O’zbekiston Respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi
Chirchiq Davlat Pedagogika Universiteti
“Matematika va Informatika” fakulteti
“Matematika va Informatika ” yo’nalishi
22/2(kechki)-guruh talabasi
Yo’ldosheva Mohimbonuning
Falsafa fanidan
MUSTAQIL ISHI Mavzu: Tabiat va texnogen sivilizatsiya estetikasi
Tekshirdi: Azamat Xudoynazarov
Mavzu: Tabiat va texnogen sivilizatsiya estetikasi Reja: 1. Jamiyat rivojida tabiatga estetik munosabatning shakllanishi. 2. Ekologik estetikaning qadriyatli maqomi 3. Texnogen sivilizatsiyaning ishlab chiqarish estetikasi va fan taraqqiyotiga ta’siri Jamiyat rivojida tabiatga estetik munosabatning shakllanishi. Ma’lumki, qadim-qadim davrlardan beri kishilar o‘zlarini qurshab turgan tabiat, unda sodir bo‘ladigan turli-tuman o‘zgarishlarni kuzatganlar. Borliqni asosiy shakllaridan bo‘lgan tabiiy borliq, uning o‘ziga xosligi, tabiatni tashkil qilgan narsa va hodisalar, barcha organik va noorganik moddalar olami, o‘simliklar va hayvonot dunyosi insoniyatni qiziqtirgan eng asosiy muammolardan bo‘lgan. Nafaqat tabiat balki tabiat go‘zalligi, uning estetik tarbiyaviy ahamiyati masalalari ham qadimdan mutafakkir va donishmandlarni qiziqtirib kelgan. Insoniyat ma’naviy yuksalishidagi eng buyuk nuqtalardan biri uni tabiat va odamzod hayotidagi o'zaro uyg‘unlik va mutanosiblikning mavjudligini idrok etish, tabiat va dunyoning tartibli yaratilishi haqidagi tushuncha bolgan.Go‘zallik haqidagi ilk tasavvurlar ham tabiat bilan bog‘liqdir. Tabiatdagi organizmlarning har biri o‘z holicha emas, balki boshqa organizmlar bilan bogliq holda yashaydi. Nabotot olami ham, hayvonot olami ham quyosh, suv, havo, tuproq ta’sirida yashaydi, rivojlanadi. O‘zbek xalqi tabiatga tarixan uzoq davrdan buyon mehr bilan qarashga, uni asrab-avaylashga o‘rganib kelgan. Bu milliy bayram, qadimiy an’ana, urf-odatlarda ham yaqqol ko‘rinadi. Xususan, O‘rta Osiyo xalqlarining har yili nishonlanadigan Navro‘z bayrami, asrlar davomida ona Yerga va tabiatga bo‘lgan mehr-muhabbat, unga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, uni ardoqlash tuyg‘ularini tarbiyalagan. Tabiatga estetik munosabat xususida Qadimgi Xitoy daochilik ta’limotida ham o‘ziga xos yondoshuv mavjuddir. Daosizm ta’limotida Inson mavjud olam kabi dao qonunlari asosida vujudga kelgan, u tabiatning bir qismi, uning vazifasi fazilat (de) yo'lidan borish. Har qanday sun’iy aralashuv, tabiatning muvofiqlik tartibini o‘zgartirishga intilish odamlar uchun halokatli, barcha yovuzliklarning, son-sanoqsiz baxtsizliklarning manbayi tabiat joriy etgan qonunlardan chekinishdir. Shu sababli, Laoszi nazdida faoliyat - daoga qarshi qaratilgan va xalqqa zarar keltiradi, uning asosiy axloqiy tamoyili «uvey»- faoliyatsizlik, donishmand kishining «dao»si - bu kurashsiz faoliyat. Lekin bu kurashsiz faoliyat aslida tabiatga qarshi bo‘lmagan faol xatti-harakat, faqat daoga xos, tabiat qonunlariga mos faoliyatdir. Tabiat go‘zalligini asl holda saqlash va uni ko‘rish, his qilish daochilikda muhim ahamiyat kasb etgan. Go‘zallik haqidagi tasavvurlarning tabiat bilan bog‘liqligi yunon falsafasida ham namoyon bo‘ladi. Qadimgi yunonlar olamning tartibli ekanligini, uyg‘unlik va go‘zallik bilan bog‘liq idrok etishgan. Tabiatdagi go‘zallik bu qarama-qarshilikning kelishuvi, bu osoyishtalikdir. Tabiatning dialektik taraqqiyoti, undagi go‘zallikning o‘ziga xosligi tahlil etilgan. Qur’oni Karim va Hadisi shariflarda Islom qonun va qoidalari, shariat ahkomlari bilan bir qatorda atrof-muhitni toza saqlash, tabiat boyliklaridan to‘g‘ri foydalanish, ularni isrof qilmaslik, insonning yashash tarzi, shaxsiy gigiyenasi, zurriyotni tozaligiga, о’simlik-hayvonot dunyosini asrashga, umuman ekologiya va tabiatni muhofaza qilishga katta ahamiyat berilgan. Tabiatdagi eng oddiy narsa va hodisalar mazmuni va shakli uyg‘unligi bilan go‘zaldir. Go‘zallik bu voqelik (tabiat, jamiyat, san’at) hodisasi bo‘lib, aniq hissiy ta’sir o‘tkazish orqali insonda jismoniy va ma’naviy kuchlar oqimining ko‘payishiga, shodlik, zavqlanish, tola ma’naviy qoniqish holati vujudga kelishiga imon yaratadi. Go‘zallik doimo foydalidir, lekin bu foydalilik jamiyat taraqqiyoti uchun xizmat qilishga moljallangan bo‘ladi. Tabiatdagi go‘zallik ijtimoiy hayot go‘zalligidan, foydali amaliy faoliyatidagi go‘zallik badiiy ijoddagi go‘zallikdan farq qiladi. Lekin go‘zallik qanchalik o‘zining rango-rangligi bilan ajralib tur- masin, ularning barchasi qandaydir umumiy tub belgilarga ega bo'lib, mana shu umumiy tub belgilar tufayli ularning barchasini maxsus ilmiy-falsafiy istiloh-go‘zallik tushunchasi orqali talqin etish imkoniyati mavjud. Insonda tabiatga qanday munosabatda bo‘lish tuyg‘usi birdaniga paydo bo‘lmagan, albatta, u sekin-asta, inson zoti va tabiati rivojlanib borgani sari shakllanib borgan. Inson atrofidagi tabiatni o‘zlashtira boshlashi bilan tabiat boshqacha ijtimoiy orzu mezonlari bilan baholanadi, olchanadi, inson uchun tabiatning go‘zallik va xunuk tomonlari ayon bo'la boshlaydi. Biz yashab turgan asrda insoniyat ulkan vayron qilish qudratiga ega bo'lgan ishlab chiqarish kuchlariga ham ega bo‘lib qoldi. Shu narsa aniq-ravshan bo‘lib bormoqdaki, tabiatga faqat moddiy manfaatdorlik nuqtayi nazaridan munosabatda bo‘lish salbiy oqibatlarga ham olib keladi. Insoniyat hozir tabiatni, atrof-muhitni himoya qilib, undan oqilona tarzda foydalanib, ayni vaqtda, tabiiy hamohanglik sirlari ichiga yanada chuqur kirib borib, o‘ziga uning yangidan-yangi mo‘jizalarini ochmoqda, undan ta’lim saboqlari olmoqda. Tabiatning estetik jihatlari. Darhaqiqat estetik go‘zalliklarning xilma-xil ko‘rinishilari orasida tabiat go‘zalligi inson uchun hammadan ko‘ra yaqinroq va tushunarliroqdir. Tabiat bilan yaqin bo‘lishga ichki bir intilish, undagi go‘zallik, nafosat olamiga oshno bo‘lish barcha uchun xosdir. Tabiat butun tabiiy xilma-xilligi bilan bizni o‘rab turgan dunyo demakdir. Jonli va jonsiz tabiat o‘zining murakkab qonunlari asosida yashaydi va rivojlanadi.Tabiat estetikasi insonga tabiiy go‘zallik va uyg‘unlikni ko‘rish va qadrlashni o‘rgatadi. Tabiatdagi har bir hodisaning go‘zal va takrorlanmasligini sezish mumkin. Inson tabiatdagi go‘zallikni avvalo ko‘rish orqali idrok etadi, uni tabiatdagi ranglar va shakllarning uyg‘unligi, tabiiyligi zavqlantiradi. Masalan, bahorda olamning gulga burkanishi, yozda o‘rmonlarning yashillika burkanishi, kuzda esa olovdek tovlanishi, barglarning qizg‘ish rangi, qishda oppoq qorga burkangan qiradirlar barchaga estetik zavq beradi. Tabiat go‘zalligini his etish va idrok etish uchun uning uch jihatini tushunish lozim. Bu tabiiy organizmning o‘ziga xos tuzilishi, uzaro mutanosibligi, doimiy harakatda, rivojlanishda bo‘lgan jonli organizmning o‘ziga xos xususiyatini, tabiiy obyektlarga xos bo‘lgan dekorativ go‘zallik, masalan, kapalak qanotlari, yoki tovus patlaridagi ajib bir uyg‘unlik va go‘zallikni ajrata bilish lozim. Bu ayniqsa san’at orqali yetkazib beriladi.Tabiat estetikasi tabiatni sevishni, uning go‘zalligiga beg‘araz munosabatda bolishni o‘rgatadi, ya’ni tabiatni faqat odamlar uchun yaratilgan deb emas, uni jamiyatdan tashqaridagi umumolamiy mustaqil qadriyat sifatida idrok etishni taqozo qiladi. Mustaqillik yillarida shahar va qishloqlarimizning qiyofasi butunlay o'zgardi, yangidan-yangi inshootlar qad ko‘tardi. Barpo etilayotgan yangi ko‘chalar, yo‘llar, maydonlar, insonda yuksak mas’uliyat, go‘zalliklarni asrash va vatanparvarlik ruhiyatini uyg'otishi bilan birga dizaynning insonparvarlik mohiyatini namoyon qiladi. Ekologik estetikaning qadriyatli maqomi. Globallashuv jarayonida yangi estetik qadriyatlar qaror topib bormoqda. Bu insonning tabiatga va jamiyatga bo‘lgan munosabatida aks etadi. Nemis faylasufi Immanuil Kant tabiatni axloqiylik bilan bog‘laydi: «Kimniki bevosita tabiat go‘zalligi qiziqtirsa, bu uning fikrlash tarzida, yo‘q deganda, axloqiylikka, ezgulikka qobiliyat mavjudligidan dalolat beradi», - deydi u. Ammo Hegelning, tabiatda ideal yo‘q, shu sababli u ikkinchi darajali go‘zallik turi, degan fikri estetikada hukmronlik qilib keldi, ayniqsa, bu fikr tabiatni «bo‘ysundirishni» targ‘ib qilgan marksizm ta’limotida keng e’tirof etildi. Natijada uzoq yillar mobaynida tabiat estetikasiga e’tibor qaratilmadi. Biz me’moriy obidalarni asrash, tiklash haqida qayg‘urdik, ularni estetik qadriyatlar deb e’lon qildik, lekin landshaft estetikasini chetga chiqarib qo'ydik.Hozirgi kunda shu narsa aniq boldiki, tabiatni eng ulug‘ va mangu estetik qadriyat deb bilmaslik borib tuigan estetik savodsizlikdir. Aniqrog'i, bugun tabiatsiz estetikani tasavvur qilish mumkin emas. XXI asrda olamni bilish, voqelikni estetik o‘zlashtirish bilan bir qatorda uni qadriyat sifatida e’zozlashga alohida e’tibor berilmoqda. Endilikda odamlarning yaratuvchanlik faoliyati yuksalishi barobarida estetik qadriyatlarga nisbatan munosabati tubdan o‘zgarmoqda. Bu o‘z navbatida inson mohiyatan eng oliy qadriyat ekanligi, inson manfaatlarining ustuvorligini ta’minlash barcha islohot va evrilishlarning bosh maqsadiga aylanganligi bilan belgilanadi. Insoniyatni o‘rab turgan borliq, tabiiy va ijtimoiy atrof-muhit, tirik va notirik tabiatning eng muhim tomonlarini ifodalaydigan qadriyatlar umumbashariy xususiyatga egadir. Bunday qadriyatlar jamiyat uchun hech qachon o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydigan, abadiy, mutlaq va muqaddas qadriyatlardir. Ekoestetikaning XXI asr taraqqiyotidagi o‘rni. Insoniyat hozir o‘z tarixining mas’uliyatli davrida yashamoqda. Biz «tabiat-jamiyat-inson» munosabatlari uyg‘unligining yangi rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ydik. Bu tarixiy davr o‘z real imkoniyatlari, obyektiv taraqqiyot qonuniyatlari bilan jamiyat oldiga turli muammolarni qo‘ymoqda. Bulardan eng muhimi tabiatni asrashdir. Tabiat alohida bir xalq va millatniki emas. Tabiat muqaddas bir dargoh, inson ko‘z ochib ko‘rgan dunyo, ona zamin, insoniyatning umumiy uyi. Shunday ekan uni avaylab-asrash, atrof-muhitning ifloslanishiga yo‘l qo'ymaslik, umumdavlat, umuminsoniyat ishidir. Ekologik muammoni hal etish barcha xalqlarning manfaatlariga mos bo‘lib, sivilizatsiyaning hozirgi kuni va kelajagi ana shu muammoning hal qilinishiga bog‘liqdir. Bu esa odamlarning, xalqlar va millatlarning ma’naviyatini yuksaltirish, tabiatga estetik munosabatini shakllantirishni taqozo etadi. Negaki voqelikka estetik munosabatda bo‘lish tabiatga bo‘lgan muhabbatdan boshlanadi. Tabiat uning o‘zini gavdalantiruvchi barcha san’at turlari uchun bitmas-tuganmas shakllar manbayi bo‘lib kelgan va shunday boiib qoladi. Inson bilimining ortishi, tabiat hodisalarining mohiyatini aniqlash, qonuniyatlarini o‘rgana borish, texnikaning taraqqiyoti inson qudratini oshirishi natijasida tabiat ustidan hukmronlik o‘rnatishga intilishi boshlandi. Va bu salbiy oqibatlarga olib keldi. XXI asrga kelib tabiat va inson o‘rtasida yangicha muloqot vujudga kelmoqda. Inson tabiatning hukmroni emas, uning bir bo‘lagi ekanligi tabiatga nisbatan qilingan har qanday yomonlik oqibatda insonga qilingan yomonlik ekanligini anglab yetdi. Hozirgi zamonning eng katta muammolaridan biri ekologiya ekanligi, uni hal etish barcha xalqlarning manfaatlariga mos bo‘lib, sivilizatsiyaning hozirgi kuni va kelajagi ko‘p jihatdan ana shu muammoning hal qilinishiga bogliqligi hammamizga ayon haqiqat. Xalqimiz yaqin o‘tmishda boshidan o‘tkazgan totalitar, ma’muriy-buyruqbozlik tizimi sharoitida atrof-muhitga bepisand munosabatda boMinib, tabiat boyliklaridan ochko‘zlarcha foydalanishga zo‘r berilgan edi. Q‘sha davr bizga o‘simlik va hayvonot dunyosi genofondiga salbiy ta’sirni, biologik xilmaxillikning qisqarishi, katta hajmdagi sanoat va boshqa chiqindilarning ko‘payishi, cho‘llanish, yer va suv resurslari degradatsiyasi, Orol dengizi halokati kabi mintaqaviy va global miqyosda yechilishi zarur bo‘lgan muammolarni meros qilib qoldirdi. Bu muammo- lar inson hamda uning manfaatlari himoyasi, birinchi navbatda, soglom va musaffo atrofmuhitga ega bo‘lish huquqini ta’minlash jarayoni amalga oshirilayotgan islohotlarning o'zagini tashkil etgan O‘zbekiston uchun atrof tabiiy muhitni asrab-avaylashni va uni sog'lomlashtirishni yanada dolzarb qilib qo‘ydi. Texnogen sivilizatsiyaning ishlab chiqarish estetikasi va fan taraqqiyotiga ta’siri. XX asrda ilmiy-texnikaviy taraqqiyot natijasida biosfera ichida noosfera ya’ni texnikaviy muhitning paydo bolishi inson hayoti va faoliyatining asosi bo‘lgan mehnatga katta ta’sir ko‘rsata boshladi. Bugun uyali aloqa, kompyuterlarsiz hayotni tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu esa texnika hayotimizga tobora chuqur kirib borayotganini ko'rsatadi. Albatta, biosferadagi barcha o‘zgarishlarning sababchisi inson — uning tafakkuri ekanligi barchaga ayon. XXI asr yuqori texnologiyalar, axborotlar asri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu esa kishilarning ongi, faoliyati mana shu tezkorlikka moslashishi lozimligini taqozo etadi. Texnika rivojining ko‘p yillik tarixi bizning texnik bilimlarimiz, ixtirochilik, konstruktorlik qobiliyatimiz fan, inson ehtiyojlari, yashash muhiti rivojiga muvofiq doimiy mukammallashib borishini ko‘rsatmoqda. Hozirgi zamon sivilizatsiyasi sanoat va texnika taraqqiyoti bilan bog'liqdir. U industrial sivilizatsiya yoki texnogen jamiyati deb atalmoqda. Inson va jamiyat «texnosfera»da joylashgan bo‘lib, texnika bir joyda to‘xtab turmaydi. Texnika innovatsiyasi inson hayotini to‘xtovsiz o‘zgartirib turuvchi katalizator - harakatga keltiruvchi sifatida inson ongidan joy olai. Mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish ijtimoiy hayotga, iqtisod, siyosat va mafkuraga kirib keldi. «Inson va mashina» munosabatlari tobora yangicha mazmun kasb etib bormoqda. Har qanday rivojlangan texnika ham ijtimoiy masalalarni insonsiz hal eta olmaydi. Bugungi shiddat bilan rivojlanib borayotgan texnika asrida taraqqiyot taqdirini ma’naviy jihatdan yetuk odamlar hal qiladi. Texnikaviy bilim, murtkkab texnologiyani egallash qobiliyati ma’naviy barkamollik va mustaqil tafakkur bilan birga borishi kerak. Texnik taraqqiyotni, uning jamiyatdagi o‘rni va rolini to‘xtatish, inkor etish mumkin emas. Shunday ekan, texnogen sivilizatsiyada inson texnogen madaniyat-fan amaliyoti, texnikaning yangidan-yangi shakllari, ularni ishlata bilish uquvi va mahoratiga ega bo‘lishi taqozo etiladi. Maishiy turmush estetikasi. Turmush bu ijtimoiy hayot sohasiga oid tushuncha bo‘lib, u inson, millat va xalqning yashash tarzi, urf-odatlar, rasm-rusum majmuyi, obyektiv reallik, moddiy, oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy, sog‘liqni saqlash, shuningdek, ma’naviy qadriyatlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishdan iborat. U azaldan madaniy qadriyatlarni vujudga keltiradigan va asraydigan muhim makon bo‘lib kelgan. Turmush madaniyati inson hayoti va ijtimoiy muhitda iqtisodiy, ijtimoiy, estetik mezonlarni ko‘rsatish bilan birga estetik madaniyatni ham shakllantiruvchi hodisadir.Turmush madaniyatining o‘ziga xosligi mehnat, oila, Vatan, kattalarga hurmat, o‘zini tutish me’yorlari kabi tabiiy, sodda ammo, asosiy qadriyatlarni singdirishida namoyon boladi. Turmushga singgan qadriyatlar nisbatan mutlaq bo‘ladi, juda kam o‘zgaradi. Ushbu fazilatlar, qadriyatlarni har bir shaxs o‘zi bilan oilasiga olib o‘tadi va uning abadiyligini ta’minlaydi. Turmush estetikasi dizayn, ekoestetika, atrofmuhit estetikasi, estetik tarbiya bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, moddiy va badiiy madaniyatni integratsiyalashning eng ta’sirchan vositalaridan biridir. Turmush estetikasi insonni voqelikka estetik munosabatini namoyon etadigan sohalardan bo‘lib, u bevosita tashqi ko‘rinishi, kiyinish va muomala madaniyati, narsa va buyumlarga, turar joylariga munosabatini aks ettiradi. O‘z o‘rnida insonni o‘rab turgan narsa va buyumlar olamining go‘zalligi inson hayotining uyg‘unligini ta’minlaydi va uni estetik tarbiyalaydi. Turar joyi, tashqi ko‘rinishi, kiyim ko‘rkamligi orqali inson yashayotgan, mansub bo‘lgan jamiyat haqida estetik tasavvur olish mumkin. Va aksincha turmushda tartibsizlik, palapartishlik estetik madaniyat pastligidan dalolat beradi. Turmush estetikasining insonni o‘rab turgan narsa va buyumlar, turar joylariga munosabatini o‘z ichiga oladi. Insonning dizaynerlik, ijodkorlik qobiliyatlari dastavval turmushda shakllanib boradi. Bunda ma’lum bir xalqning tarixi, mentaliteti, avvaldan shakllanib kelgan turmush tarzi muhim o‘rin tutadi. Kiyinishidan tortib, oilaviy an’analar, oilaviy makongacha bo‘lgan hodisalarda odamlarning narsalar dunyosiga, go‘zallik va ulug‘vorlik orqali qarashlari, estetik didga, ijtimoiy ideallarga o‘ziga xos munosabatlari namoyon bo‘ladi va bu pirovard natijada turmush madaniyatining yuksalishiga xizmat qiladi. Mustaqillik yillarida madaniy-hordiq infrastrukturasidagi islohotlar, bolalar uchun sport maktablari, madaniyat saroylari va barkamol avlod saroylari, fitnes klublar, tikish-bichish, kasb-hunar o‘rganish bilan bog‘liq to‘garaklar aholi turmush estetikasiga ijobiy ta’sir ko‘rsata boshladi. «Ma’lumki, aholining turmush sharoitini yaxshilash, hayotdan rozi bo‘lib yashashiga erishish bugungi zamonaviy davlatchilik taraqqiyotidagi muhim ko‘rsatkich hisoblanadi. Yaqinda ayni shu ko‘rsatkichlar bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko‘magida AQSHning Kolumbiya universiteti sotsiologlari tomondan ijtimoiy so‘rov va tadqiqotlar o‘tkazilib, shu asosda «Butunjahon baxt indeksi»ning («World Happiness index») yangi reytingi e’lon qilindi. Diqqatga sazovor jihati shundaki, ushbu ro‘yxatda O‘zbekiston 158 mamlakat orasida 44-pog‘onada, Mustaqil Hamdo‘stlikka a’zo mamlakatlar orasida birinchi o‘rinda qayd etildi». Turmushning ijtimoiy-estetik mohiyatini tahlil qilish uch narsaga e’tibor berishni taqozo qiladi. Bular - inson hayot kechiradigan rang-barang predmetlar olami; insonning boshqalar bilan muloqotda o‘zligini namoyon qilish holatlari; insoniy munosabatlarning odob-axloqda aks etish imkoniyat va xususiyatlari. Bulardan birinchisi bevosita dizayn bilan bog‘liq. Turmush estetikasining muhim jihati insonni o‘rab turgan narsa va buyumlar yaratish va unga bo‘lgan munosabatida aks etadi. Qadimgi odamlar turli narsalardan loy, yog‘och, tosh va tabiatning boshqa predmetlaridan o‘ziga xos mo‘jizalar yaratganligi ma’lum. Bu narsalar dizayn faoliyati jarayonida yaratila borib turmush madaniyatining muhim xususiyatini tashkil qiladi. Inson turmush estetikasining muhim tarkibiy qismlaridan biri insonning kiyinishi bilan bog‘liq bo‘lib bu modaga borib taqaladi. Ma’lumki, moda deganda tashqi madaniyat shakllarining vaqti-vaqti bilan qisman o‘zgarish va takrorlanib turishini tushunamiz. Bunday takrorlanishlar va o'zgarishlar iqtisodiy, ma’naviy, axloqiy, estetik omillar kabi ijtimoiy asosga ega bo'ladi. Modani asosiy ko‘pchilik e’tirof etadi, u o‘zini faqat kiyinishda emas, ishlab chiqarishda ham, siyosatda ham, san’atda ham, fanda ham, hatto mafkurada ham namoyon qila oladi. U ijtimoiy-estetik mezon sifatida baholash xususiyatiga ega va shu bilan odamlarga nima kerakligini belgilab beradigan hukmron didga aylanadi. Moda odamlarning yashash tarzidan (uslubidan) kelib chiqib, doimiy ravishda o‘zgarib boradigan hayot mazmuniga mos shaklni taklif etadi. Zotan u ommaviy estetik didning darajasi va o‘ziga xosliklarini zamon ko‘zgusida aks ettirish xususiyatiga ega. Shu jihatdan u, yuqorida aytib o‘tganimizdek, o‘zgaruvchanlik tabiatiga ega. Inson qaddi-qomatiga estetik ko‘rinish berishi bilan ham es tetik taassurot qoldira oladi. Inson chehrasi va tanasining tabiiy tuzilishiga oid ba’zi nuqsonlarni kosmetika, jismoniy tarbiya va tibbiyotning ayrim sohalari yordamida «tartib»ga keltirish mumkin. Biroq bu yerda me’yor asosiy mezon hamda ijtimoiy ong darajasi bilan bevosita bog‘langan bo‘lishi lozim. Bugungi kunda estetik jarrohlik insonga «kosmetik bezak» bermoqda, «chiroy» baxsh etmoqda, o‘ziga ishonchni orttirmoqda. Ammo, qalb go‘zalligi insoniy go‘zallikning asosi bo‘lishi lozim. Shu bois turmush estetikasi shaxs badiiyestetik madaniyatini shakllantirishda asosiy ijtimoiy manba va omil bo‘lib xizmat qiladi. Inson faoliyatining barcha shakl va mahsulotlariga estetik salohiyat xos bo‘lganligi bois turmush uning estetik gavdalanishini mazmundor qiladi va rang-baranglashtiradi. Bu o‘rinda dizayn- ning turmush estetikasiga ta’sirini alohida ta’kidlash joiz. Shu ma’noda insonni qurshagan predmet va narsalar muhiti uyg‘unlik, shinamlik va qulaylik xususiyatlari bilan insonda zavq, ko‘tarinki kayfiyat, xotirjamlik kabi hissiyotlarni uyg‘otishi; insonga o‘z hayotidan mamnunlik uyg‘otishi, ruhiy muammolar yechimini hal etishda yordam berishi mumkin. Binobarin, me’morlar, amaliy san’at namoyandalari, dizaynerlar, umuman ijodkorlar bu estetik qulayliklarni nafaqat moddiy balki insonning ma’naviy ehtiyojlarini qondirish maqsadida yaratadi. Turmush estetikasi inson faoliyati sohalari, narsalar olami, interyerning tarkibiy qismlari, uning shakllanish qonuniyatlari, ish joylar muhitini shakllantirish kabi masalalarni hal etishda zamonaviy ilm-fan bilan bog‘liq bo‘lib yangi texnik va texnologik ishlanmalar, dizaynga tayanadi. Narsa va buyumlarni qulay, shinam joylashtirish va ulardan to‘g‘ri foydalanish kundalik hayotimiz yuqori turmush madaniyatiga daxldor bo‘lib bormoqda va ijtimoiy hayot markazida turibdi. Mamlakatimizda yoshlarning mehnat va estetik tarbiyasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Ko‘cha, mahalla va turar joylarni bezashda maktab, litsey va kollej talabalari qatnashmoqda. Shu orqali yoshlarning voqelikka estetik munosabatini shakllantirishga katta e’tibor berilmoqda. Ayniqsa, «Barkamol avlod» bolalar markazlarida o‘lkashunoslik va ekologiya, dizaynerlik to‘garaklarining mavjudligi bolalarda dizaynerlik qobiliyatining shakllanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bolalarning dizaynga oid bilim va ijodiy tafakkuri boyib bormoqda, dizaynerlik kasbining dastlabki ko‘nikmalari hakllanmoqda. Allomalarning insonda hamma narsa go‘zal bo‘lishi kerak, degan ta’rifi shu o‘rinda o‘z ma’nosini ko‘rsatadi. Kiyim-kechak, libos, narsa va buyumlar nafaqat moddiy, shu bilan birga, badiiy-estetik ahamiyatga ham ega predmetlar majmuyi bo‘lib, insonning tashqi qiyofasi, didi, o‘ziga bahosi, ixtisosligi, ijtimoiy mavqeini ham gavdalantiradi, bugina emas, tashkiliy va ruhiy vaziyatni ham ifodalaydi. Va nihoyat, kiyim-kechak, libosning yarashiqli, narsa, predmetlarning ko‘rkamligi kishilarda muayyan estetik mamnunlik va xushnudlik uyg'otishini ta’kidlash lozim. Zamonaviy shaharsozlik estetikasi inson kamolotida muhim o‘rinni egallaydi. Har bir viloyat, shaharning o‘ziga xos shaharsozlik an’analari mavjud bo‘lib, ular davrlar mobaynida takomillashib, milliy va zamonaviy an’analarni uyg‘unlashtirib boradi. Mustaqillik yillarida shaharsozlik beqiyos o‘zgarishlarga, taraqqiyotga yuz tutdi. Shaharlarda nafaqat tarixiy obidalar qayta tiklandi, balki ziyoratgohlar obodonlashtirildi, qator zamonaviy kasb-hunar kollejlari, maktablar, zavodlar, fabrikalar, sport maydonlari, shifoxonalar, mehmonxonalar, istirohat bog‘lari, xiyobonlar, bozorlar, yo‘llar, ko‘priklar, savdo majmualari, favvoralar, gulzorlar barpo etildi. Ayniqsa keyingi yillarda bu sohada muhim o‘zgarishlar bo‘ldi. Turar-joylarni takomillashtirish, badiiy loyihasini muhandis, dizayner mutaxassislar yordamida qulay, chiroyli, shinam bolishiga erishish uchun maxsus loyihalar qabul qilinmoqda. Zamonaviy shaharsozlik dizaynini takomillashtirish uchun «Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tizimini tubdan qayta tashkil etish, shaharsozlikning eskirgan metodologiya va normativlari, kapital qurilishdagi nomutanosiblik va muammolarni bartaraf etish, Shuningdek, loyiha institutlarining samarasiz faoliyatini qayta ko‘rib chiqish» taqozo etiladi. Bugun O‘zbekistonning barcha shaharlarida katta hajmdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Viloyat markazlari Nukus, Andijon, Jizzax, Namangan, Samarqand, Buxoro, Guliston, Qarshi, Termiz kabi shaharlarni zamonaviy me’morlik talablari asosida tubdan qayta qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Ana shunday keng ko'lamli ishlar natijasida Samarqand shahri jahondagi inson o‘z umri davomida albatta borib ko‘rishi zarur bolgan 50 shaharning biriga aylandi. Buyuk Britaniyaning «Ekonomist» jurnalida e’lon qilinishicha Toshkent shahar obodligi va yashash uchun qulayligi jihatidan dunyo reytingida 140 ta shahar orasida 58 o‘rinni egalladi. Bu misollarning barchasi madaniy makonda dizaynning o‘rni va roli ortib borayotganini ko‘rsatadi. Nafaqat Toshkent, balki butun O‘zbekistonning go'zalligi dunyoga namoyon qilinmoqda. Bunda funksionallik va badiiylik, foydalilik va go‘zallik, tejamkorlik va ta’sirchanlik, qulaylik va shinamlik kabi dizayn paradigmalari madaniy makonni shakllantirishning asosiy omili boladi va dizaynning insonparvarlik maqsadini namoyon etadi. Bu milliylik va umuminsoniylik uyg‘unligi, urf-odat va an’analar, tarixiy tajribaga asoslangan holda sog‘lom turmush tarzi va qulay sharoit yaratib berish, bir so‘z bilan aytganda yurtimizdagi obodlik va farovonlik bilan belgilanadi. Dizaynning estetik xususiyatlari. Italyanchada loyiha, rasm ma’nolarini anglatuvchi disegno so‘zi o‘rta asrlarda inson tabiatida mavjud bolgan ijodkorlik xususiyatlarini ham ifodalagan. Ammo, «ingliz tilidagi design so‘zi birinchi marta 1919-yil ingliz rassomi Djozef Sinelo tomonidan sanoatda ishlab chiqarilgan narsalar namunasiga nisbatan qollanilgan. Bunda u aniqroq ifodalash uchun industrial so‘zini kiritib «industrial design» sanoatga, uning taraqqiy etgan mashina texnikasi va seriyali ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan yangi badiiy predmetli ijod sohasini anglatuvchi so‘z birikmasini qollaydi. Vaqt o‘tishi bilan bu termin xalqaro ahamiyatga ega bo‘lib bordi». Dizayn avval narsa va buyumlar olamini estetik va funksional sifatlarini shakllantirish maqsadiga qaratilgan loyihalash faoliyati bo‘lsa bugunga kelib inson faoliyatining barcha yo‘nalish va ko‘rinishlarini qamrab olib, nufuzli, keng tarqalgan ijodiy faoliyatga aylandi. Narsa va predmetlar, atrof-muhitni loyihalar ekan dizayner ayni paytda inson va uning hayot tarzini ham loyihalaydi. Dizaynning eng asosiy estetik xususiyatlaridan biri, mahsulot sifatini oshirishning ta’sirchan vositasi ekanligidadir. U ilmiy tafakkurning so‘nggi muvaffaqiyatlarini o‘zida gavdalantiradigan, eng yuksak texnikaning iqtisodiy, estetik va boshqa iste’molchilik talablariga javob beradigan, jahon bozorida raqobatbardosh bolishi kerak, bunda esa hal qiluvchi omil dizayndir. Dizayn bu ijodiy faoliyat bolib, uning maqsadi sanoat mahsulotlari shakli va sifatini beigilab berishdir. Bu xususiyatlar mahsulotning tashqi belgilarini qamrab oladi, shu bilan birgalikda mahsulotni xaridor-iste’molchi nuqtayi nazarida ham, tayyorlab yetkazib beruvchi nuqtayi nazaridan bir butunlikka olib keluvchi funksional va strukturaviy aloqadorligini ham o‘z ichiga oladi. Dizayn amaliy san’at sohalarini sanoat olamiga ham tatbiq etib, mahsulot shaklini faqat mantiqiy tuzilish, maqsadga muvofiq emas balki, hissiyotlarga ta’sir etishini ta’minlaydi. Dizayn bugun jamiyatning ilmiy-texnik va estetik darajasini ham ko‘rsatadi. Bu biz kundalik amaliyotimizda qo‘llaydigan mehnat qurollaridan tortib, uy jihozlari-yu, kommunikatsion vositalar televizor, kompyuterlarda ham namoyon bo‘ladi. Bugungi kunga kelib dizayn kirib bormagan sohaning o‘zi yo‘q. Shaharsozlikdan tortib, xonadonimiz interer (ichki ko‘rinishi) va ekstereri (tashqi ko‘rinishi), transportdan tortib, mehnat vositalarigacha, maishiy turmush buyumlar olamidan tortib, liboslar, daftar-kitobdan tortib, gazeta-jurnallargacha ularning ishtiroki zaruriyatga aylanib qolgan. Dizayn so‘zining o‘zi inglizcha chizish, loyihalash ma’nosini anglatadi. U inson moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirish uchun iste’mol buyumlari olamini uyg‘unlashtirishga qaratilgan ijodiy faoliyatdir. Mustaqillikdan so‘ng aholi turmush darajasining yuksalayotganligi, estetik madaniyatning takomillashib borayotganini kuzatish mumkin. Bunda dizayn katta rol o‘ynamoqda. Bugungi dizayn moddiy ishlab chiqarish muhitini estetik qayta qurish, uni xalqimiz manfaatlari va ehtiyojlariga mos keltirishga xizmat qilmoqda. Xalq amaliy san’ati va dizayn. Ma’lumki, mavjud barcha san’at asarlari o‘z o‘quvchisiga, tinglovchisiga yoki tomoshabiniga o‘tkazadigan badiiy, estetik, ruhiy ta’siri orqali bilim beradi, tarbiyalaydi. Shu o‘rinda amaliy san’at turlarining xususiyatlari o‘ziga xos bo‘lib, ularni boshqa hech narsa bilan solishtirib bo‘lmaydi. Ya’ni bunday san’at asarlari ayni chog‘da ham badiiy, ham amaliy vazifalarini bajara olishi ularning ahamiyatini belgilaydi. Shuning uchun xalq amaliy san’atiga e’tibor kuchayib bormoqda. Mustaqillikdan so‘ng kandakorlik, kashtado‘zlik, zardo‘zlik kabi amaliy san’at turlariga e’tibor ortdi. «Xalq amaliy san’ati va hunarmandchiligini kelgusidagi rivojini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon, «O’zbekiston xalq ustasi» unvonining ta’sis etilishi, sohaga oid xalqaro konferensiyalarning o‘tkazilishi bu jarayonda muhim ahamiyat kasb etadi. Vazirlar Mahkamasining 2010-2020-yillarda nomoddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish masalasini Davlat dasturi ham o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Amaliy-bezak san’ati va hunarmandchilik bozor iqtisodiga moslashib, uning tur va janrlari bozor iqtisodi bilan bog‘liq holda rivojlanmoqda. Shaxsiy ustaxona va korxonalar tashkil etilmoqda. Mustaqillik yillari yog‘och o‘ymakorligi, uning maishiy va monumental turlarining keng rivojlanish davri boldi. Mahobatli yog‘och o‘ymakorligi keng rivoj topdi. Barpo etilgan me’moriy majmualarda bu san’at o'zining salmoqli o‘rnini egalladi. O‘zbekistonda muntazam o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalarda ham xalq amaliy an’atining bir qancha turlari namoyish etilmoqda. Misgarlik, kashtado‘zlik, yog‘och kandakorligi buyumlarida qadim ustalarimiz an’analarining zamonaviy uslublar bilan uyg‘unlashtirilgani turmush estetikasining yuksalishida katta ahamiyat kasb etadi. Bu buyumlar xorijliklarning ham e’tiborini tortmoqda. Bugun milliy hunarmandchiligimiz nafaqat O‘zbekistonda balki jahonga ham mashhur bo‘lib bormoqda. Hindiston, Xitoy, Shuningdek, Yevropa mamlakatlarida xalq amaliy san’ati ko‘rgazmalari tashkil qilinayotgani fikrimiz dalillidir. Dizayner va ustalarimiz nafaqat respublikamizdagi zamonaviy inshootlarda, balki chet ellarda masjid va madrasalar, islom san’ati muzeylari interyerlarini bezashda muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqdalar. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz, Toshkent, Qo‘qon va boshqa shaharlardagi me’morchilik va xalq amaliy san’ati yodgorliklari o‘tmish ajdodlarimiz yaratgan barkamol, takrorlanmas va tarixan bebaho asarlarning namunalari bo‘lib, xalqimizning va shu bilan birga jahon madaniyatining durdonalaridan bo‘lgan badiiy va madaniy merosni tashkil etadi. Xalq amaliy san’ati kishilarning ma’naviy olamini boyitadi, badiiy-estetik didini shakllantiradi, ruhiyatini tarbiyalaydi. Shuning uchun ham o‘zbek xalqi amaliy san’ati kishilarning badiiy, axloqiy, umuminsoniy jihatdan tarbiyalab, ularning ilmiy dunyoqarashini shakllantirishda ham madaniy darajasini yuksaltirishda eng zarur manbalardan hisoblanadi. Bugungi zamonaviy inshootlar kabi turarjoylarda amaliy san’atning bir qancha turlarini ko‘rish mumkin. Turar-joylarning turli-tuman badiiy-texnologik usullarda namoyon etilgan badiiy bezak turlari, O‘zbekiston me’morchiligida ham muhim o‘rin tutadi. Interyerlarning badiiy bezatilishda asosiy ahamiyat devoriy naqqoshlikka qaratilgan bo‘lib, bu o‘zbek xonadonini bezatishda muhim jihatlardan hisoblanadi. Yog‘och o‘ymakorligi faqat intererning sirtida namoyon bo'lib qolmay turli shakl va kompozitsiyalarda ham aks etadi. Bu interyer uchun ishlangan stol, stullar, xontaxtaning nafaqat shaklining bejirimligi balki yog‘och fakturasining go‘zalligi va ularga berilgan ishlov hamda naqshlarning betakror va yengilligi kishiga zavq bag‘ishlaydi. Toshkent turar-joy me’morchiligida O‘rta Osiyo me’morchiligi amaliyotida qo‘llanilgan badiiy bezaklarning deyarli barcha turlari mavjud: suvalgan devor ganch naqqoshligi hamda o‘ymakorligi shular jumlasidandir. Interyerning badiiy bezalishida asosiy ahamiyat devoriy naqqoshlikka qaratilgan bo‘lib, bu o‘zbek xonadonini bezatishda muhim jihatlardan hisoblanadi. Ko‘pincha naqqoshlik ganch o‘ymakorligi bilan muvofiqlikda bajariladi. Ayniqsa, Toshkentda keng tarqalgan o‘simlik naqshlari - majnuntol, anor, xrizantema butalarining yoyilgan shoxlarini ko‘plab uchratish mumkin. Bu lavhalar faqatgina bezak emas o‘z falsafiy ma’nosiga egadir. Masalan, majnuntol - sevgi sog‘inchi, anor - serhosillik, lola - bahor, gulsafsar - osoyishtalik va uzoq umrni anglatgan. An’anaviy badiiy hunarmandchilik buyumlari patnislar, ko‘zachalar har biri o‘zining betakror xislatlariga ega bo‘lib, ularni xarid qilishgina emas, balki ulardan zavqlanish, ularning donoligini tushunish va ularning badiiy qimmatiga baho berish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yodgorliklar estetik kechinmalar manbayi hamdir. Hech bir o‘zbek xonadoni yo‘qki unda kulolchilik, badiiy kashtachilik, zargarlik buyumlari bilan bezatilmagan bo‘lsin. O‘rta asr Sharq miniatyuralari rangtasviridan olingan bezaklar interer dizayniga ham kirib kelishi milliy turmush estetikasining yuksalishida muhim ahamiyat kasb etib qolmay, yangi-yangi an’analarni vujudga keltirmoqda.