Fanidan o‘quv-uslubiy majmua


Xalqaro xususiy huquqning tuzilishi (tarkibiy qismlari)



Yüklə 19,78 Mb.
səhifə6/74
tarix20.11.2023
ölçüsü19,78 Mb.
#165561
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   74
Халқаро хусусий ҳуқуқ УМК

Xalqaro xususiy huquqning tuzilishi (tarkibiy qismlari)
Xalqaro xususiy huquq sohasi muayyan huquq normalari tarkibidan tashkil topgan bo‘lib, boshqa huquq sohalaridan farq qiladi. Agar boshqa huquq sohalari normalari bilan ichki davlat ahamiyatiga ega munosabatlar tartibga solinsa, xalqaro xususiy huquq esa alohida soha sifatida va ahamiyati jihatdan biron bir davlat hududi doirasi bilan cheklanmaydi, binobarin u turli davlatlar fuqarolari, tashkilotlari, davlatlar o‘rtasidagi fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega bo‘lgan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan normalar yig‘indisi yoki majmuasidan tashkil topadi.
Huquqiy normalarda nazarda tutilgan qoidalar, ular vositasida tartibga solinadigan munosabatlarning xususiyatlariga qarab xalqaro xususiy huquq fani umumiy va maxsus qismlarga bo‘linadi. Shu bilan xalqaro xususiy huquq o‘zining tarkibiy tuzilishi jihatidan fuqarolik huquqi kabi pandekt xususiyatiga ega. Chet el elementi bilan murakkablashgan oilaviy va mehnat munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan normalar xalqaro xususiy huquq sohasiga nisbatan quyi tizimni, ya’ni xalqaro sharoitda vujudga keladigan fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi normalarga nisbatan qo‘shimcha bo‘lgan normalardan tashkil topadi. Xalqaro xususiy huquq tarkib topgan shunday normalar ham borki, ular yuqori darajada tizimga solingani bilan alohida ajralib turadi. Ular jumlasiga, masalan, havo va dengiz yo‘llarida yuk tashish va savdo yurgazish, xalqaro mehnat munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan normalar kirishi mumkin.
Xalqaro xususiy huquq fanining umumiy qismi chet el huquqi normalarini fuqarolik-huquqiy munosabatlarga qo‘llanishi lozim bo‘lgan huquqni belgilash, xususiy huquq tushunchalariga sud yoki boshqa davlat organlari tomonidan huquqiy baho berish, chet el huquqi normalari mazmunini aniqlash, uchinchi mamlakat huquqiga havola etish, huquqni o‘zarolik asosida qo‘llash, xususiy huquq normalarining turlari, xalqaro shartnomalar, kollizion (to‘qnashuvchi) normalar tushunchasi, kollizion normalarni izohlash va tadbiq qilish, huquqni qo‘llashda o‘zarolik munosabati va retorsiyalar qo‘llanishi haqidagi umumiy qoidalardan tashkil topadi.
Xalqaro xususiy huquqning maxsus qismi tarkibi jihatdan ichki davlat fuqarolik huquqi fanining bo‘limlari tarkibiy qismiga deyarlik mos keladi. Mazkur qismning mazmuni shaxslar, shaxsiy nomulkiy huquqlar, intellektual mulk, bitimlar, vakillik, da’vo muddati, ashyoviy huquqlar, shartnoma majburiyatlari, shartnomadan tashqari majburiyatlar, vorislik huquqi va boshqa huquq institutlaridan tashkil topadi. Ushbu institutlarda mujassam topgan normalar vositasida quyidagi masalalar tartibga solinadi:
a)xalqaro fuqarolik munosabatlarda qatnashuvchi chet el fuqarosi, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, chet el yuridik shaxslarining huquq layoqatini belgilash;
b)O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari va yuridik shaxslarining huquq va manfaatlarini chet el mamlakatlarida himoya qilish;
v)xalqaro xususiy huquq munosabatlari ishtirokchisi sifatida davlatning huquqiy maqomini belgilash;
g)davlat, xalqaro tashkilot, ular vakillari va mansabdor shaxslarning chet el elementi bilan murakkablashgan fuqarolik-huquqiy munosabatlarda ishtirok etishi;
d)mualliflik huquqini xalqaro munosabatlarda muhofaza qilish asoslari, uning tushunchasi va institutlari, O‘zbekiston Respublikasi mualliflarining huquqlarini chet el mamlakatlarda muhofaza qilish;
ye)intellektual mulk ob’ektlarining xalqaro muomalada bo‘lishining o‘ziga xos xususiyatlari va tartibi, intellektual mulk bo‘yicha xalqaro konvensiyalar, bitimlar. Intellektual mulk huquqining sub’ektlari va ularning huquqlari;
j)ashyoviy huquqlarning, jumladan investitsiyaga bo‘lgan huquqning vujudga kelish asoslari va ularni amalga oshirish tartibi;
z)tashqi iqtisodiy bitimlar, ularning tushunchasi, shakli, ularga tadbiq qilinadigan huquq;
i)yuklar va yo‘lovchilarni turli transport vositasida xalqaro tashish qoidalari;
k)xalqaro hisob-kitoblar va kreditlar bo‘yicha o‘zaro munosabatlar;
l)shartnoma va shartnomadan tashqari majburiyatlar;
m)oila munosabatlari: nikohdan o‘tish, nikohni bekor qilish tartibi, farzandlikka olish, vasiylik va homiylik;
n)mehnat munosabatlari sohasida kollizion masalalar;
2.Xalqaro xususiy huquq
o)nizolarning sud, arbitraj tartibida hal qilinishi;
p)xalqaro xususiy munosabatlarda notarial harakatlarning turlari, ahamiyati va tartibi va shu kabi xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar.
Yuqorida keltirilgan asosiy qismlar, institutlar va masalalar bilan bir qatorda xalqaro xususiy huquq faniga taalluqli bo‘lgan uning yana qator quyidagi tarmoqlari mavjud:
a)chet ellik ishchilar va mutaxassislarning huquq layoqatini tartibga solish to‘g‘risidagi xalqaro mehnat huquqi;
b)O‘zbekiston va chet ellik firmalarning tashqi iqtisodiy va boshqa tijorat bilan bog‘liq aloqalarini tartibga solishga qaratilgan xalqaro moliya va kredit hisob-kitob huquqi;
v)chet el fuqarolarini havo va temir yo‘llari orqali, shuningdek avtomobil transporti, daryo, dengiz kemalarida tashish tartibi va qoidalari haqidagi huquq va h.k.
Xalqaro xususiy huquqning ushbu tarmoqlari ahamiyati va vazifasi jihatdan xalqaro ommaviy huquqning ba’zi maxsus tarmoqlari bilan o‘xshash tomonlari bor. Bunga misol uchun chegara va neytral suv havzalaridan foydalanish tartibi va xalqaro munosabatlarning boshqa masalalarini tartibga solish bo‘yicha maxsus qoidalardan iborat bo‘lgan xalqaro dengiz huquqini keltirish mumkin. Xalqaro xususiy huquq va xalqaro ommaviy huquqlar atamalarining o‘xshashligi ularni bir-biri bilan aralashtirib yuborish uchun asos bo‘lmaydi. Chunki ulardan biri turli davlatlarning fuqarolari, firmalari, kompaniyalari o‘rtasidagi, ikkinchisi – davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Bu yerda "xalqaro" degan so‘z ikki xil ma’noda, ya’ni xususiy huquq talqinida yoki ommaviy huquq talqinida qabul qilinishi kerak.
Xalqaro xususiy huquq sohasining tuzilishi (tarkibiy qismi) haqida gap yuritar ekanmiz, uning predmeti haqida berilgan fikrga, qisman bo‘lsada, qaytishga va yakuniy xulosa chiqarishga to‘g‘ri keladi. Ma’lumki har qanday huquq sohasining tarkibi pirovard natijada uning predmeti bilan ifodalanadi. Xalqaro xususiy huquq o‘zining tabiati jihatdan, birinchidan, ichki davlat fuqarolik huquqi sohasiga o‘xshash bo‘lsa (ikkala soha normalari ham mulkiy va mulk bilan bog‘liq shaxsiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan), ikkinchidan, ushbu fuqarolik-huquqiy munosabatlar ma’lum darajada chet el elementlari bilan murakkablashgan, ichki fuqarolik-huquqiy munosabatlaridan farq qiladigan, o‘ziga xos alohida xususiyatlarga ega bo‘lgan sohadan iborat.
Yuqoridagi fikrdan kelib chiqib, xalqaro xususiy huquq alohida huquq sohasi bo‘lishi bilan birga, fuqarolik huquqi bilan xalqaro huquq sohalari o‘rtasida ularni bir-biri bilan bog‘lab turuvchi vazifasini bajaruvchi soha desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. U fuqarolik huquqi bilan uning tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlarning xususiyatlari bilan bog‘liq, xalqaro huquq bilan chet el belgilari, ya’ni elementlari bilan bog‘liq bo‘lgan, tashqi ko‘rinishdan esa xalqaro aloqalarga o‘xshash bo‘lgan, lekin sub’ekti va mazmuni jihatdan ulardan farq qiladigan huquq sohasidan iboratdir.
Fuqarolik huquqi sohasi va xalqaro xususiy huquq sohasi tabiati jihatdan bir-biriga o‘xshash munosabatlar asosida tashkil topgan bo‘lib, xalqaro iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi natijasida ularda mazmunan o‘zgarish yuz berdi, xalqaro xususiy huquq nisbiy mustaqil huquq sohasi sifatida namoyon bo‘la boshladi. Lekin aslida ushbu huquq sohalarining normalari chet el elementlari bilan murakkablashgan munosabatlarni tartibga solishda birgalikda harakat qiladi. Xalqaro xususiy huquqdagi kollizion (to‘qnashuvchi) normalar fuqarolik huquqidagi (oila huquqi, mehnat huquqi, fuqarolik protsessual huquqi) moddiy normalariga havola qiladi, munosabatlarning turlari va shakllariga qarab ularning qaysi birini qanday sharoitda qo‘llash kerakligini ko‘rsatib turadi va buning natijasida ular ishtirokida ma’lum darajada umumiy (birgalikda) qoida tashkil topadi, muayyan sharoitda vujudga kelgan aynan munosabatga nisbatan qo‘llanadi. Bunday aloqaning xususiyati haqida L.A. Luns shunday deydi: moddiy-huquqiy normaga havola qiluvchi (ya’ni qaysi normaning qo‘llanishini ko‘rsatuvchi) kollizion norma ushbu moddiy-huquqiy norma bilan birgalikda fuqarolik muomalada qatnashuvchilar uchun tartibga soluvchi me’yorni vujudga keltirishi fan tomonidan doimo himoya qilinib kelingan3. Ushbu fikrga A.B. Levitin qo‘shilmaydi. Uning fikricha kollizion normalar chet el elementlari bilan murakkablashgan fuqarolik huquqiy munosabatlarni tartibga solmaydi, ularning vazifasi asosan qo‘llanishi zarur bo‘lgan biron bir davlatning ichki moddiy huquqi normasini ko‘rsatishdan, ya’ni unga havola qilishdan iborat. Kollizion norma vositasida vujudga kelgan munosabatlarni kelajakda tartibga solinishi ma’lum huquqiy sohaning moddiy-huquqiy normasi vositasida amalga oshiriladi4.
Bizning fikrimizcha, fuqarolik-huquqiy va xalqaro xususiy huquq normalarini bir-biridan ajratib, yoki ularni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yib bo‘lmaydi, fuqarolik-huquq normalarisiz xalqaro xususiy huquq normalarini qo‘llashning iloji bo‘lmaganidek, kollizion, ya’ni xalqaro xususiy huquq normalarisiz moddiy huquq normalarini xalqaro mulkiy, mulk bilan bog‘liq shaxsiy, oilaviy, mehnat munosabatlari va protsessual harakatlarga nisbatan qo‘llab bo‘lmaydi, ular birgalikda vazifani bajarishga qaratiladi. Demak xalqaro xususiy huquqning tuzilishi uning normalari vositasida tartibga solinadigan munosabatlarni tabiati jihatdan fuqarolik-huquqiy munosabatlariga o‘xshash bo‘lgan, muayyan institutlardan, foydalanish maqsadi, vazifasi va qo‘llanish doirasi bo‘yicha turli huquq normalarining yagona majmuasi sifatida tashkil topgan alohida huquq sohasidan iborat. Tartibga solinadigan munosabatlar xarakteri, ularning mohiyati, mazmuni, ularda qatnashuvchi sub’ektlar va ular o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qoidalarning o‘ziga xos xususiyatlariga ko‘ra xalqaro xususiy huquq soha sifatida umum huquqiy tizimda alohida o‘rin egallaydi.

Yüklə 19,78 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   74




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin