Patogenez asosida qo’zg’atuvchining ekzotoksini ta’siri yotadi, u kamida uchta komponentdan yoki omildan iborat:
Birinchi (I), edematoz (yallig’lanish) omili;
Ikkinchi (II), protektiv (himoya) omili;
Uchinchi (III), letal (o’lim) omili. I omilning II omilga qo’shilishi immunogen xususiyatlarni oshiradi, III omil ularni kamaytiradi.
I va II omillarning aralashmasi kapillyarlarning o’tkazuvchanligi oshishi hisobiga yallig’lanish reaktsiyasi va shishning ortishiga olib keladi. II va III omillarning aralashmasi letal omil ta’sirini kuchaytiradi va dengiz cho’chqalari, kalamushlar va sichqonlarning o’limiga olib keladi. Kuydirgi toksinining uchta omillari (I, II, III) aralashmasi yallig’lantiruvchi (edematoz) va letal ta’sir ko’rsatadi.
Kuydirgili sepsisning morfologik mohiyati o’tkir seroz-gemorragik, gemorragik, kamroq hollarda — fibrinoz-gemorragik yallig’lanishdir. Sepsisda yallig’lanish o’choqlarida leykotsitar reaktsiysa zaif bo’ladi yoki umuman bo’lmaydi. Immunogenez a’zolarida (taloq, limfa tugunlari, ayrisimon bez) limfoid to’qimalarning makrofaglar bilan almashtirilishi bilan organizmning immun himoyasining bostirilishi va qo’zg’atuvchining makrofagial tugallanmagan fagotsitozi ko’rinishidagi primitiv himoya reaktsiyasi mavjud bo’ladi.
KLINIK TASVIR Inkubatsion davr muddati bir necha soatdan bir necha kungacha bo’lishi mumkin, ko’pincha 2-3 kun oralig’ida o’zgarib turadi. Kasallik lokalizatsiyalangan (teri) yoki generalizatsiyalangan (o’pka va ichak) shaklda kechishi mumkin.
KUYDIRGINING TERI SHAKLI Bu kuydirgi kasalligi holatlarining 98-99 foizida kuzatiladi. Uning eng keng tarqalgan shakli karbunkulyar shaklidir, kamroq tarqalganlari kasallikning edematoz, bullyoz va erizipeloid shakllari. Ko’pincha tananing ochiq qismlari shikastlanadi; karbunkullar bosh, bo’yin, burun va og’izning shilliq qavatida joylashganida kasallik ayniqsa og’ir kechadi.
Kuydirgi infektsiyasining generalizatsiyasi klinikasi shaklidan (teri yoki vistseral) qat’iy nazar, kasallikning boshlang’ich davrining terminal bosqichida namoyon bo’lishlarning turfaligi bir xil: u konsentratsiyasi 1mm3 qonda yuz ming va hatto millionlab bakterial hujayrasi bo’lgan kuydirgi bakteriyalarining periferik qonga chiqishi bilan kechadi.
Bunday konsentratsiya esa kuydirgili sepsis deb qaralishi mumkin va o’zi bilan infektsion-toksik shok klinikasini taqdim qiladi. Bu qonning koagulyatsion (ivish) va antikoagulyatsion tizimining jiddiy buzilishlari, atsidoz, o’tkir buyrak yetishmovchiligi, tana haroratining me’yordan pasayib ketishi, o’ta kuchli intoksikatsiya demakdir.
Odatda karbunkul bitta bo’ladi, biroq ba’zan ularning soni 10-20 yoki undan ko’p bo’lishi mumkin. Infektsiyaning kirish darvozasi joyida ketma-ketlikda dog’, papula, vezikula, yara rivojlanadi. Og’riqsiz ko’k-qizg’ish rangli va 1-3 mm diametrli, hasharot chaqishi izini eslatadigan dog’, bir necha soat ichida mis-qizg’ish rangli papulaga aylanadi. Qichish va achish hissi kuchayadi.
12-24 soatdan so’ng papula diametri 2-3 mm bo’lgan suyuqlik bilan to’lgan pufakchaga aylanadi, suyuqlik bir muddatdan keyin qorayadi va qonsimon bo’ladi. Qashilaganda (ba’zan esa o’z-o’zidan) pufakcha yoriladi va uning o’rnida to’q jigarrang tagli, chetlari ko’tarilgan va seroz-gemorragik ajralmali yara hosil bo’ladi. Bir sutkadan keyin yara diametri 8-15 mm ga yetadi.
Nekroz natijasida, yaraning markaziy qismida 1-2 hafta o’tgach zich, og’rimaydigan qattiq chaqa hosil bo’ladi va uning atrofi qizil rangli sezilarli yallig’llanishli bolish qayd qilinadi. Tashqi tomondan, qattiq chaqa olovdagi ko’mirni eslatadi, aynan shu ko’rinish kasallikning nomlanishiga sabab bo’lgan (Antrax — ko’mir). Ushbu shikastlanish karbunkul nomini olgan.