Bilim shakllari - Inson o‘zini qurshagan olamni anglab etadi, uni har xil usullar yordamida o‘zlashtiradi. Bu usullardan ikkita eng muhimini qayd etish mumkin. Birinchi – moddiy-texnikaviy usul – tirikchilik vositalarini ishlab chiqarish, mehnat, amaliyot. Ikkinchi – ma’naviy (ideal) usul; uning doirasida sub’ekt va ob’ektning bilishga doir munosabatlari ular o‘rtasidagi ko‘p sonli munosabatlarning biridir. O‘z navbatida, bilish jarayoni va unda olinadigan bilimlar amaliyot va bilishning tarixiy rivojlanishi mobaynida tabaqalanadi va o‘zining har xil shakllarida mujassamlashadi. Bilishning bu shakllari, garchi o‘zaro bog‘liq bo‘lsa-da, lekin bir-biriga o‘xshamaydi va har bir biri o‘ziga xos xususiyatlarga ega.
.
Badiiy bilim borliqni tushunib etish refleksiyaning o‘ziga xos shakli bo‘lib, u san’at borlig‘ining barcha bosqichlarida – asar g‘oyasidan boshlab uning odamlar tomonidan qabul qilinishigacha – o‘ziga xos tarzda ro‘yobga chiqadi. Badiiy ijodni ijodkorning fikrlari va kechinmalarini anglab etish ob’ekti – butun dunyoga uzviy bog‘lagan holda san’at tilida moddiylashtirish deb ta’riflash mumkin. SHaklan badiiy faoliyat ob’ektga qarab mo‘ljal oladi, mazmunan esa, u shaxs o‘zligining ifodasi, inson ma’naviy hayotining intim tomoni, ijodkor ideallari va didining majmui hisoblanadi.
Meditatsiya – o‘z tafakkurini bir ob’ektga qaratish, inson e’tiborini chalg‘ituvchi barcha begona omillarni chetga chiqarish yo‘li bilan fikr yuritish, narsa, g‘oya, dunyoni idrok etishdir. Dinda meditatsiya shaxsiy ongning Absolyut bilan birikuvini anglatadi. Xristianlikda meditatsiya inson shaxsi va ilohiy shaxsning muayyan oqibati sifatida talqin qilinadi.
Haqiqat – bilish nazariyasining bosh kategoriyasi. U borliqning bilishdagi ideal ifodasi, chunki haqiqat ongdan, bilayotgan sub’ektdan tashqarida va undan qat’iy nazar mavjuddir. Haqiqat – bilimlarning ob’ektiv borliqqa muvofiq bo‘lgan mazmuni. U bilish jarayoni, bilish in’ikosining natijasidir. Haqiqat ilmiy nazariyada mujassamlashgan anglab etilgan tasdiqlovchi mulohazalar ko‘rinishida o‘z ifodasini topadi. Har qanday ilmiy nazariya rivojlantirilishi, ba’zan boshqa, yanada haqiqiyroq nazariya bilan almashtirilishi lozim. SHu ma’noda haqiqat – bilish rivojlanishining yakuni va ayni vaqtda omilidir.