Organik sezgilarning reseptorlari ichki organlarda, qizilo’ngach, me'da, ichak, qon tomirlari, o’pka va shu kabilarda joylashgan bo’ladi. Ichki organlardagi jarayonlar organik sezgilar reseptorlarining qo’zg’atuvchilaridir.
Sezgilarning yuzaga kelishi ma'lum qonuniyatlarning asosida yuz beradi. Sezgilar biror bir sezgi a'zosining qo’zg’alishidan hosil bo’ladi. Qo’zg’atuvchi reseptorga ta'sir etishi bilanoq sezgi hosil bo’lmaydi. Qo’zg’atuvchi ta'sir eta boshlagandan bir necha vaqtdan keyin sezgi hosil bo’ladi. Lekin sezgilarning har xil turlari faqat o’ziga xosligi bilan emas, balki ular uchun umumiy bo’lgan xususiyatlar bilan ham ifodalanadi. Sezgilarning sifati, jadalligi uzoq davom etishi va ko’p joylarda yuz berishi ana shunday xususiyatlar jumlasiga kiradi. quyida sezgilarning xususiyatlari yaqqol ifodalangan.
Sifat - mazkur sezgining asosiy xususiyati bo’lib, uni boshqa sezgi turlaridan farqlaydi va ayni shu sezgi turi doirasida o’zgarib turadi. Masalan, eshitish sezgisi past-balandligi, mayinligi, zo’rligi bilan farq qiladi va hokazo.