Iqtisodiy adabiyotlarda bir tarmoq ichidagi raqobatning to’rtta shakli alohida ajratib ko’rsatiladi. Bular sof raqobat, sof monopoliya, monopolistik raqobat va oligopoliyadir. Sof raqobat sharoitida bir xil mahsulot ishlab chiqaruvchi tarmoqda juda ko’p sonli korxonalar mavjud bo’ladi. Yuqori darajada tashkil qilingan bozorda ko’plab sotuvchilar o’zlarining mahsulotlarini taklif qiladilar. Ayni paytda, ushbu mahsulot xaridor va iste’molchilarining soni ham juda ko’p bo’ladi. Sof raqobatli bozorda alohida korxonalar mahsulot narxi ustidan nazorat o’rnata olmaydi yoki nazorat sezilarsiz darajada bo’ladi. CHunki har bir korxonada umumiy ishlab chiqarish hajmi uncha katta bo’lmaydi. SHu sababli alohida korxonada ishlab chiqarishning ko’payishi yoki kamayishi umumiy taklifga, demak, mahsulot narxiga sezilarli ta’sir ko’rsatmaydi. Sof raqobat sharoitida yangi korxonalar tarmoqqa erkin kirishi, tarmoqda mavjud bo’lgan korxonalar esa uni erkin tashlab chiqishi mumkin. Xususan, yangi korxonalarning paydo bo’lishi va ularning raqobatli bozorda mahsulotlarini sotishga huquqiy, texnologik, moliyaviy va boshqa jiddiy iqtisodiy to’siqlar bo’lmaydi.
Sof monopoliyada tarmoq bitta firmadan iborat bo’lganligi sababli, u mavjud mahsulot (xizmat)ning yagona ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi va yakkahukmronlik shakllanadi. Monopoliya sharoitida firma narx ustidan sezilarli nazoratni amalga 27 oshiradi. Buning sababi oddiy bo’lib, u mahsulot (xizmat)ning yagona ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi va demak, taklifning umumiy hajmi ustidan nazorat qiladi. Monopolistik raqobat o’z ichiga ham monopoliya, ham raqobat unsurlarini oladi. Bunda tarmoqdagi bir turdagi mahsulotning o’nlab ishlab chiqaruvchilari birbirlari bilan qulay narx hamda ishlab chiqarish hajmiga erishish borasida raqobatlashadilar. Biroq, ayni paytda, har bir ishlab chiqaruvchi o’z mahsulotini tabaqalashtirish, ya’ni shu turdagi boshqa mahsulotlardan qaysi bir jihati (sifat darajasi, shakli, qadoqlanishi, sotish sharoitlari va h.k.) bo’yicha farqlantirish orqali uning monopol ishlab chiqaruvchisiga aylanadi.
Oligopoliya – tarmoqda u qadar ko’p bo’lmagan korxonalarning mavjud bo’lishi va hukmronlik qilishidir. Bu oligopoliyaning eng muhim belgisi bo’lib, qaysi tovarlar va xizmatlar bozorida nisbatan kam sonli ishlab chiqaruvchilar hukmronlik qilsa, shu tarmoq oligopolistik tarmoq hisoblanadi. Halol raqobat – raqobat kurashida jamiyat tomonidan tan olingan iqtisodiy usullarni qo’llash, o’zining maqsad va manfaatlariga erishishda umumjamiyat manfaatlariga zid keluvchi holatlarni qo’llamaslik kabi qoidalarga asoslanadi.