QOBILIYATLARNING TABIIY SHARTLARI
Har bir kishida tug’ma layoqat nishonalari, ya’ni miyaning oliy nerv faoliyatining analizatorlarining o`ziga xos xususiyatlari bor bo`ladi, binobarin, kelgusida biror qobiliyatni rivojlantirishga bo`lgan muayyan moyillik ana shunga bog’liqdir. Tabiiy anatomik-fiziologik layoqat nishonalari qobiliyatlarning fiziologik asosini tashkil etadi. Keyinchalik qobiliyatga aylanadigan layoqat nishonalarining majmui kishining iste’dodi deyiladi. Lekin bu tabiiy layoqat nishonalari muvaffaqiyatli faoliyatning to`la-to`kis shart-sharoiti bo`la olmaydi. Layoqat nishonalarini rivojlantirish kerak, bu esa faoliyat jarayondagina ruy berishi mumkin. Layoqat nishonalari ko`p qiymatlidir, yana tegishli sharoitlar mavjud bo`lganda, faoliyatga qarab layoqat nishonalari asosida turli qobiliyatlar rivojlanishi mumkin. Masalan, yaxshi eshitish va ohangni sezish qobiliyati mavjud bo`lganda bir kishi kompozitor, ikkinchisi yaxshi ijrochi, uchinchisi yaxshi dirijyor, to`rtinchisi musiqa tanqidchisi va hokozolar bo`lib yetishmogi mumkin. Qulay sharoitlar mavjud bo`lganda ayrim kishilarda qobiliyatlar juda erta rivojlanadi. Odatda musiqa va tasviriy san’atga bo`lgan layoqat ancha ertaroq paydo bo`ladi. Masalan, M.I. Glinka 3-4 yoshidayoq shunday o`yinni juda yoqtirgan: u ovoz chiqaradigan turli buyumlarni (mis, tog’oracha, kostrilka) yog’och bilan chalgan. Bunda kattalarni hayron qoldiradigan darajada ohangdosh tovushlar paydo bo`lganki, ularni eshitish maroqli edi. Keyinchalik bu bola buyuk kompozitor bo`lib yetishdi. Biroq shunday ham bo`ladiki, kishilar bolalikda favqulodda qobiliyatlarini nomoyon qilganlar-u, biroq katta bo`lgach, ulardan mahrum bo`lganlar. Lekin bunday hollar nisbatan kam uchraydi.
Qobiliyatlar faoliyat davomida rivojlanadi. Qobiliyatlarni rivojlantirishning birinchi sharti - faoliyatga bo`lgan ehtiyojni tarbiyalashdir. Mehnatga bo`lgan ehtiyojni tarbiyalash uchun ishga qiziqish va unga odatlanish katta ahamiyatga egadir.
Qobiliyatlar shaxsning boshqa sifatlari bilan chambarchas bog’langan. Kishining talantli ekanligi ma’lum darajada uning psixik jarayonlari, shuningdek, ko`pgina psixik xususiyatlarining rivojlanish darajasiga bog’liq bo`ladi. Ayrim qobiliyatlarni rivojlantirishda tegishli bilish jarayonlarining yuqori darajada bo`lishi hal qiluvchi rol o`ynaydi. Masalan, musiqachi uchun eshitish, rassom uchun ko`rish idroklari katta ahamiyatga ega. Kishi o`z qobiliyatlarini rivojlantirish bilan shug’ullanar ekan, bu rivojlanish quruq maqsaddan iborat bo`lib qolishi kerak emas. Asosiy vazifa jamiyatning munosib, foydali a’zosi bo`lib yetishishdan iboratdir.
Dostları ilə paylaş: |