Tushuntirish va tushunishning o‘zaro nisbati. Tushunish va tushuntirish bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Ammo tushunish tushuntirishni, ya'ni o‘rganilayotgan hodisani qonunga va sababga bog‘lashni nazarda tutmasligini unutmaslik kerak. Bundan tashqari, tushunishni tushuntirishga qarama-qarshi qo‘yish, shuningdek inson bilish faoliyatining har qanday sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi va bir-birini to‘ldiruvchi bu ikki tadqiqotlarni bir-biridan ajratish mumkin emas.
Ularni farqlab, M.M.Baxtin shunday deb yozgan edi: «Tushuntirishda faqat bir ong, bir sub'ekt, tushunishda esa – ikki ong, ikki sub'ekt qatnashadi. Ob'ektga nisbatan dialogik munosabat bo‘lishi mumkin emas, shuning uchun ham tushuntirish dialogik jihatlarga ega emas (formal-ritorik jihatdan tashqari). Tushunish har doim ma'lum darajada dialogik xususiyatga ega»166[166].
Tushuntirish va tushunish (talqin qilish)ning o‘zaro nisbati to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, Vrigt mazkur tushunchalarni farqlagan ma'qul deb ko‘rsatadi. Bu farqni u quyidagilarda ko‘radi: «Bu nima?» degan savolga javob berish talqin qilishning natijasidir. Aytaylik, namoyish nima uchun sodir bo‘ldi yoki inqilobga nima «turtki» berdi?, degan savollarga javob berar ekanmiz, biz sodir bo‘layotgan hodisalarni nisbatan tor ma'noda tushuntirishga harakat qilamiz.
Bundan tashqari, bu ikki omil o‘zaro bog‘liq va ma'lum tarzda bir-biriga tayanadi... Bir darajadagi tushuntirish ko‘pincha dalillarni yanada yuqori darajada talqin qilishga zamin hozirlaydi»167[167].
Ammo ijtimoiy bilishda, avvalambor, uning predmeti xususiyati bilan belgilanuvchi tushunish metodikalari, tabiatshunoslikda esa – tushuntirish metodikalari ustun qo‘yiladi.
Xulosalar. Tushuntirish – insonning hamkorlik faoliyatida bilish jarayonlari ob'ektiga kirgan narsa va hodisalarning mohiyatini fikr uzatish, o‘zaro ta'sir o‘tkazish, ta'sirlanish, muloqot, taqlid yordami bilan oydinlashtirish, xotiradagi bilimlar va ijtimoiy tajribalar bilan ularni uyg‘unlashtirgan holda tushunish sari yetaklovchi aqliy faoliyat. Tushuntirish hamkorlik faoliyatida (fikrni izohlovchi – fikrni qabul qiluvchi ishtirokida) individual, trialogik, polilogik shakllarida amalga oshiriladi. O‘zining muddati, ko‘lami, uzatish vositalari, verbal va noverbal nutq turlari ustuvorligi bilan bir-biridan farq qiladi.