Faoliyat tushunchasining mazmuni. Falsafada faoliyat insonga xos bo‘lgan va tashqi dunyoni oqilona o‘zgartirishga qaratilgan faollikning alohida shakli sifatida tavsiflanadi. Ijtimoiy falsafada faoliyat ijtimoiy jarayonlarni amalga oshirish, insonning o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, o‘zini qurshagan dunyo bilan aloqaga kirishish usuli sifatida qaraladi200[200]. Faoliyat muayyan faoliyat turi bilan shug‘ullanish qobiliyati uning amaldagi moddiy ifodasiga o‘zaro o‘tishini nazarda tutadi. Bu faol inson tashqi dunyoni o‘zgartirishi va o‘zi ham o‘zgarishini anglatadi. Forobiy fikricha “inson faoliyatsiz turaolmaydi, ammo har qanday faoliyat va harakat insonni inson qilib ko‘rsata olmaydi. Chunki o‘z tabiatiga ko‘ra hayvonlar ham harakat qiladilar. Hayvon ovqatni ko‘radi va unga intiladi va bunda ongsiz harakatni amalga oshiradi. Odamni hayvondan ajratadigan narsa- alohida iroda bo‘lib, u ixtiyor deb nomlanadi”201[201]. Ixtiyor – komillikka intilish va unga erishish sari harakat demakdir. Inson maqsadni ham, unga erishish vositalari, yo‘lni ham bilib oladi. Natijada u o‘z maqsadiga yetish uchun ongli faoliyat olib boradi. Inson juda ko‘p narsani orzu qilib yashaydi, biroq ularning hammasiga ham ega bo‘lmaydi. Shu bois haqiqiy baxtga u dunyoda erishiladi, oxiratda mutloq baxtga erishishga qaratilgan har qanday harakat – fazilatdir deb hisoblaydi.
XX asrning atoqli mutafakkiri E.Kassirer insonning eng muhim xususiyati, uning o‘ziga xos belgisi metafizik yoki jismoniy tabiati emas, balki uning faoliyatidir, deb qayd etgan edi. Insoniyat sohasini aynan mehnat, faoliyat turlari tizimi belgilaydi. Kassirer til, mif, din, san'at, fan, tarixni inson faoliyati tizimining turli sektorlari sifatida qayd etadi. Insonni tushunish bu faoliyat turlaridan har birining teran qatlamlari haqida tasavvur hosil qilish va ayni vaqtda uni yaxlit bir butun organizm sifatida tushunish demakdir.
Faoliyatni sotsiologik jihatdan tavsiflash qilmish, xatti-harakat, xulq-atvor tushunchalari yordamida amalga oshiriladi. Bu tasodifiy bir hol emas.. Jamiyat odamlar birgalikda amalga oshiradigan faoliyat shakllaridan biri hisoblanadi, shu sababli inson faoliyati doim ijtimoiy xususiyat kasb etadi, garchi o‘z shaxsiy ehtiyojlari va egoistik tushuniladigan manfaatlar yo‘lida amalga oshirilsa-da, boshqalarga qaratilgan bo‘ladi. Qilmish – shaxs faolligi namoyon bo‘lishining bir shakli bo‘lib, uning ijtimoiy ahamiyatga molik natijalar uchun javobgarligini nazarda tutadi. Ayni holda mazkur natijalar shaxsning muayyan maqsadlari yoki mo‘ljallari bilan belgilangan yoki belgilanmagani ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Xatti-harakat – shaxsning ma'naviy o‘zlikni anglashi natijasi sanalgan ongli harakati (yoki harakatsizligi) bo‘lib, unda mazkur shaxsning o‘z-o‘ziga va boshqa odamlarga, tabiatga va umuman jamiyatga bo‘lgan munosabati aks etadi. Shaxsning axloqiy mo‘ljallari ro‘yobga chiqadigan qilmishlar tizimi uning xulq-atvorini tavsiflaydi. Xulq-atvor faoliyatning tashqi ko‘rsatkichi hisoblanadi, shu sababli uning ichki mexanizmlari xulq-atvorda bilvosita namoyon bo‘ladi va inson o‘z faoliyatida amal qiladigan motivlarni doim ham namoyon etavermaydi.