4. BSF ning giperkinetik turi birmuncha kam uchraydi. Uning rivojlanishi ekstrapiramidal yadrolar zararlanishi bilan bog‘liq. Giperkinzelar, ko‘pincha, xoreoatetoz va torsion distoniyalar, kam hollarda atetoz va ballizm ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Bu simptomlar, odatda, bola bir yoshga to‘lgandan so‘ng ko‘zga tashlanadi va ma’lum muddat kuchaya boradi. Ba’zi bolalarda giperkinetik sindrom yengil ifodalangan bo‘ladi va ular o‘zini-o‘zi eplashi mumkin. Og‘ir holatlarda esa giperkinezlar sababli distonik holatlar shakllanadi: bo‘yin, qo‘l va oyoqlar hamda gavda shakli o‘zgaradi, ya’ni ular bir tomonga buralib qiyshayadi.
Giperkinezlar sababli ixtiyoriy harakatlar imkonsiz bo‘lib qoladi: bola qo‘li bilan narsalarni ushlay olmaydi, ushlasa ham ular qo‘lidan uchib ketadi, to‘g‘ri ovqatlanmaydi, o‘tira olmaydi va yiqilib tushaveradi. Bunday bolalar 6-8 yoshga borib o‘zini-o‘zi eplay olishi va to‘g‘ri o‘tira olishi mumkin. Maxsus reabilitatsiya muolajalari, albatta, bu jarayonni tezlashtiradi. Giperkinezlar va muskullar distoniyasi sababli oyoq-qo‘llardagi bo‘g‘imlar funksiyasi buziladi, ularda chiqishlar kuzatiladi (ayniqsa, katta amplitudali giperkinezlarda). Deyarli har doim ekstrapiramidal tipdagi dizartriya aniqlanadi. Oliy ruhiy funksiyalar, shu jumladan, aqliy faoliyat saqlanib qoladi. Ba’zida yengil kognitiv buzilishlar kuzatilishi mumkin.
5. Ataktik (miyacha) turi koordinatsiya va muvozanatning turli darajadagi buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. Bu bolalarda miyacha atrofiyasi aniqlanadi. Asosiy nevrologik simptomlar – bular miyacha simptomlaridir. Hali bir yoshgato‘lmagan bolada dastlab to‘la gipotoniya, ya’ni» shalpaygan bola sindromi» aniqlanadi. Keyinchalik miyacha simptomlari yaqqol ko‘zga tashlana boshlaydi. Unda nistagm, skandirlashgan nutq, intension tremor, dismetriya, asinergiya, statik va dinamik ataksiya kabi simptomlar yuzaga keladi. Bola, ayniqsa, lokomotor sinamalarni bajarishda juda qiynaladi. Ma’lumki, miyacha tik turish va to‘g‘ri qadam tashlab yurishning shakllanishida muhim ahamiyatga ega. Shu bois bu bolalarda turib yurish qobiliyati 3 yoshga qarab (ba’zida undan ham kech) shakllanadi.
Skandirlashgan nutqning dizartriya bilan birgalikda namoyon bo‘lishi oliy ruhiy funksiyalarning rivojlanishiga jiddiy ziyon yetkazadi. Bola ruhiy rivojlanishdan orqada qola boshlaydi. BSF ning miyacha turi juda kam uchraydi.