Tayanch so‘zlar: ta’lim tizimi, ta’lim islohotlari, maktabgacha ta’lim vazirligi, 11 yillik umumiy o‘rta ta’lim, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish.
2017 - 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergan eng muhim dasturiy hujjat hisoblanadi. Mazkur hujjat asosida ta’lim sohasiga doir qator islohotlar amalga oshirildi. Ta’lim tizimini xalq bilan muloqot va ilg‘or xorijiy tajribalar asosida isloh qilishga asosiy e’tibor qaratildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-sentabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida» PQ-3305-son qarori asosida respublikamizda ilk bor Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Maktabgacha ta’lim vazirligi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017-yil 30-sentabrdagi PF-5198-son Farmoni va «O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida» 2017-yil 30-sentabrdagi PQ-3305-son qaroriga muvofiq amalga oshiradi. Uzluksiz ta’lim tizimining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, samarali davlat boshqaruvi tizimini yaratish, maktabgacha ta’lim muassasalari davlat va nodavlat tarmog‘ini kengaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qamrab olishni keskin oshirish, ta’lim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish orqali bolalarni har tomonlama intellektual, ma’naviy-estetik, jismoniy rivojlantirish hamda ularni maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-sentabrdagi «Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5198-son Farmoni qabul qilindi. Mazkur farmonda quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilandi: birinchidan, maktabgacha ta’lim sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish; ikkinchidan, ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish; uchinchidan, respublikada davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari orasida sog‘ lom raqobat muhitini yaratish hisobiga barcha bolalarning maktabgacha ta’limmuassasalariga bosqichma- bosqich qamrab olinishini ta’minlash, ularga soliq imtiyozlari va preferensiyalar berish, byudjetdan subsidiyalar ajratish, shuningdek, bolalarning maktabgacha ta’limi va tarbiyasining muqobil shakllarini amaliyotga tatbiq etish; to‘rtinchidan, zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, ta’lim va tarbiyaning samarali shakllari hamda usullarini ta’lim-tarbiya jarayoniga, shu jumladan nodavlat sektorida joriy etish; beshinchidan, milliy madaniy-tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalikdan kitob o‘qishga qiziqishni uyg‘otuvchi o‘quv-metodik, didaktik materiallar, o‘yin va o‘yinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan maktabgacha ta’lim muassasalarini ta’minlash; oltinchidan, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va metodlarni hisobga olgan holda bolalarni tarbiyalash va har tomonlama rivojlantirish masalalarini professional darajada hal etishga qodir bo‘lgan maktabgacha ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish; ettinchidan, maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tizimini yaratish va tajribali yuqori malakali va kasbiy jihatdan puxta tayyorlangan pedagog kadrlar hamda tarbiyachilarni ta’lim-tarbiya jarayoniga jalb qilish; sakkizinchidan, maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining ratsional va belgilangan me’yorlar asosida sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanishini ta’minlash uchun munosib sharoitlar yaratish, ko‘ngilochar va bilim beruvchi mashg‘ulotlar elementlari bo‘lgan, hajmlari va intensivligi asosiy tibbiy taqdimnomalar bilan belgilanuvchi serharakat o‘yinlar va mashqlar uyushtirish; to‘qqizinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda ularning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha profilaktika chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-sentabrdagi «O‘zbekiston respublikasi Xalq ta’limi vazirligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi PQ-3304-son Qarori qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-sentabrdagi PQ-3304-son Qarori asosida O‘zbekiston respublikasi Xalq ta’limi vazirligi faoliyati takomillashtirildi. Mazkur qarorga muvofiq, quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilansin: