Falsafaning asosiy masalalari. Falsafani o’rganayotgan har bir odamda falsafada qolgan barcha muammolarga nisbatan ustunroq ahamiyat kasb etadigan, ya’ni muhimroq, asosiyroq hisoblanadigan masalalar, muammolar mavjud yoki mavjud emasligiga qiziqish ertami, kechmi albatta yuzaga keladi. Bu mavzu nafaqat boshlovchi, balki professional faylasuflar uchun ham diqqatga sazovordir. Ularning orasida kimdir bu mavzuga jiddiy e’tibor beradi, kimdir esa, aksincha, uni muhim deb hisoblamaydi. Falsafaning uzoq tarixiga umumiy nazar tashlasak, olam va insonning kelib chiqishi, rivojlanishi va mohiyatiga, shuningdek, hayotning ma’nosi, inson bilishining tabiatiga tegishli «boqiy» falsafiy muammolar deyarli barcha falsafiy ta’limotlarda u yoki bu tarzda mavjudligini, turli falsafiy asarlarda, ular aynan kimga qarashliligi va qaysi davrga mansubligidan qat’iy nazar, qisman yoki, aksincha, atroflicha muhokama qilinishining guvohi bo’lishimiz mumkin.
Darhaqiqat, ong, tafakkur, ruh, ideallik va ularning materiya, tabiat, borliq bilan o’zaro nisbati masalalariga o’z munosabatini bildirmagan yoki, aytaylik, o’z mulohazalari va xulosalarida shubha qilmagan faylasufni topish mushkul. Bu hol o’z vaqtida olimlar tomonidan «falsafaning asosiy masalasi»ni ta’riflashiga turtki bergan bo’lib, unda ikki jihat alohida ajralib turadi.
Birinchi jihat moddiylik va ideallikning o’zaro nisbatiga tegishli. Savol shunday qo’yiladi: «Materiya birlamchimi yoki ruh (ong)mi?» yoki, «Tafakkur va borliqning nisbati masalasi butun, ayniqsa, eng yangi falsafaning buyuk asosiy masalasidir».
Ikkinchi jihat birinchi jihat bilan uzviy bog’liq bo’lib, quyidagicha ta’riflanadi: «Dunyoni bilish mumkinmi?» Boshqacha aytganda: «Biz haqiqiy dunyo haqidagi o’z tasavvurlarimiz va tushunchalarimizda borliqni to’g’ri aks ettirishga qodirmizmi?»
Materialistlar va idealistlar. U yoki bu faylasuflar savolning birinchi qismiga qanday javob berishiga qarab, ular materialistlar -dunyo azaldan moddiy, ong esa bu materiyaning mahsulidir, deb hisoblovchilar va idealistlar -dunyo zamirida materiyadan oldin paydo bo’lgan va uni yaratuvchi ideal narsalar va hodisalar yotadi, degan fikrni himoya qiluvchilarga ajratiladi.
Bunda idealizmning ikki turi – obyektiv va subyektiv idealizm farqlanadi. Qandaydir nomoddiy va inson ongiga bog’liq bo’lmagan (ya’ni obyektiv mavjud bo’lgan) narsalar va hodisalarni ( Xudo,dunyoviy aql, g’oya, ruh va shu kabilar) butun borliqning asosi deb e’tirof etuvchilar obyektiv idealistlar hisoblanadi. Falsafa tarixida Platon, Avliyo Avgustin, Foma Akvinskiy, G.Gegel, , N.Berdyayev kabi mutafakkirlar obyektiv idealizm namoyandalari sifatida shak-shubhasiz e’tirof etiladi. Dunyo faqat individual (subyektiv) ong nuqtai nazaridan qaralgan holda subyektiv idealizm to’g’risida so’z yuritiladi. J.Berkli, D.Yum, I.G.Fixte subyektiv idealizmning yorqin namoyandalari hisoblanadi.
Falsafa tarixida materialistik yo’nalishlar va oqimlar ham anchaginadir. Xususan, materiyani yaratish va yo’q qilish mumkin emasligi haqidagi fikr-mulohazalarga ilk faylasuflarning asarlaridayoq duch kelish mumkin. Mazkur sodda materializm vakillari :qadimgi xitoy faylasuflari – Lao szi, Yan Chju;
Qadimgi hind faylasuflari – lokayata yo’nalishi namoyandalari;
Qadimgi davrning mashhur faylasuflari – Geraklit, Empedokl, Demokrit, Epikur va boshqalar.
Qadimgi Markaziy Osiyo faylasuflari- Zardo’sht Sepitoma kabilardir.
Klassik mexanika vujudga kelgan va faol rivojlangan Yangi davrda mexanistik materializm (P.Golbax, P.Gassendi, J.Lametri) ayniqsa keng tarqaldi.
XVIII-XIX asrlarda falsafiy materializmning yo’nalishlari:
- antropologik materializm (L.Feyerbax);
- vulgar materializm (Fogt, Byuxner, Moleshott);
- dialektik materializm (K.Marks, F.Engels) shakllandi.
Biroq, yana shuni ham ta’kidlab o’tish lozimki, mazkur tasnifga muvofiq materialistlar yoki idealistlar deb nomlanuvchi u yoki bu faylasuflar bunday farqlashga asossiz sxemalashtirish va soddalashtirish deb qarab, o’zini bu yo’nalishlarning birortasiga ham mansub deb hisoblamasligi mumkin. Bunday qarashlar shu bilan izohlanadiki, to’g’ridan-to’g’ri va uzil-kesil tarzda, bu muammoni tushunishga nisbatan boshqacha yondashuvlarni e’tiborga olmasdan ta’riflangan «falsafaning asosiy masalasi» muqarrar tarzda barcha faylasuflarni ikki katta qarama-qarshi lagerga – materialistlar va idealistlarga ajratadi va bu hodisaning ayrim ko’rinishi sifatida faqat moddiy va ma’naviy substansiyalarni teng huquqli asoslar deb hisoblovchi dualistlarnigina (masalan, R.Dekart) farqlaydi.
Ammo falsafiy tafakkur tarixida u yoki bu faylasuflar fikriga ko’ra eng muhim deb qaraladigan boshqa muammolar ham mavjud. Ayni shu sababli aksariyat faylasuflar substansiya (dunyoning birinchi asosi) haqida mulohaza yuritar ekan, mazkur masalaning qo’yilishini «falsafaning asosiy masalasi» bilan bog’lashga moyil emas. Masalan, ilk antik faylasuflar uchun falsafaning asosiy muammosi: «Dunyo nimadan yaratilgan?», degan savol bilan bog’langan. O’sha davrda bu savol eng muhim, asosiy, birinchi darajali hisoblangan.