Falsafa fanidan tayanch ma’ruzalar matni



Yüklə 1,82 Mb.
səhifə307/360
tarix06.06.2023
ölçüsü1,82 Mb.
#125724
1   ...   303   304   305   306   307   308   309   310   ...   360
Falsafa fanidan tayanch ma’ruzalar matni

Qadriyatlarning turlari. Shaxs va jamiyat ehtiyojlari va manfaatlarining rang-barangligi qadriyatlarning murakkab tizimida o‘z aksini topadi. Bu qadriyatlar turli asoslarga ko‘ra tasniflanadi.
Mazmun jihatidan jamiyatning kichik tizimlari haqidagi tasavvurlarga mos keluvchi qadriyatlar, chunonchi: moddiy (iqtisodiy), siyosiy, ijtimoiy va ma'naviy qadriyatlar farqlanadi. Kichik tizimlarning har biri o‘z tasnifini nazarda tutuvchi tarkibiy qismlarga bo‘linadi. Masalan, moddiy qadriyatlar ishlab chiqarish-iste'molga doir (utilitar) qadriyatlarni, mulkiy, maishiy munosabatlar bilan bog‘liq qadriyatlarni o‘z ichiga oladi. Ma'naviy qadriyatlar axloqiy, ma'rifiy, estetik, diniy g‘oyalar, tasavvurlar va bilimlarni o‘z ichiga oladi.
Qadriyatlar muayyan tarixiy xususiyat kasb etadi. Ular jamiyat rivojlanishining u yoki bu bosqichiga mos keladi yoki turli demografik guruhlar (yoshlar, keksa avlod vakillari)ning, shuningdek kasbiy, sinfiy, diniy, siyosiy va boshqa birlashmalarning qadriyatlarini aks ettiradi. Jamiyat ijtimoiy tuzilishining bir jinsli emasligi qadriyatlarning va qadriyatlarga munosabatning bir jinsli emasligini va hatto ziddiyatliligini vujudga keltiradi. Shu ma'noda qadriyatlar ijtimoiy munosabatlar mavjudligining moddiy shaklidir.
Mavjudlik shakliga ko‘ra moddiy va ideal (ma'naviy) qadriyatlar farqlanadi. Ijtimoiy hayotning asosiy sohalariga muvofiq odatda qadriyatlarning uch guruhi farqlanadi: moddiy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qadriyatlar va ma'naviy qadriyatlar.
Moddiy qadriyatlar – bu qadriyat ahamiyatiga molik bo‘lgan tabiiy ob'ektlar va predmetlar, ya'ni mehnat vositalari va bevosita iste'mol buyumlaridir. Tabiiy qadriyatlar qatoriga tabiiy boyliklarda mujassamlashgan tabiiy ne'matlar kiradi. Moddiy qadriyatlar jumlasiga inson mehnati natijasida yaratilgan moddiy dunyo predmetlari, shuningdek o‘tmish madaniy merosi predmetlari kiradi. Moddiy qadriyatlar – bu tabiiy ne'matlar, mehnat mahsullarining iste'mol qiymati, ijtimoiy hodisalarda mujassamlashgan ijtimoiy ne'matlar, tarixiy voqyealar, madaniy meros, axloqiy ezgulik, go‘zalik mezonlarigani qanoatlantiruvchi estetik hodisalar, diniy ibodat predmetlari yoki o‘zining muayyan ramziy ifodasini topgan diniy g‘oyalar va sh.k. Moddiy qadriyatlar ongda emas, balki odamlar hayot faoliyatida amal qiluvchi muayyan narsalar, hodisalar dunyosida mavjud bo‘ladi. Moddiy qadriyatlarning asosiy sohasi – shaxs va jamiyatning barkamollik haqidagi tasavvurlarini gavdalantiruvchi inson maqsadga muvofiq faoliyatining mahsullari. Bunda o‘zining moddiy ifodasini topgan qadriyat sifatida faoliyat natijasi ham, faoliyatning o‘zi ham amal qilishi mumkin.
Ijtimoiy-siyosiy qadriyatlar – bu ijtimoiy va siyosiy hodisalar, voqyealar, siyosiy aktlar va harakatlarning qadriyat sifatidagi ahamiyatidir. Ijtimoiy-siyosiy qadriyatlar qatoriga, odatda, siyosiy va ijtimoiy harakatlarda mujassamlashgan ijtimoiy imtiyozlar, shuningdek jamiyatning ravnaq topishi, xalqlar o‘rtasida tinchlik va hamkorlikning mustahkamlanishiga ko‘maklashuvchi tarixiy voqyealarning progressiv ahamiyati kiradi.
Ma'naviy qadriyatlar – bu ijtimoiy ong hodisalarining tegishli shakllarda namoyon bo‘lgan me'yoriy-nisbiy tomoni. Fan, axloq, san'at, falsafa, huquq qadriyatlarini ma'naviy qadriyatlar deb hisoblash odat tusini olgan.
Ma'naviy qadriyatlar qatoriga baxt-saodat, yaxshilik va yomonlik, go‘zallik va xunuklik, adolat va adolatsizlik, huquqiylik va nohuquqiylik, tarixning mazmuni va insonning vazifasi va hokazolar haqidagi me'yoriy tasavvurlar ko‘rinishida ifodalangan ijtimoiy ideallar, mo‘ljallar va baholar, me'yorlar va taqiqlar, harakat prinsiplari kiradi. Moddiy qadriyatlar inson ehtiyojlari va manfaatlari ob'ektlari sifatida amal qilsa, ma'naviy qadriyatlar ikki xil funksiyani bajaradi: ular qadriyatlarning mustaqil sohasi va moddiy qadriyatlarni baholash asosi, mezonidir.
Qadriyatlar borlig‘ining ideal shakli yo barkamollik, joizlik va zaruriyat haqidagi aniq tasavvurlar ko‘rinishida, yo botiniy mayllar, xohish-istaklar, intilishlar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Barkamollik haqidagi tasavvurlar yo muayyan andoza, ideal ko‘rinishida (masalan, estetik faoliyatda) namoyon bo‘lishi, yo til vositalari bilan ifodalanishi mumkin.
Ma'naviy qadriyatlar mazmun jihatidan, funksiyalariga ko‘ra va ularni ro‘yobga chiqarishga qo‘yiladigan talablarga ko‘ra rang-barangdir. Faoliyat maqsadlari va usullarini qat'iy belgilovchi qoidalarning butun bir turkumi mavjud. Bular standartlar, qoidalar, qonunlar, andozalar. Madaniyat algoritmi sifatida xizmat qiluvchi me'yorlar, didlar, ideallar qadriyatlarni ro‘yobga chiqarishda ko‘proq erkinlik beradi. Me'yor – faoliyatning yagona va barqaror shartlar bilan belgilanuvchi optimalligi va maqsadga muvofiqligi haqidagi tasavvur. Me'yorlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi: xatti-harakatlarning yagona ko‘rinishi (invarianti)ni; xulq-atvorning boshqa ko‘rinishlariga nisbatan taqiqni; mazkur ijtmoiy sharoitlarda xatti-harakatlarning maqbul varianti (andozasi)ni; me'yordan chetga chiqish mumkin emasligi haqida ogohlantirish maqsadida ayrim shaxslarning xulq-atvorini baholashni (ba'zan ayrim sanksiyalar ko‘rinishida). Me'yoriy tartibga solish inson faoliyati va munosabatlari tizimini to‘la qamrab oladi. Ijtimoiy me'yorlarni mustahkamlash tizimi ularni amalga oshirishning sharti hisoblanadi. Mazkur tizim xatti-harakatni ijtimoiy ma'qullash yoki qoralashni, o‘z faoliyatida me'yorga rioya qilishi shart bo‘lgan shaxsga u yoki bu sanksiyalarni tayinlashni nazarda tutadi. Shunday qilib, ehtiyojlarni anglash bilan bir qatorda ularni ijtimoiy me'yorlar nuqtai nazaridan anglash ham mavjud. Garchi me'yorlar ijtimoiy amaliyot va hayot sinovidan o‘tgan faoliyat usullarini mustahkamlash vositasi sifatida vujudga kelsa-da, ular undan ortda qolishi, allaqachon eskirgan va shaxs o‘z imkoniyatlarini erkin ro‘yobga chiqarishiga monelik qilayotgan, ijtimoiy taraqqiyot yo‘liga to‘g‘anoq bo‘layotgan taqiqlar va qoidalarning manbalari bo‘lishi mumkin.
Ideal – barkamollikning oliy me'yori haqidagi tasavvur, insonning inson va tabiat, inson va inson, shaxs va jamiyat munosabatlarini tartibga solish, barkamollashtirish va uyg‘unlashtirishga bo‘lgan ehtiyojining ma'naviy ifodasi. Ideal tartibga soluvchi funksiyani bajaradi, u inson ro‘yobga chiqarishga butun umrini bag‘ishlashga tayyor bo‘lgan strategik maqsadlarni aniqlash imkonini beruvchi omil bo‘lib xizmat qiladi. Idealga amalda erishish mumkinmi? Aksariyat mutafakkirlar bu savolga rad javobini bergan: ideal barkamollik va tugallanganlik timsoli sifatida empirik yo‘l bilan kuzatiluvchi borliqda o‘z o‘xshashiga ega emas, u ongda transsendentallik ramzi sifatida namoyon bo‘ladi. Shunga qaramay ideal ma'naviy qadriyatlarning jamuljam ifodasi hisoblanadi
Moddiy, ijtimoiy-siyosiy va ma'naviy qadriyatlar o‘rtasida mavjud tafovutlarga qaramay, ular bir-biri bilan uzviy bog‘liq va qadriyatlarning har bir turida boshqa bir turning muayyan jihati mavjud. Ayni paytda, shunday qadriyatlar ham borki, ularni moddiy qadriyatlar qatoriga ham, ijtimoiy-siyosiy qadriyatlar qatoriga ham, ma'naviy qadriyatlar qatoriga ham kiritish mumkin. Bu avvalo umuminsoniy ahamiyatga ega bo‘lgan qadriyatlardir. Ularning orasida inson hayoti, sog‘lig‘i, erkinligi va shu kabilarni qayd etish mumkin.
Qadriyatlarni tasniflashning ikkinchi asosi – sub'ektlarga ko‘ra individual shaxsiy (sub'ektiv-shaxsiy), gruppaviy, umuminsoniy qadriyatlar farqlanadi - (gruppaviy, milliy, sinfiy, umuminsoniy) qadriyatlar farqlanadi.
Individual yoki shaxsga doir qadriyat – bu narsa, hodisa, g‘oyaning muayyan inson uchun qadriyat sifatidagi ahamiyati. Har qanday qadriyat o‘z mohiyatiga ko‘ra individualdir, zero narsa, hodisa, g‘oyani faqat insongina baholashga qodir. Shaxsiy qadriyatlar ta'lim va tarbiya, individ hayot tajribasini to‘plashi jarayonida shakllanadi Shaxsiy qadriyatlar individning ehtiyojlari va manfaatlari ta'sirida vujudga keladi. Ular kishilarning mayllari, didlari, odatlari, bilim darajasi va boshqa individual xususiyatlari bilan belgilanadi.
Gruppaviy qadriyatlar to‘g‘risida so‘z yuritar ekanmiz, biz bu bilan mazkur narsa, hodisani bir individ emas, balki ularning muayyan majmui ijobiy baholashiga urg‘u beramiz. Gruppaviy qadriyatlar – bu narsalar, hodisalar, g‘oyalarning odamlar muayyan birligi (sinf, millat, mehnat jamoasi va sh.k.) uchun qadriyat sifatidagi ahamiyatidir. Gruppaviy qadriyatlar muayyan jamoaga kiruvchi individlarni yagona manfaatlar, qadriyatlar va mo‘ljallar bilan birlashtirib, mazkur jamoaning hayot faoliyatida ulkan ahamiyat kasb etadi.
Umuminsoniy qadriyatlar – bu narsalar, hodisalar, g‘oyalarning jahon hamjamiyati uchun qadriyat sifatidagi ahamiyatidir. Umuminsoniy qadriyatlar qatoriga, birinchidan, jahon hamjamiyati aholisining aksariyati amal qiladigan ijtimoiy-siyosiy va axloqiy tamoyillar kiradi. Ikkinchidan, umuminsoniy qadriyatlar jumlasiga umuminsoniy ideallar, umumxalq maqsadlari va ularga erishishning asosiy vositalari (ijtimoiy adolat, insonning ha'ni va qadr-qimmati, fuqarolik burchi va sh.k.) kiradi. Shuningdek, umuminsoniy qadriyatlar qatoriga tabiiy boyliklar hamda o‘z mohiyati va ahamiyatiga ko‘ra olamshumul xususiyat kasb etuvchi qadriyatlar: tinchlikni saqlash, qurolsizlanish, xalqaro iqtisodiy tartib muammolari ham kiradi. Umuminsoniy qadriyatlar – jamiyat va madaniyatning rivojlanishi mahsuli.
Shaxsiy, gruppaviy va umuminsoniy qadriyatlar bir-biri bilan ijtimoiy nuqtai nazardan uzviy bog‘liq. Falsafa uchun quyidagi savollar ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi: shaxsiy va ijtimoiy qadriyatlarning o‘zaro nisbati qanday, qaysi qadriyatlar ustunroq - ijtimoiy qadriyatlarmi yoki shaxsiy qadriyatlarmi, shaxsiy qadriyatlar ijtimoiy qadriyatlar ta'sirida shakllanadimi yoki, aksincha, ijtimoiy qadriyatlar individlarning ehtiyojlari va manfaatlari muvofiqlashtirilishi natijasida vujudga keladimi?
Falsafa tarixida bu savollarga aniq va uzil-kesil javob berilmagan. Masalan, relyativistik aksiologiya qadriyatlarni va ularga mos keluvchi baholarni insonning individual borlig‘i bilan belgilanuvchi manfaat yoki vaziyatdan keltirib chiqaradi. Relyativizmga qarama-qarshi o‘laroq, naturalistik yo‘nalish qadriyatlarni sub'ekt tafakkuriga va uning nisbiy mulohazalariga bog‘liq emas, baholovchiga nisbatan birlamchi deb tasavvur qiladi. Freyd va ekzistensialistlar umumiy qadriyatlarning ta'sirini tan oladi, lekin ijtimoiy qadriyatlar tazyiqi inidividual qadriyatlar bilan to‘qnashuvga sabab bo‘ladi va ularni chetga surib qo‘yadi, deb hisoblab, bu ta'sirga salbiy baho beradi. Freyd fikriga ko‘ra, ijtimoiy nazorat nevrozlarning turli shakllarini vujudga keltirib, shaxsning moslashuvchanligi yo‘qolishiga olib keladi. Freyd individning botiniy mayllari jamlangan ruhiyati bilan uning ongidan jamiyat talablariga zid bo‘lgan g‘oyalarni siqib chiqaruvchi madaniyat o‘rtasida konflikt mavjudligini ko‘radi. Tabiiy asoslar va madaniyat qadriyatlarining to‘qnashuvi inson baxtining kamayishiga, individning o‘z tabiiy mayllarini cheklashga qodir emasligi bilan bog‘liq bo‘lgan jamiyat oldida aybdorlik hissining kuchayishiga olib keladi.
Ekzistensializm ham ijtimoiy talablar individual motivatsiyaga qarshi turishini qayd etadi. Ijtimoiy qadriyatlarning tazyiqi shaxs jamiyatdan uzoqlashishi va o‘z individualligini yo‘qotishiga olib kelishi mumkin. Hukmron qadriyatlar ko‘r-ko‘rona qabul qilinishi natijasida shakllanuvchi konformistik ong individual o‘zlikning chegarasi kengayishiga monelik qiladi. Ekzistensializm fanni, rasmiy huquq va axloqni ham tanqid tig‘i ostiga oladi.
Individual va ijtimoiy qadriyatlar o‘zaro nisbatining yuqorida keltirilgan talqiniga qo‘shilish mushkul. Ijtimoiy qadriyatlar individning tafakkuri uchun oldindan belgilangan, u tug‘ilgunga qadar shakllanadi, mavjud bo‘ladi va uning o‘limidan keyin mavjudlik bo‘lishda davom etadi. Shu ma'noda ular idivid uchun muayyan ob'ektiv borliq sifatida mavjud bo‘ladi va idrok etiladi. Ammo ijtimoiy qadriyatlar barkamolroq ham, mutlaq ham emas. Ular jamiyat hayotining muayyan sharoitlari ta'sirida vujudga keladi, bu sharoitlarning sub'ektiv ifodasi hisoblanadi. Shu sababli ijtimoiy qadriyatlarning individual qadriyatlarga ta'siri ijobiy bo‘lishi ham, salbiy bo‘lishi ham mumkin. Ammo shaxs o‘zining yaqin va uzoq maqsadlari va vazifalarini erkin belgilovchi, o‘z ehtiyojlarini anglovchi va hayotni o‘z tajribasiga muvofiq baholovchi ongli va faol ish ko‘ruvchi sub'ekt hisoblanadi.
Shu tufayli ham ijtimoiy va shaxsiy qadriyatlar shaxs strukturasida qanday o‘rin egallaydi, ularning o‘zaro nisbati qanday, degan savolga javob ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi. Bu savolga javob shuning uchun ham muhimki, qadriyatlar shaxs o‘zagini belgilovchi, uning yaxltiligi va mayyanligini ta'minlovchi asos hisoblanadi. O‘z-o‘zidan ravshanki, ijtimoiy qadriyatlar shaxsning kamol topishida birlamchi ahamiyatga ega, ular shaxsga ijtimoiy sharoitlarga moslashish, jamiyatda muayyan o‘rinni egallash, qoniqarli shaxsiy maqomga ega bo‘lish imkonini beradi. Shaxs o‘zining ijtimoiylashuvi jarayonida asrlar osha avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan ijtimoiy qadriyatlarni o‘zlashtiradi. Psixologiya ijtimoiy qadriyatlarning individ ruhiy hayotining barqaror ichki elementlariga aylanish mexanizmlari qanday, degan savolga ham javob beradi. Bunday mexanizm interiorizatsiya, ya'ni tashqi dunyoning ayrim jihatlarini insonning shaxsiy ruhiy hayotiga kiritishdir. Buning natijasida tashqi dunyoning ichki omillari inson tafakkuri va xulq-atvoriga, uning ruhiyati ichki strukturalarining shakllanishiga ijtimoiy faoliyatning tashqi strukturalarini o‘zlashtirish orqali ta'sir ko‘rsatadi. Hozirgi zamon psixologiyasida tarixiy interiorizatsiya g‘oyasi ham ilgari suriladi: muayyan tarixiy davrda odamlar ommaviy xulq-atvorining shakli hisoblangan mexanizmlar keyinchalik ongning ichki mexanizmlariga aylanadi. Bunga rasm-rusumlar, teatr, cherkov, o‘yin qabilidagi kollektiv harakatlar, hozirgi sharoitda esa – maktab, televidenie, ommaviy axborot vositalari misol bo‘lishi mumkin.
Ammo individual qadriyatlarning shakllanishida faoliyatning rang-barang shakllari (mehnat, bilish, muloqot, o‘yin)gina ishtirok etmaydi. Bunday vosita sifatida umuman ijtimoiy tuzilmalar amal qiladi. Bozor va kundalik turmush, reklama va moda, siyosat va huquq, ta'lim va tarbiya, ommaviy axborot vositalari va san'at, hukmron madaniy me'yorlar va ijtimoiy-siyosiy institutlar tomonidan rasmiy darajada andoza sifatida e'tirof etilgan ayrim shaxslarning obro‘si, ijtimoiy-psixologik stereotiplar, andozalar, axloq va tabu – bularning barchasi jamiyat ma'naviy hayotining shaxsning qadriyatlarg munosabatini shakllantiruvchi omillaridir.
Shaxsning shakllanishi o‘ziga xos qadriyatlar majmuiga ega bo‘lgan ijtimoiy guruhlar, birliklar va birlashmalar doirasida yuz beradi. Ko‘rsatilgan guruhlarga shaxsning mansubligi shunda namoyon bo‘ladiki, shaxs ularning ideallari va qadriyatlarini qabul qiladi. Ammo shaxs, odatda, bir emas, balki bir nechta ijtimoiy guruhlar (millatlar va sinflar, oila va o‘quv yurti, do‘stlar davrasi va ishlab chiqarish jamoasi va sh.k.)ga qo‘shiladi. Turli guruhlarda har xil va hatto qarama-qarshi qadriyatlar ustuvor bo‘lishi mumkin. Bu guruhlar o‘rtasidagi ziddiyatlar shaxs tafakkurida qadriyatlarning to‘qnashuvi yuz berishiga olib kelishi mumkin. Ayni hol shaxs ustuvor qadriyatlarni mustaqil izlashiga turtki beradi. Shunday qilib, shaxsning individuallashgan, o‘ziga xos va betakror xususiyatlari vujudga kelishi, uning alohida hayot tajribasi muqarrar tarzda ijtimoiy qadriyatlarga zid bo‘lmagan, balki ularni to‘ldiradigan alohida individuallashgan qadriyatlarning shakllanishi bilan bog‘liqdir.
Qadriyatlar shaxs xulq-atvorini tartibga solish vositalari sifatida u yoki bu hodisalar qadriyatlar sifatida idrok etilishi yoki idrok etilmasligidan qat'i nazar shaxsning xulq-atvoriga ta'sir ko‘rsatadi. qadriyatlar tizimi haqidagi ongli tasavvurlar, qadriyatlar va mo‘ljallar majmui shaxsning qadriyatlarga munosabatini belgilaydi. Bu munosabat davr hamda shaxs -qo‘shilgan ijtimoiy guruhlarning ijtimoiy me'yorlari va talablarini o‘zlashtirishi jarayonida shakllanadi.
Qadriyatlarga munosabat individning hayot tajribasi va shaxs kechinmalarining butun majmui bilan mustahkamlanadi va tartibga solinadi. Ular individga muhimni nomuhimdan ajratish imkonini beradi, motivlarning barqarorligini hamda shaxs xulq-atvori va tafakkurining vorisiyligini belgilaydi. Shunga qaramay botiniy mayllar, xohish-istaklar va intilishlar ham, ayniqsa, ular shaxsning ongli qadriyatlarga munosabati bilan to‘qnashganda, o‘z ta'sirini ko‘rsatadiki, bu ongli ravishda e'lon qilingan va amalda e'tirof etilgan qadriyatlar o‘rtasida ziddiyatlarga olib keladi. Ko‘rsatilgan ziddiyatlar inson aktual qadriyatlarni afzal ko‘rib, haqiqiy qadriyatlar haqida o‘z tanasiga o‘ylab ko‘rmagani bilan izohlanishi mumkin. Ustuvor qadriyatlarni tanlash jarayonida o‘z-o‘ziga munosabat va haqiqiy shaxsiy maqom o‘rtasidagi ziddiyat, shuningdek yaz individuallashgan qadriyatlari bilan nufuzli ijtimoiy guruhlar tomonidan e'tirof etilgan qadriyatlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni anglash ham o‘z ta'sirini ko‘rsatadi

Yüklə 1,82 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   303   304   305   306   307   308   309   310   ...   360




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin