Nemis faylasufi Xristian Volf "Rasional psixologiya" (1732 yil) va "Empirik psixologiya" (1734 yil) kitoblarida ongning ichki holati, aqliy fikr yuritishga qobiliyatning tabiiy moddiy asosi zamiridan kelib chiqib, tashqi olamdan kelib tushadigan axborotlar shaxobchasiga, ya'ni sezgi kanaliga hech qanday bog’liq emas, deb tushuntirishga harakat qildi. Sezgilarga mana bunday yondashish nazariyotchisi "fanga rasionalizm" tushunchasi bilan birga kirib keldi. X.Volf va uning tarafdorlari psixologik jarayonlar (sezgi, idrok, xotira va boshqalar) murakkab ijtimoiy tarixiy taraqqiyot mahsuli emas, degan g’oyani ilgari surdilar.
Shuning bilan birga "Ong", "Aql" tarixiy evalyusiya natijasi emas, deb inson psixikasiga o’zgacha yondashib, uni izohlab berish mushkul bo’lgan "birlamchi" xususiyat ekanligini tushuntirishga intiladilar. Mazkur nazariyaga asoslangan psixologlar insonning sezgilari uni tashqi olam bilan bog’lab turuvchi birdan bir shaxobcha ekanligini inkor qilishgacha borib yetdilar va voqelikni mana bunday tarzda izohlashga harakat qildilar; sezgilar insonni tashqi olamdan ajratib turadilar, ular atrof-muhit o’rtasidagi bartaraf qilib bo’lmaydigan devor hisoblanadilar.
Berkli, Yung, Myuller, Gelmols singari olimlar sezgi organlarining "Spesifik energiyasi" nazariyasini ishlab chiqdilar. Bu g’oyaning asoschisi sifatida Iogann Myuller qat'iy pozisiyada turib, uni butun vujudi bilan himoya qilishga intildi. Ushbu nazariyaga binoan har qaysi sezgi a'zosi hoh quloq, hoh til, hoh teri bo’lishidan qat'iy nazar tashqi dunyoning ta'sirini aks ettirmaydi, atrof-muhitda bo’lib turgan real, jarayonlar yuzasidan axborotlar berishga qobil emas, faqat u tashqi ta'sirdan shaxsiy jarayonlarning qo’zg’atuvchisidan turtki oladi, xolos. Mazkur nazariyaga ko’ra har bir sezgi a'zolari o’zining spesifik energiyasiga ega bo’lib, u har qanday ta'sirdan qo’zg’aladi. Masalan, ko’zni bosib, unga elektr toki bilan ta'sir qilib ko’rilsa, yorug’lik sezgisi hosil qilinadi. quloqqa elektr qo’zg’atuvchisi bilan ta'sir o’tkazilsa, u holda tovush sezgisi vujudga keladi. Binobarin, sezgi a'zolari tashqi ta'sirni aks ettirmaydi, balki ularning ta'siridan qo’zg’aladi. Inson hech qachon tashqi voqelikni, dunyoni ob'ektiv ta'sirlarini idrok qilmaydi, balki sezgi a'zolari faoliyatida o’zlarining shaxsiy sub'ektiv holatlarini aks ettiradi. AQSHlik psixolog Neffning ta'kidlashicha, mikroskop ostiga olib teriga igna sanchilsa, xuddi shu uchastkada reflektor harakat reaksiyalari kuzatilgan: tomirning hisishi, teri galvanik refleks, goho ko’z harakati, bo’yin muskullarining, taranglashuvchi qo’lning harakat reaksiyasi sodir bo’lishi mumkin.
S.V.Kravkov (1893-1951) ma'lumotlariga ko’ra bir sezgi a'zolarining faoliyati ikkinchisining ta'siri tufayli o’zgaradi, tovush asosan ko’rish sezgisi, yorug’lik sezuvchanligini orttiradi, shunga o’xshash turli hidlar hamda yorug’lik va hid bilishga nisbatan sezgirlikni oshirishi yoki kamaytirishi mumkin. Bunday o’zaro ta'sir sababli miya ustuni yuqori qismi va ko’rish bo’rtiqlariga tegishli o’simtalarning yaqin joylashganligi tufayli boshqasiga o’tishi osonroq amalga oshadi.