Falsafaning metod, qonun va kategoriyalari. Reja


Madaniyat va sivilizatsiya. Sivilizatsiya rivojining asosiy bosqichlari va dinamikasi



Yüklə 392,13 Kb.
səhifə25/30
tarix14.12.2023
ölçüsü392,13 Kb.
#177659
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   30
Falsafaning metod, qonun va kategoriyalari. Reja

Madaniyat va sivilizatsiya. Sivilizatsiya rivojining asosiy bosqichlari va dinamikasi
Madaniyat insonni boshqa barcha tabiiy-biologik dunyodan ajratib turuvchi murakkab va serqirra hodisa bo‘lib, ijtimoiy hayotning barcha sohalariga daxldordir. Madaniyat atamasi (arab tilida – shaharga xos, qayta ishlov berilgan)ning hozirgi zamon fanida 600 dan ko‘proq tariflari mavjud. Eng umumiy ko‘rinishda madaniyat – inson faoliyati jarayoni, uning natijasida yaratilgan moddiy va manaviy qadriyatlar, ularni yaratish usullari va texnologiyalari, shu faoliyat tasirida inson tafakkurida, manaviy dunyosida yuz beradigan rivojlanishni aks ettiradi.
Madaniyat – murakkab tizim sifatida ijtimoiy hayotda quyidagi asosiy vazifalarni bajaradi:
Yaratuvchilik vazifasi. Bu madaniyatning bosh vazifasi bo‘lib, inson faoliyati davomida moddiy va manaviy qadriyatlar yaratiladi.
Marifaiy (gnoseologik) vazifa. Uning mohiyati shundan iboratki, madaniy qadriyatlar dunyoni bilish orqali yaratiladi. Madaniyatning tarkibiy qismi bo‘lgan fan, aynan shu vazifani bajaradi. Bunda bilishning obekti tabiat, jamiyat va insonning o‘zi hamdir.
Informasion (axborot etkazuvchi) vazifa. Uning vazifasi doirasiga ijtimoiy tajribani to‘plash (jamg‘arish), uni bir avloddan avlodga etkazish, yani tarixiy vorislikni taminlash kiradi. Axborot etkazish gorizontal (makoniy) xususiyatga ega bo‘lishi mumkin, yani bunda axborot bir vaqtning o‘zida bir xalq yoki jamoadan boshqasiga etkaziladi. Shuningdek u vertikal (davriy) xususiyatga ega bo‘lishi mumkin, yani bunda axborot bir avloddan boshqasiga manaviy meros shaklida etkaziladi va vorisiylikda namoyon bo‘ladi.
Kommunikativ (aloqa o‘rnatish) vazifasi. Bunda axborot nutq (til), ramziy shakl va belgilar (sanat), ilmiy bilimlar (fan) vositasida amalga oshiriladi. Jamiyatning taraqqiyot darajasi qancha yuqori bo‘lsa, bevosita aloqa shunchalik ko‘p darajada bilvosita, yani texnik vositalar yordamida (telefon, telegraf, internet va hokazolar bilan) amalga oshiriladi.
Meyoriy (boshqaruvchilik) vazifasi. U o‘z ifodasini ijtimoiy boshqaruvchilik (avvalo, huquqiy va axloqiy meyorlar) tizimini shakllantirishda topadi. Bunda norasmiy boshqaruv vositalari bo‘lgan urf-odatlar, marosimlar, ananalar ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Sotsializatsiya (ijtimoiylashuv) va adaptatsiya vazifasi. Bu insonning maksimal darajada jamiyatning manaviy qadriyatlarini qabul qilishi va muayyan ijtimoiy muhitga moslashishida o‘z ifodasini topadi.
Qadriyatlilik (baholash) vazifasi. Zamonaviy falsafiy adabiyotlarda madaniyat moddiy va manaviy qadriyatlarni, yani shaxs va jamiyat uchun foydali ahamiyatga ega bo‘lgan narsa va hodisalar, aloqalarni yaratish (generatsiya), mustahkamlash (assimilyatsiya), uzatish (translyatsiya), ko‘paytirish (multiplikatsiya)ning ko‘pbosqichli mexanizmi sifatida qarash ham mavjud.12 Bunda madaniyat yangilikni yaratish bilan bog‘liq jarayon sifatida inson ijodiy (kreativ) faoliyatining mahsuli sifatida namoyon bo‘ladi.
Inson o‘z faoliyati davomida qadriyatlarni tanlaydi, ularga baho beradi. Baholash –subektning o‘z hayoti va faoliyati uchun hodisalarning ijtimoiy ahamiyatini aniqlashidir. U sezgi, idrok, tasavvur va tafakkur darajasida, emotsiyalar va tuyg‘ular, mulohazalar, mayllar, istaklar, intilishlar va, albatta, faoliyat ko‘rinishida ro‘yobga chiqadi. Baholash insonga hodisalar dunyosida mo‘ljal olish imkonini beradi, uning faoliyatini yo‘lga soladi.
Inson narsa va hodisalarga ularning foydali ahamiyati nuqtai nazaridan ajratib oladi. Bunday holatda nimalardir barham topadi, qandaydir narsalar paydo bo‘ladi, qayta shakllanadi. Bu obektiv jarayon bo‘lib, shaxs va jamiyatning ehtiyojlaridan kelib chiqadi.
Har bir avlod madaniy rivojlanishni bo‘sh joydan emas, balki o‘zidan oldingi avlodlar yaratgan qadriyatlarni o‘zlashtirishdan boshlaydi. Bu o‘zlashtirish madaniyat rivojini yuqoriroq bosqichga ko‘tarish yo‘lidagi tayanch vazifasini o‘taydi. Mana shu ikki jarayon - eskilik bilan yangilik o‘rtasidagi obektiv zaruriy bog‘lanish vorislikning mohiyatini tashkil etadi. Lekin o‘tmish madaniy merosini millat manaviy dunyosining tarkibiy qismiga aylantirish uchun uni ijodiy o‘zlashtirish, unga yangi mazmun va mano berish zarur. SHu o‘rinda chinakam o‘zbek falsafasining metodologik asoslarini yaratishga salmoqli hissa qo‘shgan faylasuf, akademik Xaydar Po‘latov aytganidek, ilm-fan, madaniyatni rivojlantirish uchun, avvalo «inkorni emas, ko‘proq idrok qilishni» o‘rganishimiz kerak.13 Busiz madaniyat rivojlanishini taminlab bo‘lmaydi. SHu manoda oqilona yangilanish – madaniyat rivojlanishining zaruriy sharti hisoblanadi.
Shunday qilib, madaniyat ijtimoiy fenomen sifatida muayyan qonuniyatlar asosida rivojlanadi. Vorisiylik va doimiy yangilanish – madaniyat rivojlanishining eng muhim qonuniyatlaridir.
Madaniyatni nisbiy ravishda manaviy va moddiy madaniyatga bo‘lish mumkin. Moddiylik va manaviylik bir-biriga muqobil bo‘lmasdan, ular bir-birga o‘zaro tasir qiluvchi va o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi ijtimoiy rivojlanish omillaridir. Moddiy madaniyat tushun­chasi sivilizasiya tushunchasi bilan uzviy bog‘liq.
«Sivilizatsiya» (lot. civilis – fuqarolarga, davlatga xos), tamaddaun – 1)keng manoda – ongli mavjudotlar mavjudligining har qanday shakli; 2) madaniyat so‘zining sinonimi; 3)madaniyatning zamon va makondan chegaralangan tarixiy tipi (Misr sivilizatsiyasi va boshq.); 4)yovvoyilik va vahshiylikdan keyingi ijtimoiy taraqqiyot bosqichi14 sifatida shuningdek, geografik jihatdan farqlanuvchi birliklar (Sharq va G‘arb sivilizatsiyasi) ni; diniy mansubligiga ko‘ra (islom sivilizatsiyasi va boshqalarga) bo‘linishi sifatida tushunilishi mumkin.
Sivilizatsiya tushunchasi XVIII asrda shakllangan bo‘lib, ko‘p yillar davomida aksariyat hollarda madaniyat bilan bir xil manoli tushunchalar sifatida talqin etib kelingan. Ilk bor ularning o‘rtasida yaqinlik va tafovut mavjudligiga buyuk nemis faylasufi I.Kant etibor qaratgan. XX asr boshlariga kelib, nemis faylasufi Osvald Shpengler «Evropa Quyoshining so‘nishi» asarida madaniyat va sivilizatsiya tushunchalarini bir-biriga qarama-qarshi qo‘ydi. U sivilizatsiya deganda texnik-mexanik jarayonlar majmuini nazarda tutdi. O.Shpengler fikricha, sivilizatsiya madaniyatning eng yuqori bosqichi bo‘lib, undan keyin esa madaniyat asta-sekin inqirozga yuz o‘giradi.
SHu davrdan boshlab, madaniyat va sivilizatsiya faylasuflarning diqqat markazida turgan asosiy masalalar qatoriga qo‘shildi. Zamonaviy falsafada madaniyat va sivilizatsiyaning o‘zaro aloqadorlikda rivojlanishi zarurligiga alohida etibor qaratilmoqda. Bunda sivilizatsiya jamiyat hayotining moddiy tanasi deb qaralsa, madaniyat – uning joni, ruhi sifatida talqin etilmoqda.15 YAni bunda – sivilizatsiya moddiy madaniyatni, madaniyat tushunchasi esa – manaviy qadriyatlarni anglatmoqda. Ushbu manoda sivilizatsiya tushunchasi inson tomonidan yaratilgan moddiy boyliklar, xususan ishlab chiqarish, transport vositalari, texnika va texnologiyalar, insonlarning turmush tarzi va hokazolarni qamrab oladi. Fan taraqqiyoti, uning amaliyotga tatbiq etilishi, talim-tarbiya tizimi va uni amalga oshirish usullaridagi innovasion o‘zgarishlar ham sivilizatsiya yutuqlari hisoblanadi. Hozirgi davrda sivilizatsiyalashganlik ko‘proq qulaylik tushunchasi bilan ayniylashtirilmoqda. Uning mohiyatini sanoat istemol vositalarini yaratish tashkil etmoqda, ayni vaqda u jamiyat rivojlanishining mezoni hisoblanmoqda.
Xalqlar, davlatlar, mintaqalar rivojlanishidagi o‘ziga xos farqlar sivilizatsiyalararo tafovutlarni tashkil etadi. Shu bilan birga, sivilizatsiya ko‘proq turli mamalakatlarning moddiy taraqqiyotdagi umumiylikni, madaniyat esa manaviy taraqqiyot sohasidagi o‘ziga xoslikni aks ettiradi.
Madaniyatning rivojlanishida fan, texnika va texnologiyadagi sifatiy o‘zgarishlar muhim ahamiyatga ega. Insoniyat tarixida yozuvning paydo bo‘lishi, kitob nashr etishning ixtiro qilinishi eng buyuk texnologik kashfiyotlardan bo‘lib, madaniy qadriyatlarni saqlash, ularni ayriboshlash, bir avloddan boshqasiga etkazib berish imkoniyatini yaratgan bo‘lsa, hozirgi zamon ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlari (radio, kino, televidenie, axborot kompyuter texnologiyalari, internet va hokazolar) tufayli ulardan foydalanish jarayoni rivojlanib, ommaviy tus oldi. Lekin ilmiy-texnika taraqqiyoti imkoniyatiga mos keladigan umumiy madaniy saviyaning keskin o‘sishi hali yuz bermadi. Chunki madaniy saviya shaxsning manaviy madaniyatini shakllanishi bilan bog‘liq murakkab jarayon bo‘lib, u marifat, talim, tarbiyaga borib taqaladi. Madaniyatning keyingi rivojlanishi esa sivilizatsiya yutuqlaridan gumanistik, yani shaxs va jamiyatning ravnaqi yo‘lida, avvalo tinchlik va barqarorlikni taminlash maqsadlarida foydalanishga bog‘liq.
Jamiyat rivoji – tabiiy-tarixiy jarayondir. Tarix falsafa­­sida jamiyatning chiziqli va chiziqsiz, formasion va sivilizasion rivojlanish konsepsiyalari mavjud. Masalan, chiziqli rivojlanish g‘oyasiga ko‘ra, jamiyat malum vaqtga qadar quyidan yuqoriga, oddiydan murakkabga ilgarilanma, progressiv rivojlanib boradi. Progress (lot. progressus – ilgarilanma harakat) – obektning tashkillik darajasining oshib borishi bilan bog‘liq orqaga qayt­may­digan sifatiy o‘zgarishdir. Bunda muayyan sivilizatsiyaning paydo bo‘lishi, rivojlanib takomil bosqichiga etishi va malum vaqtdan keyin esa so‘nib, intihosiga etishi – regress tarzida tushuniladi. Regress (lot. regressus – orqaga yo‘naltirilgan harakat) –obekt­ning tashkillik darajasining pasayib borishi bilan bog‘liq orqaga qaytmaydigan sifatiy o‘zgarishidir.
Jamiyatning formasion konsepsiyasi inqilobiy rivojlanish g‘oyasiga asoslangan. Lekin tarixda jamiyatning inqilobiy rivojlanish usuli ham nazariy, ham amaliy jihatdan o‘zini oqlamagan. Mashhur tarixchi va faylasuf olimlar Arnold Toynbi, Nikolay Berdyaev, Vladimir Solovevlar ijtimoiy inqilobni jamiyat rivojining tormozi, tadrijiy rivojlanishga nisbatan ancha past, hech qanday ijobiy samara bermaydigan, ko‘plab yo‘qotishlarga olib keluvchi, sivilizatsiyani tanazzulga yuz tutayotganligining ko‘rsatkichi sifatida tavsiflaganlar.
Bugungi kunda falsafada jamiyat rivojini sinergetik metodologiya asosida, o‘zini-o‘zi tashkil etuvchi, tadrijiy rivojlanuvchi murakkab tizim sifatida tahlil etish ustivorlik qilmoqda. Bunday yondashuvga ko‘ra, tashqi muhit yoki boshqa tasirlar natijasida tizimning alohida elementlarida yuz beradigan "nosozliklar"ning oldini olish uchun uni doimo yangilash, modernizatsiyalash yuqori samara beradi. Modernizasiya (fran. moderisatio,moderne – yangi, zamonaviy) jamiyatni zamonaviy talablarga muvofiq takomillashtirish maqsa­di­da xilma-xil o‘zgartirishlarni amalga oshirishdan ibo­rat ijti­moiy-tarixiy jarayonni ifodolovchi tushunchadir.
XX asr o‘rtalariga kelib, G‘arbda insoniyat tarixi rivojlanishini sivilizasion yondashuv asosida tushuntirish shakllandi. Unga ko‘ra, har bir jamiyat o‘z tarixiy rivoji dovomida uchta: agrar, industrial va postindustrial bosqichlarni bosib o‘tadi. So‘nggi postindustrial bosqich ayrim mutaxassis olimlar tomonidan axborotlashgan sivilizatsiya deb ham yuritiladi. Jamiyatning eng takomil bosqichini bunday atalishi bejiz emas. Chunki, XXI asrga kelib, ilm-fan, texnika va texnologiyalar tezkor rivojlanib, buning natijasida ilmiy axborot har besh yilda ikki baravar ko‘payib, yangilana boshladi. Inson mazkur axborotlarni o‘zlashtirmasdan turib o‘z hayot faoliyatini samarali tashkil eta olmasligi tufayli jamiyatda sifatli talim va tarbiyaga ehtiyoj oshib, manaviy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan yuqori malakali mutaxassislar sivilizatsiya ravnaqining belgilovchi omiliga aylandi.
Shunday qilib, uchinchi ming yillikka kelib, insoniyat yangi, shu bilan birga, turfa manoli reallik bilan yuzma-yuz kela boshladi. Bu avvalo, fan, texnika, yangi texnologiyalarning jadal rivoji va jamiyatning bir qator sohalari taraqqiyoti bilan bog‘liq bo‘lsa, boshqa jihati – hal etilishi murakkab umumbashariy muammolarga oiddir. Bu muammolarning zaminini madaniyatning o‘z axloqiy asoslaridan ajralib qolishi, moddiy boyliklarga ortiqcha ruju qo‘yilishi, hayotning manosini tor utilitar-pragmatik tarzda tushunish kabi shaxs manaviyatiga tegishli sabablar tashkil etadi. Shuninng uchun ham yangi strategiyalarni tanlash muammosi bilan to‘qnash kelgan insoniyat ularning echimini topish maqsadida Sharq falsafasiga murojaat eta boshladi. Negaki, manaviy qadriyatlarning ustuvorligi, shaxs kamolotiga oid masalalar aynan Sharq falsafasi, xususan, Markaziy Osiyolik mutafakkirlar tomonidan mukammal bayon etilgan.
Shunday qilib, jamiyat va tarix falsafasini o‘rganish natijasida quyidagi xulosalarga kelish mumkin:
1. Jamiyat – bu insonlar o‘rtasidagi munosabatlarning yaxlit o‘z–o‘zini tashkil etuvchi tizimi. Jamiyatning asosini insonning muayyan maqsadga muvofiq ravishda atrof muhitni qayta qurishga yo‘naltirilgan faoliyati tashkil etadi.
2.Jamiyat doimo rivojlanuvchi tizim bo‘lib, ijtimoiy hayotini harakatga solib turuvchi bosh omil insonning ehtiyojlaridir.
3.Jamiyatning barcha: iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va manaviy sohalari o‘zaro uzviy aloqadorlikda mavjud. Bu aloqadorlik madaniyat va sivilizatsiya tushunchalarning o‘zaro bog‘liqligida o‘z ifodasini topadi.
4. Jamiyat rivojini o‘zini-o‘zi tashkil etuvchi, tadrijiy rivojlanuvchi murakkab tizim sifatida tahlil etib, tashqi muhit yoki boshqa tasirlar natijasida uning alohida elementlarida yuz beradigan "nosozliklar"ning oldini olish maqsadida uni doimo yangilash, modernizatsiyalash zarur.
5.Bashariyat tarixi betakror madaniyat va sivilizatsiyalartarixidir. Lekin, ular uchun umumiy bo‘lgan jihat – sivilizatsiya tanazzulning har doim manaviy tanazzuldan boshlanishidir. Demak, manaviyat doimo jamiyatning diqqat markazida turuvchi asosiy masalalardan bo‘lishi kerak.
6. XXI asrga kelib, ilm-fan, texnika va texnologiyalar tezkor rivojlanishi, inson mazkur axborotlarni o‘zlashtirmasdan turib o‘z hayot faoliyatini samarali tashkil eta olmasligi tufayli jamiyatda sifatli talim va tarbiyaga ehtiyoj oshib boradi, manaviy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan yuqori malakali mutaxassislar sivilizatsiya ravnaqining belgilovchi omiliga aylanadi.

Yüklə 392,13 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   30




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin