Energiya va yoqilg‘i resurslaridan tejamli foydalanish muammosi. Davrimizning yana bir muhim belgilaridan biri jahon iqtisodiyotining sur’atini belgilaydigan energiyani iste’mol qilish ko‘lami muttasil kengayib borayotganligidir. Agar hozirgi sur’atda jahon iqtisodiyoti davom etadigan bo‘lsa, u vaqtda sanoat va xalq xo‘jaligining energiyaga bo‘lgan ehtiyoji uchun yaqin yillar ichida yiliga 20 mlrd. tonna yoqilg‘i talab qilinadi. Bu ko‘rsatkich 2025 yilda 35-40 mlrd., XXI oxiriga borib, 80-85 mlrd. tonnani tashkil etishi taxmin etilmoqda.
Vujdga kelayotgan bu holatdan chiqib ketishning yo‘li esa bitta, u ham bo‘lsa, yoqilg‘ining organik moddalar (neft, ko‘mir, gaz va x. k.) dan olinadigan energiya salmog‘ini kamaytirib, noorganik yoqilg‘i manbalar (GESlar, AES, shamol elektrostansiyalar, quyosh energiyasidan foydalanish, vodorod, geliy va x.k.) dan olinadigan energiya miqdorini muttasil oshirib borish. Quyosh energiyasi, GES va shamol elektrostansiyalar 2025 yilda bu ehtiyojning 60%ini qondirishi mumkin.
Yaqin kelajakda rivojlanayotgan mamlakatlarda elektr energiyasi ishlab chiqarishni tez sur’atlar bilan ko‘paytirib borish ko‘zda tutilmoqda. Butun jahonda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining qariyib 34% ana shu mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Elektr energiyasining shu qadar tez sur’atlar bilan ishlab chiqarilayotganligi yon atrofidagi tabiiy va ijtimoiy muhitga ta’sir etmasdan iloji yo‘q. Masalan, gigant GESlarning qurilishi o‘z navbatida ana shu regionning, iqlim sharoitiga, yon atrofdagi shahar va qishloqlarda xalq xo‘jaligining ko‘pgina tarmoqlariga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin (masalan, ekin maydonlarining qisqarishi, mavjud maydonlarning sho‘rlanishi va ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin). Atom elektrostansiyalarining chiqindilarini bartaraf etishning ekologik xavfsizlik masalalari hozirgi davrning yechilishi murakkab muammolariga aylandi. Ayniqsa, 1986 yil 26 aprel kuni Chernobil AES IV blokining ishdan chiqishi natijasida juda katta miqdordagi radiasiyaning xavoga tarqalishi mazkur regionning yashashga mutlaqo yaroqsiz bo‘lib qolishiga sababchi bo‘ldi.
Insoniyat oldida jahon iqtisodini o‘stirish uchun energiyaga bo‘lgan ehtiyojni qondirishdan o‘zga chora yo‘q. Biroq, bugungi kunda elektr energiyasini ishlab chiqarish jarayonida mavjud tabiiy muhitga ta’sir darajasini kamaytirgan holda energiyani ko‘proq ishlab chiqarish masalasi ko‘ndalang bo‘lib turibdi. Shuning uchun ham bu muammoni ijtimoiy taraqqiyotning kelajagini belgilab beradigan eng muhim omillardan biri sifatida jahonshumul ahamiyatga molik muammolar sirasiga kiritilishini hayotning o‘zi taqozo etmoqda.