TABIAT VA TEXNOGEN SIVILIZATSIYA ESTETIKASI. Tabiat - estetik tarbiyaning zaruriy vositasidir. SHuni maxsus ta’kidlash kerakki, zamonaviy inson tarbiyasini estetik jihatdan kamol toptirishda oila qanchalik ustuvor omil bo‘lib hisoblansa, bu jarayonda tabiat ham undan kam ahamiyat kasb etmaydi. Chunki tabiat bilan ongli tarzda murosa qilmaslik shaxsni nafosatli jihatdan mukammal bo‘lib etishishiga monelik ko‘rsatadi. Shuning uchun inson va tabiat o‘rtasidagi munosabat inqiroz va halokat yoqasiga kelib qolgan hozirgi vaqtda bu muammoni chetlab o‘tish maqsadga muvofiq bo‘lmaydi.
XALQCHILLIK tamoyili ham san’atning mavjudlik shartlaridan biri. San’at asari xalq uchun yaratiladi. Lekin xalq degani, bu – aholi emas, aholining fikrlaydigan, milliy qadriyatlarga befarq qaramaydigan, tinglay olish, tomosha qila bilish va o’qish qobiliyatiga ega qismi. Asardagi xalqchillik ana shu ko’pchilikning shodligu qayg’usini, dardlarini, intilishlarini, muammolarini qay darajada tushunarli tarzda ifodalay olishi bilan belgilanadi. Xaqiqiy san’at asari «qoralar» (omma) uchun ham, «saralar» (elita) uchun ham yaratilmaydi, tabaqaviylik, mahalliychilik, millatchilik singari salbiy yo’nalmalardan yiroq bo’ladi, boshqacha qilib aytganda, podsholar haqidagi asarni – fuqarolar, fuqarolar haqidagi asarni - podsholar tushunganida, unday asarni xalqchil deyish mumkin. M., Navoiyning «Farhod va Shirin», «Sab’ai sayyor» dostonlari podsholaru malikalar haqida, lekin xalqqa tushunarli. Chunki ular xalqning vakillari sifatida badiiy qiyofaga ega qahramonlardir. Xalqchillikda muhimi – san’atkor tomonidan xalq ruhini anglay bilish va uni in’ikos ettira olish, millatni millat qilgan qadriyatlar mohiyatini badiiy qiyofalar orqali aks ettirish. Xalqchillik tamoyilining yana bir muhim jihati shuki, san’at asari u – tarixiymi, zamonaviymi, – xalqning orzu-ideallarini ifodalashi, ya’ni kechani yoki bugunni emas, ertani kuylashi lozim, xalqdan ortda qolmasligi, u bilan yonma-yon ham turmasligi, balki undan va zamondan bir qadam oldin yurishi kerak.