Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: Sharq falsafasi


Sharq mutafakkirlari: Abu Nasr Forobiy



Yüklə 72,2 Kb.
səhifə9/17
tarix16.10.2023
ölçüsü72,2 Kb.
#156292
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   17
2 mavzu (15)

Sharq mutafakkirlari: Abu Nasr Forobiy (873-950)-musulmon Sharqida Arastudan keyin “ikkinchi ustoz” unvoniga muyassar bo‘lgan yirik mutafakkir va alloma. Uning qalamiga 160 dan ziyod asar mansub bo‘lib, ular asosan qadimgi yunon olimlari asarlaridagi tabiiy-ilmiy va falsafiy muammolarni sharhlash hamda bu sohalarning dolzarb masalalarini tahlil qilishga bag‘ishlangan. Mutafakkir olamni ikki ko‘rinishda: “vujudga vojib” (olloh) va “vujudi mumkin” (barcha moddiy va ruhiy narsalar) misolida talqin qiladi, barcha narsalar “vujudi vojib” tufayli yashash huquqiga ega bo‘ladi. Ular o‘zaro bir-biri bilan sababiy tarzda bog‘lanadi. Sababsiz oqibat bo‘lmaganidek, oqibatsiz sabab ham bo‘lmaydi, deydi Forobiy. Olam sifat, miqdor, substansiya - javhar, aksidensiya-oraz (muhim bo‘lmagan xossa), imkoniyat, zaruriyat va tasodifiyat, makon va zamon, harakat va rivojlanish kabi tushunchalarda ifodalanadi. Ular fazoviy jismlar, aqlli mahluq (inson), aqlsiz jonivorlar, o‘simliklar, minerallar va to‘rtga unsur-suv, olov, havo va tuproq kabi oltita ko‘rinishda namoyon bo‘ladi.
Bilish jarayoni aql va sezgilar orqali yuzaga keladi. Bilishda aql va mantiq ilmining maqomi beqiyosdir. Aql vositasida inson ilm-fanni yaratadi. Fan tufayli hodisalar mohiyati ochib beriladi. Har bir fan insonning muayyan ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladi.
Mutafakkir o‘z asarlarida komil inson, fozil fuqaro, odil hukmdor, baxt-saodat, unga erishish yo‘llari, davlatning xususiyatlari, axloqiy va aqliy tarbiya, ijtimoiy istiqbol to‘g‘risida ilg‘or g‘oyalarni ilgari surgan. Forobiyning Sharq xalqlari falsafiy tafakkuri rivojiga bo‘lgan ta’siri sezilarli bo‘lgan.
Forobiyning fikricha, borliq xudodir va faqat ugina mohiyatlarga vujud bag‘ishlaydi. Forobiy falsafa tarixida birinchi bo‘lib mavjudotlarni ikki qismga: aqliy vujudga va mohiyatga, mohiyatlarni esa to‘qqiz javhar va oraz (aksidensiya)ga bo‘ladi. Forobiy aytganidek, haq xudodir va haqiqatning boshqa ma’nolari uning asarlarida xuddi shu ma’noda qo‘llaniladi. Zero, barcha mavjudotlar ilmi ilohiyda mavjud bo‘lib, nimaiki ilohiy qazoda bor bo‘lgan bo‘lsa, qadar darajasiga tushib qolgan, deydi u10. Xuddi shuningdek, haqni azaliy, deganda, alloma aynan mana shu ma’noga asosiy e’tiborni qaratadi. Bunga qo‘shimcha sifatida yana shuni aytish mumkinki, sababiyat ham uning asarlarida boshqacha ko‘rinish va talqinga ega bo‘lib, ko‘proq faollik ma’nosini kasb etadi.
Forobiy fikricha, bilishning quroli: nutq, tasavvur va hisdan iborat. Narsalar to‘g‘risidagi bilim nutq quvvati orqali, tasavvur va his-tuyg‘u vositasida hosil bo‘ladi. Har vaqt bilim hosil qilishga iroda ko‘rsatilsa, uning idroki nutq quvvatining sha’nidir. Nutq vositasida kelib chiqqan ilm o‘z e’tibori bilan his-tuyg‘u uyg‘otuvchi ishlarni bayon etadi. Demak, ilm hissiy quvvat natijasida kelib chiqadi. Ilm mavzusining tasavvurga taalluqligi, tasavvur esa o‘z navbatida orzu tug‘dirishi va his-tuyg‘uga boshqacha tasavvurlarning kirib kelishi nutq quvvatining hosilalaridir. SHunga binoan tasavvuriy ma’rifatning mavzusi eng yuqori zotlarning vujud bosqichlaridan tortib to mavjud bo‘lmagan yolg‘on narsalarni ham o‘z ichiga oladi. Ikkinchi tomondan avvaldan vujudga kelgan narsalar ikki xil: 1) his-tuyg‘u bilan bilinadigan narsalar; 2) isbot va dalil orqali bilinadigan narsalar11.
Tasavvuriy ma’rifat borliqdagi barcha mavjudotlarga taalluqli bo‘lganligidan tasavvur orqali hosil qilingan ilm ham xuddi dalil va isbot vositasida hosil qilingan mavjudotlar kabi bilib olinishi, ya’ni his-tuyg‘u uyg‘otadigan bilimlarni ham tasavvuriy ma’rifat jumlasidan deb hisoblash mumkin.
Vahiy agarchi hamma narsa to‘g‘risidagi mavhum ma’rifat bo‘lib, moddadan ajratilgan bo‘lsa ham, ilohiy ilmlar jumlasidan hisoblanadi.
Vahiy – mavjud ashyolarning qandayligidan qat’iy nazar ularning qaysilari foydali va qaysilari zararli ekanligini aniqlashdir. Vahiy ilohiy ilhomdir.
Faol aqlning ruh fazosiga qo‘ygan birinchi qadami tushdir. Ammo tasavvuriy quvvatning o‘z nihoyasiga etishi tushda ko‘rgan voqea va hodisalar bilan chegaralanmaydi. Faol aql uyqu vaqtida tasavvurga kirganidek, bedorlikda ham o‘z holatini saqlaydi. Faol aql fayzining mahsuli “ko‘rish”dir, ya’ni nutq quvvati nimaniki dalil asosida “qabul qilsa”, tasavvuriy quvvat uni “ko‘radi”.
Tasavvuriy quvvat nutq quvvatining “o‘rinbosaridir”. Aql va tasavvur faol aql fayzi vositasida shahar raisiga sof va xolis, shu bilan birga ajoyib ma’rifat majmuasini taqdim etadiki, u bu orqali osmoniy belgilarni ko‘radi va tushuna oladi. Natijada Fozil shahar raisi bu ko‘rganlarini erga tushirib, shahar hayotiga tadbiq etishga kirishadi12.
Nazariy aql shunday kuchki, unga qiyos ham, isyon ham va xato ham aralasha olmaydi. Bu aqliy ilmlarning asosiy tushunchasi, zaruriy xulosalar majmuasi va ma’rifat sarchashmasidir. Insonning nazariy aqli tufayli barcha mavjudotlar haqidagi bilimlar mavzusi bo‘lgan nazariy ilm kelib chiqadiki, uning tayanchi sun’iy ravishda emasligi ma’lum bo‘ladi. Bu ilm ayon bo‘lishi bilan birga aqliy kuch haqiqiy amalga aylanadi.
Nazariy aql insonga va uning to‘la faoliyatiga xos bo‘lgan narsa bo‘lib, ruhning badandan ajralgandagi shunday holatidirki, ruh o‘zining yashashi, tayanishi va faoliyati uchun moddaga boshqa muhtoj bo‘lmay qoladi. Shuningdek, u his-tuyg‘u va tasavvurdan ham beniyoz bo‘lib, ularsiz ham “birinchi ibtido”ning zotini tushunishga erishadi. Ya’ni, fozil shaharning birinchi raisi qiyos, misol va o‘zining jismoniy kuchining aralashisiz ham, xudovandu taborak va taoloni xolis ravishda tasavvur va “mushohada” qila olishi mumkin.
Forobiyning fikricha, aql shariatning tayanchi va madadkori bo‘lib, mohiyatan u bilan birdir. Shariatni yaxshi tushunish uchun aql ishlatish zarur. Bir tomonlama aql ishlatishni to‘xtatib qo‘yish dinning rostgo‘ylikka undovchi mohiyatini tushunishga g‘ov bo‘lib, riyokor va nizo chiqaruvchi odamlar domiga tushib qolishi va qavmning o‘zinigina chegaralangan rasm-rusumlari va odatlari asoratiga mutelikni keltirib chiqaradi13.
Forobiyning boshqaruvni sharti sifatida falsafaga murojaat qilishining asli mohiyati shundaki, falsafa aql va dalillar bilan ish ko‘radi. Aql va dalil bilan ish ko‘rish esa, ayrim millat va ummatgagina xos bo‘lgan narsa bo‘lmay, jahonshumul ahamiyatga egadir. Agar diniy e’tiqodlar bilangina ish ko‘riladigan bo‘lsa, unda ma’lum va mashhur narsalarga xitob qilish va ulardan qoniqish bilangina ish tutishga to‘g‘ri keladiki, unda muayyan asr, shaxs va makon aks etadi, xolos. Ammo aqliy dalillarga tayanilsa, yuqoridagi chegaralanishlarga xojat qolmaydi. Aql o‘z-o‘zicha shunday qoidalarga egadirki, hamma joyda va har qanday zamonda qo‘llansa bo‘laveradi14.
Abu Nasr Forobiyning axloq nazariyasiga qadimgi yunon mutafakkirlari sezilarli ta’sir o‘tkazganlar. Forobiy yunon mutafakkirlarining jamiyat va ijtimoiy axloq to‘g‘risidagi ta’limotlarini islomiy nuqtai nazardan qayta ishlagan.
Forobiy fikricha, inson olti bosqichda yaratilgan vujudlarning eng pastki bosqichida bo‘lsa ham, tug‘ma qobiliyati va quvvati bilan faol aql yordamida o‘zini baland martabali mumtoz vujudga aylantira oladi. U mavjudotlar silsilasi bosqichlaridagi shunday yagona bir jinsdirki, uni o‘z kuchiga ko‘ra harakatdagi borliq deyish mumkin. Baxt-saodat bunday yuksak “ko‘tarilish”, ya’ni mumtozlik tarkibiga kirmaydi. Baxt-saodat tushunchasi “faol aqlga eng yaqin turgan narsadir”15, va uning ma’no-mohiyati faol aql bilan qo‘shiluvida yashiringandir16.
Baxt-saodat faol aqlning eng yaqin bosqichiga shiddat bilan etishishdir17. Baxt-saodat inson ruhining shunday kamolot vujudiga erishishidirki, bu joyda ruh uchun moddiy tayanchga ehtiyoj qolmaydi. Bunday martabada har qanday jismdan tashkil topgan ashyolar ham o‘z moddiy o‘zagidan ajralib, undan abadiy mahrum holda, doimiy qoladilar. Bunday martabali joy faol aql maskani bo‘lib, unga faqat irodali faoliyat orqaligina erishiladi. Baxt-saodat o‘z mohiyatiga ko‘ra, shunday xayrli va matlub narsadirki, inson undan boshqa yoqimliroq va ulug‘vorroq narsani qo‘lga kiritishi mumkin emas.
Ammo, har qanday holat va bosqichda ham inson ruhiyati avj nuqtasi va faoliyatining nihoyasi uning tug‘ma vujudidagi quvvatga bog‘liqdir. Forobiy fikricha, baxt-saodat xayrli ishning o‘zginasi bo‘lib, har bir inson erishishi mumkin bo‘lgan maqsadlarning eng ulug‘idir. U o‘zining “Kitob al-siyosat al-madaniya” asarida baxt-saodatni faqat nazariy tafakkurga ega bo‘lgan quvvat egasigina idrok eta oladigan aqliy kamolot turi, deb hisoblaydiki, zero, baxt tushunchasi, aqliy tafakkur orqaligina ma’lum bo‘lib, uning afzalligini hech bir lazizroq va jismoniy ehtiyojga xos narsa bilan solishtirib bo‘lmaydi. Boshqacha ta’bir bilan aytganda, Forobiyning nuqtai nazaricha, mohiyatan baxt-saodat aqliy idrokka aloqador bo‘lib, gapiruvchi quvvat jihatidan aqliy amalga bog‘liqdir va shu bois unga faqat aql yordamida erishish mumkin.
Fozil shahar ahli orasida uning yuqori vakolatli hokimi “baxt-saodatda eng etuk” bo‘lib, ayni vaqtda “moddaning zarra va energiyasidan judo bo‘lgan holda faol aqlga yaqindir”. (Forobiyning bunday ifodasi Qur’on oyatlari va islomiy madaniyatdagi taqvo va zuhdga chaqirish kabi tashviqotlarga muvofiq keladi).
Fazilat ruh lazzatining sababidir. “Sen bundan g‘aflatda eding va biz sening qarshingdagi pardani ko‘tardik va sening ko‘rar ko‘zing ushbu kunda katta ochildi”.
Forobiy bu erda dalil sifatida Qur’onning “Qof” surasining 23-oyatini keltirmoqda. U aytmoqchiki, tan hijobi insonni ruh lazzati va ilohiy nurni mushohada qilishdan mahrum etmoqda, ya’ni dunyoviy narsalarga aloqadorlik ruh qarshisida parda bo‘lib kelmoqda. Inson aqlining zaifligi va uning moddiy va nomoddiy narsalar bilan qorishiqligi, uni borliqning avvali “eng etuk jamol” Tangri visolidan mahrum etmoqda.
Forobiy fikricha, inson o‘zining tabiiy holatida kamchilikka ham, kamolotga ham ega emas. Bu erda Forobiyning mazkur xulosasidan kelib chiqadigan o‘ta muhim narsa shundaki, u fazilatni “bir yaxshi amal” ma’nosida ta’riflamaydi. Uning fikricha, fazilat xayrli amalning inson ruhidagi “in’ikosi” va “natijasi” bo‘lgan ruhiy vakillikdirki, yaxshi odatlar, xayrli ishlar va sharafli xatti-harakatlarning takrorlanishi ta’sirida kelib chiqadi. Xuddi shuningdek, razolat va kamchiliklar ham ruhda o‘z izini qoldiradigan yomon amallar va ko‘ngilsiz ishlarning takrorlanishi oqibatida kelib chiqqanlar. Uning fikricha, barcha fazilatlarning maqsadi ruhiy xayrixohlikdir. Forobiyning dalili shundaki, modomiki, barcha ruhiy quvvatlar xayrda to‘planar ekan, ular orasidagi ixtilof va qarama-qarshiliklarga o‘rin qolmaydi. Ammo ular o‘rtasidagi osoyishtalik qachonki buzilsa, ruhda sharr, yomonlik va buzg‘unchilik alomatlarini axtarib topish kerak bo‘ladi. Demak, Forobiy fikricha, baxt-saodat laziz va razolatli narsalardan o‘zini tiyish evaziga inson uchun berilgan mukofot emas, balki, ulardan qutulishning natijasi va oqibatidir.
Shunday qilib, fazilat va baxt-saodat o‘rtasidagi sabab va oqibat nisbati dalilidan Forobiy shunday natija chiqaradiki, baxt-saodat fazilatga tashqaridan yopishtirilgan yoki yuklangan amal bo‘lmasdan, balki uning o‘z jinsidan va zotning umumiyligidan chiqqan sifatiy holatdir.
Forobiy yashagan vaqtda zaruriyat yoki zo‘rlik haqidagi nazariya ko‘pchilik tomonidan qabul qilingan hisoblanar edi. Forobiy shu vaqtgacha qo‘llanilmagan “ixtiyor” istilohini ilmiy adabiyotga olib kirish bilan, insonning iroda erkinligi uning taqdiriga ta’sir etishi mumkinligi masalasini o‘rtaga tashlab, haqiqatda keng yoyilgan nazariyaga ochiqdan-ochiq qarshi chiqdi. U bunday fikrni yoyish bilan, kishilarni shunga da’vat etdiki, inson tabiiy, irsiy, sinfiy to‘siqlarga qaramasdan o‘z bilganicha, o‘zini qaytadan shakllantirishi va siyosiy nuqtai nazardan ham madaniy jamiyatning “etuk” va “barkamol” a’zosi bo‘lishi mumkin.
Forobiy inson mohiyatini tarbiyalashni uzoq muddat davom etadigan yaxshi amal, deb bildi. Uning fikricha, har qanday yaxshi axloq, agar zehnda takroran joylana bersa, uning natijasida inson ongining quvvati va fazilati orta boradi.
Madaniy jamiyatning sifati mohiyatan iroda va ixtiyorda bo‘lganligidan jamiyat boshlig‘ining vazifasi ushbu irodani xayr (yaxshilik) tomon yo‘nal­tirishdir.
Forobiy fikricha, siyosat tabobat sifatidagi narsa bo‘lib, jarrohlik yo‘li bilan bo‘lsa ham davolanishi zarur bo‘lgan fuqarolarning dardiga malham qo‘yishdir. Tabibning maqsadi bemorning dardini davolash bo‘lganidek, fozil siyosatning ham oxirgi maqsadi jarohatlarga malham qo‘yish, singan suyaklarni payvandlash singari aholining farovonligini ko‘tarish orqali uning ruhini va salomatligini yaxshilashdir.
Forobiy axloqiy fazilatlarni ruh uchun badan salomatligidek narsa, deb tushungan. Demak, sihat-salomatlikni tiklash uchun inson tabibga ehtiyoj sezganidek, bemor insonning ruhi uchun ham tabib zarurdirki, uni holatini davolay olsin. Shundan kelib chiqadiki, qonuniy hukumat raisining bo‘lishi jamiyat uchun isbot qilingan zaruriyatdir.
Forobiyning fozil shahar to‘g‘risidagi o‘z nazariyasini taklif qilishdan maqsadi, barcha insonlarga baxt-saodat va kamolotga erishish yo‘llarini ko‘rsatib berishdan iborat edi.

Yüklə 72,2 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   17




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin