2.Kladistika va uning asosiy tushunchalari. T.I.: Hayvonlarning xilma-xiligi, kladistika, sinapomorfiy, autamorfiy, opa-uka taksonlar, monofiletik va polifiletik taksonlar.
Biologiyaning muhim yutuqlaridan biri – tirik organizmlarning tabiiy sistemasining yaratilishidir, ya’ni turli shakllarning qarindoshlik darajasini aniqlanishi va ularni ketma-ket keladigan tartibli qatorlar ko’rinishidagi guruhlarga joylashtirishdir. Bunda aniqlanadigan evolyusion yoki qarindoshlik aloqalari sxemasi filogeniya yoki evolyusion daraxt deb nomlanadi. Filogenetik aloqalarni aniqlash va bu munosabatlarni aks ettiradigan grafik chizmasini yaratish filogenetik sistematika yoki kladistika deb ataladigan fanning predmeti hisoblanadi. Kladistikaning asosiy maqsadi- turlar o’rtasidagi qarindoshlik aloqalarini to’la aniqlash va olingan natijalarni filogenetik daraxt yoki kladogramma ko’rinishida tasvirlashdan iborat. Amalda, ikkita ma’lum sistematik guruhlar yoki taksonlar o’rtasidagi qarindoshlik aloqalari faqat shu taksonlarga xos bo’lgan belgilarni aniqlash orqali amalga oshiriladi. Bunday belgi, ya’ni faqat shu ikki aniq guruhga xos bo’lgan belgi yoki xususiyat sinapomorfiy (umumiy irsiy belgi) deb ataladi. Bitta yoki bir nechta sinapomorfiylarga ega taksonlar esa opa-uka taksonlar deyiladi. Sinapamorfiylar faqat opa-uka taksonlarga tegishli va boshqa taksonlarda uchramaganligi uchun, bu xususiyat ularga umumiy ajdoddan o’tganligini ko’rsatadi. Shunday qilib, sinapomorfiy, shu taksonlarning ajdodida evolyusion yangilik sifatida paydo bo’lgan. Ajdodlardagi bunday evolyusion yangi xususiyat autamorfiy (xususiy, o’ziga xos belgi) deb ataladi. Bitta umumiy ajdoddan kelib chiqqan va uning yagona avlodlari hisoblangan opa-uka taksonlar monofiletik taksonlar deb ataladi. Kladistikaning pirovard maqsadi faqat monofiletik taksonlardan tuzilgan to’liq filogenetik daraxtni tuzishdir. Yuqorida aytilgan kladistik usulni bo’g’imoqlilar misolida ko’rib chiqamiz (1-rasm). Ikki xil takson sifatida qisqisbaqasimonlar va traxeyalilarni (hasharotlar va ko’poyoqlilar) olamiz. Bu ikki takson vakillari umumiy belgi- mandibulaga (boshning bitta sigmentidagi oyoqchalardan hosil bo’lgan jag’lar) ega. Mandibula boshqa hayvonlarda uchramaydi va qisqisbaqasimonlar va traxeyalilar uchun sinapomorfiy hisoblanadi. Sinapomorfiyning mavjudligi shuni ko’rsatadiki, opa-uka taksonlar (Cruatacea va Tracheata) bitta monofiletik taksonni hosil qiladi va bu monofiletik taksonda mandibulalar evolyusion yangilik sifatida paydo bo’lgan. Monofiletik takson aniqlangandan so’ng unga nom beriladi. Bizning holatimizda bu nom –Mandibulata. Polifiletik taksonlar turli ajdodlardan kelib chiqqan avlodlarni birlashtiradi. Bunday xatolik shu paytda vujudga keladiki, taksonlarning o’xshashligi kogvergent evolyusiyaning natijasi bo’lsa. Turli taksonlarning genetik umumiyligiga asoslangan o’xshashliklar gomologiya deb nomlanadi, konvergensiya tufayli tashqi qiyofaning o’xshashligi esa analogiya yoki gomoplaziya deb nomlanadi. Polifiletik taksonga misol qilib uchuvchi hayvonlarni olish mumkin. Qushlar, ko’rshapalaklar va hasharotlarning qanotlari gomoplaziyaga misoldir, ya’ni qarindosh bo’lmagan, analogik organlardir. Bu polifeletik taksonning a’zolarida qanotlar evolyusiya davomida mustaqil, har birida o’ziga xos yo’l bilan hosil bo’lgan. Monofiletik guruhlarda filogenetik munosabatlarni rekonstruksiyalashda faqat gomologik organlardan foydalanish zarur.