Madaniy-tarixiy tiplar g‘oyasi. XIX asrda madaniy-tarixiy tiplar nazariyasi vujudga kelgan bo‘lsada, aslida bu haqdagi dastlabki qarashlar Forobiy ijodiga mansub. Forobiy insonlar jamiyatini ikki madaniy- tarixiy tiplarga ajratadi: Birinchisi to‘liq jamiyat bo‘lib, u o‘zida a) yer yuzidagi jami insonlarni qamrab oluvchi yirik jamiyat, b) yerning muayyan qismida yashovchi bir millat yoki bir dinga mansub kishilarning o‘rta jamiyati v) muayyan qavm yoki dinga mansub bir shahar jamiyatini qamrab oladi. Ikkinchisi bir qishloq, ovul, yoki bir oiladan iborat bo‘lgan to‘liqsiz jamiyat.168[168] Forobiy fikricha “Eng yaxshi fazilat va oliy darajadagi komillikni kichik birligi shahar hisoblanadigan madaniy jamiyat ichidagina qo‘lga kiritish mumkin. To‘liqsiz jamiyatlar insonni takomillashtirishga qobil emaslar”.169[169] Forobiyning bu fikrlari Platon va Aristotelning jamiyatga oid qarashlaridan farq qiladi, chunki u jamiyatdagi o‘zgarishlarni inobatga olgan. Jamiyatni to‘liq va to‘liqsizga ajratar ekan, Forobiy shahar to‘liq jamiyatning birinchi bosqichidir deb e'tirof etadi. Platon va Aristotel esa to‘liq jamiyatni shahar bilan chegaralaganlar va shahar insoniyat jamiyati takomilining oxirgi darajasi, jamoaviy baxt saodatning bosh markazi deb ta'kidlaganlar. Forobiy esa, butun dunyodagi jamiyat haqida fikr yuritib, uning xukmdori qandaydir alohida olingan xalq, qavm yoki jamoa boshlig‘i emas, balki butun madaniy dunyodir deb ta'kidlaydi va bu fikri bilan yunon faylasuflaridan ilgarilab ketadi.
Madaniy-tarixiy tiplar tushunchasi sotsiologiyaga N.Ya.Danilevskiy tomonidan kiritilgan bo‘lib, u tarixni «o‘ziga xos sivilizatsiyalar»ning o‘zaro munosabatlari sifatida tasavvur qilgan. Bu sivilizatsiyalarning rivojlanishi etnik guruhlarning til jihatidan birligi va sivilizatsiyani tashkil etadigan xalqlarning siyosiy mustaqilligi; (ular bir tipning asoslarini boshqa tipga o‘tkazmaydilar, lekin boshqa o‘tmishdagi va hozirgi sivilizatsiyalar ta'sirini his qiladilar); barcha sivilizatsiyalarning etnik jihatdan rang-barangligi va rivojlanish jarayonining birligi (ular o‘sish, qisqa muddat ravnaq topish va tanazzul bosqichlarini boshdan kechiradi) kabi qonunlar bilan belgilanadi. N.Danilevskiyning g‘oyalari keyinchalik Shpengler va Toynbi konsepsiyalarida rivojlantirildi, lekin ularning ilmiy asoslarini P.A.Sorokin taklif qildi.