Ijod va o‘yin umumiy psixologik mexanizmga ega bo‘lsa-da, lekin ularning ijtimoiy tabiati har xildir. Ijodning o‘yindan muhim farqi shundaki, u ijtimoiy ahamiyatga molik mahsulot yaratishni nazarda tutadi, bu esa insondan fidokorona mehnat qilishni taqozo etadi. Sirtdan biron-bir tazyiq insonni ijodiy mehnat qilishga majburlay olmaydi. Faqat o‘yin jihati, amaliy natijadan qat'iy nazar faoliyatning o‘zidan lazzat olish omili sifatida, shaxs o‘z qobiliyatlarini to‘la ro‘yobga chiqarishiga zamin yaratadi. Maqsadga muvofiq va o‘ziga to‘q, amalda foydali va noamaliy mehnat va o‘yinning inson faoliyatida namoyon bo‘lish darajasi individualdir. Ijodiy faoliyatning har bir natijasi umuminsoniy madaniyatga qo‘shiladigan hissa sifatida betakrordir.
Ijodiy faoliyat ob'ektiv va shaxsiy ahamiyatining mos kelishigina mazkur faoliyat natijalarining umuminsoniy va davomli ahamiyatini belgilaydi. Haqiqiy ijod shaxs ijtimoiyligining, u ijtimoiy rivojlanish ehtiyojlariga qaratilganining oliy tajassumi hisoblanadi. Ijodkor o‘z ijodida o‘z shaxsidan, o‘zidan uzoqlashadi. Ijod shaxsiy xususiyat kasb etadi. Ijod hamisha o‘zini qurbon keltirishni nazarda tutadi. Ijod doimo o‘z imkoniyatlari doirasidan, o‘zining tor shaxsiy borlig‘i chegarasidan chetga chiqishdir. Ijodkor panoh topish haqida o‘ylamaydi, uni faqat oliy insoniy qadriyatlar o‘ziga tortadi.
Shunday qilib, ijod – bu nafaqat madaniyat predmetlarini yaratish, balki har qanday inson hayotini tashkillashtirish hamdir. Hamonki ijodni oqilona tushuntirishda qiyinchiliklar yuzaga kelar, uni oqilona qayd etilgan qoidalarning muayyan to‘plami sifatida tavsiflash mumkin emas ekan, inson ijodda yangilikni yaratish omili sanalgan o‘z individualligiga tayanishi lozim. Shu bois o‘zlikni saqlash, o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish har bir insonning vazifasi va burchidir. Ijod insonni o‘z-o‘zini bilishga da'vat etadi. Bu jarayon muqarrar tarzda o‘zini o‘zi kamolotga yetkazish, o‘zini ijodkor sifatida namoyon etish bilan yakunlanadi. Lekin ayni vaqtda inson o‘zligini saqlab, so‘zning eng yuksak ma'nosidagi umuminsoniy qadriyatlarga o‘zining daxldorligini namoyish etishi lozim. Ijod insonni o‘ziga to‘la jalb qiladi, uning bor kuchini sug‘urib oladi va ularni inson hayotining mazmuniga aylangan ishga bag‘ishlashga da'vat etadi. Inson o‘z imkoniyatlari darajasidan ortiq bo‘lgan dunyo qarshisida doimo ochiqdir. Bu esa dunyo bilan o‘zaro aloqa qilishning yangi usullarini kashf etish uchun cheksiz imkoniyatlar yaratadi.