Insonning ko‘p o‘lchovliligi. SHu bilan bir qatorda insonni o‘rganishga nisbatan boshqa ko‘p sonli yondashuvlarni ham qayd etish mumkin bo‘lib, ularning orasida «introvertiv» va «ekstrovertiv» yondashuvlar ayniqsa ajralib turadi.
Introvertiv yondashuv insonning ong, jon, ruhiyat, instinktlar, nuqsonlar, fazilatlar kabi muhim xususiyatlarini tahlil etib, uni «ichdan» tushunish, anglab etishni nazarda tutadi. Bunda insonning jismoniy va ma’naviy mohiyati haqidagi falsafiy mulohazalar aksariyat hollarda tabiiy fanlarning empirik ma’lumotlariga, avvalambor biologiya va psixologiya yutuqlariga tayanadi, lekin ba’zan mistika, ezoterika, okkultizm bilan belgilanadi. Bunday yondashuvlar ayniqsa nemis antropologlari M.SHeler (1874-1928) va A.Gelen (1904-1976), avstriyalik faylasuf K.Lorens (1903-1989) ijodiga xosdir.
Ekstravertiv yondashuv insonga nazar tashlash, uning mohiyatini tahlil qilish go‘yoki «sirtdan» amalga oshiriladiki, buning natijasida diqqat markazidan uning ijtimoiy va tabiiy mohiyati o‘rin oladi; tegishli mo‘ljallarga muvofiq insonning Xudo, kosmos, universum va shu kabilar bilan aloqasi tahlil qilinadi. Bu erda falsafa ko‘pincha tarix, sotsiologiya, ekologiya, teologiya bilan ittifoq tuzadiki, bu hol diniy falsafa vakillari N.A.Berdyaev, S.N.Bulgakov, S.L.Frank, N.O.Losskiy kabi vakillariga ko‘proq xosdir.
SHunday qilib, insonni falsafiy tushunish uchun yagona asos mavjud emas, xuddi shuningdek bunday asos yaqin kelajakda paydo bo‘lishiga umid qilish uchun ham asoslar yo‘q. Hozircha faqat shuni qayd etish mumkinki, diqqat markazidan yuqorida sanab o‘tilganlardan qaysi biri, chunonchi: kosmos, tabiat, Xudo, jamiyat yoki bevosita inson o‘rin olganiga qarab, falsafa tarixida insonni tushunish bilan bog‘liq masalalarni hal qilishda asos bo‘ladigan turli falsafiy nuqtai nazarlar farqlanadi. Ularning orasida kosmotsentrizm, teotsentrizm, sotsiotsentrizm va antropotsentrizm ayniqsa keng tarqalgan bo‘lib, turli davrlarda ularning har biri har xil ko‘rinishda namoyon bo‘lgan, lekin inson muammolarini o‘rganuvchi falsafiy konsepsiyalarda doim u yoki bu tarzda mavjud bo‘lgan.