Zaruriyat va tasodif. Ob’ektiv olamni bilishda zaruriyat va tasodif kategoriyasi muhim falsafiy-metodologik ahamiyatga ega. Zaruriyat – narsa va hodisalarning vujudga kelishi, shakllanishi va rivojlanishini ta’minlaydigan shart-sharoitlar, munosabatlar majmuasidir. Tasodif esa – zaruriyatning namoyon bo‘lish shaklidir.
Zaruriyat va tasodif kategoriyasi olamni falsafiy bilishning mushtarakligini va samaradorligini ta’minlaydi. Shu nuqtai nazardan, zaruriyatni turkumlashtirganda, uning makon va zamondagi strukturaviy to‘zilishini tashkil qilgan elementlarini sistemali-strukturali tahlil qilish lozim. SHuningdek, zaruriyatni sabab-oqibat munosabatlari tarzida tushunish lozim. Zaruriyat narsa va hodisalarning muqarrar rivojlanish qonuniyatdan kelib chiqadi hamda ob’ektiv sabablar tizimiga asoslanadi. Zaruriyatlar tabiiy-tarixiy rivojlanishning ob’ektiv qonuniyatlaridan kelib chiqib, doimiy o‘zgarib turadi. Zaruriyatlarning tasodiflar tarzida namoyon bo‘lishi, o‘z navbatida, boshqa hodisalar uchun zaruriyat maqomiga ega bo‘ladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, zaruriyat va tasodif o‘rtasidagi bog‘lanishlar sabab-oqibat munosabatlari xarakteriga mos keladi.Zaruriyat va tasodifning aloqadorligi, bog‘lanishi shundaki, ular bir-birisiz mavjud bo‘la olmaydi, ya’ni zaruriyatning muqarrarligi tasodifga ham xosdir.
Imkoniyat va voqelik – falsafaning muhim kategoriyalaridir. Imkoniyat narsa va hodisalarning makon va zamondagi rivojlanish tendensiyasini ta’minlaydigan, muayyan qonuniyatlarga asoslanadi. Voqe’lik esa, shu qonuniyatlarga asoslangan rivojlanishning namoyon bo‘lishidir. Imkoniyat va vokelik kategoriyasini ham, bilishning umumiy mantiqiy tamoyillariga ko‘ra, boshqa kategoriyalar bilan bog‘liqlikda tahlil qilish muhim ahamiyatga ega. Imkoniyat narsa va hodisalar rivojlanish jarayonining ichki birligini ifodalaydi va ularning rivojlanish shart-sharoitlarini, sabablarini, zaruriy qonuniyatlarini, mohiyatini o‘zida mujassamlashtirgan. Imkoniyatning voqe’likka aylanishi qonuniy hodisadir. Uning real, formal, mavhum imkoniyat deb ataladigan shakllari bor