tashlab, bog‘ning ichkarasiga kirib ketdi. Men uning orqasidan qarab qoldim.
Tarbiyachi: Hikoya mazmuniga tushundingizmi?
Bog‘ qorovuli daraxt tagida nima qilib turgan edi?
Nima chirqillardi?
Chol nima qildi?
Chol nima topib oldi?
Qushchani qaerga qo‘ydi?
Tarbiyachi bolalar javoblarini umumlashtiradi: ko‘rdingizmi bolalar, bog‘ qoravuli qush bolasining hayotini saqlab qoldi. Siz nima deb o‘ylaysiz, bog‘ qorovuli to‘g‘ri ish qildimi? Bundan buyon biz ham qushlarga yordam beramiz, ularga ozor bermaymiz. Ayniqsa ular bolalaganda ularning inini buzmaymiz, inlariga tosh otmaymiz. Qushlar bizning do‘stimiz. Ularni asrab avaylash, ularga g‘amxo‘rlik qilish bizning vazifamiz. Kelinglar, hozir "Mushuk va chumchuqlar" o‘yinini o‘ynaymiz. O‘yinda bolalar rag‘batlantiriladi.