Bu oʻt yonida bulbul maskan aylar,
Qanot urmoq yelidin ravshan aylar.
Qilur gulbun chu gul ochmoqni ohang,
Boʻlur gulshan yuzi gul birla gulrang.
Bu fasl ichraki olam boʻldi gulgun,
Shafaqgun aksidin mir’oti gardun.
Huvaydo qildi har gul bir shamoyil,
Shah oʻldi qasri gulgun sori moyil.
Tuzoldi oncha asbobi tana’um
Ki, gulshan boʻldi oning ostida Kim.
Toʻshab qasr ichra yuz deboi gulrang,
Qoʻyuldi taxti gardun sori ohang.
Shah oʻlturdi, yonida shohzoda,
Qilib orazlarin gulrang boda.
Qoʻyub taxt ollida kursii gulfom,
Boʻlub ustida Mulkorogʻa orom.
Turub bazm ichra yuz gulchehrai Chin,
Borigʻa hulla gulrangu gulogin.
Mayi gulgun tutub gulchehra soqi,
Ichar el qoʻymayin bir qatra boqi.
Mugʻanniy nagʻma tortib betaammul,
Biaynih oʻylakim, gul fasli bulbul.
Gul aylab barg, har bir sarvi navxez,
Qilib har raxnadin qasr ichra gulrez.
Botib bazm ahli gul bargida to farq,
Shafaq bahrida mehr oʻlgan kibi gʻarq,
Chekib gulrang may shahzoda Farhod,
Guli ruxsoridin xoqon boʻlub shod.
Yuziga boqibu borib oʻzidin,
Oqib xushvaqtligʻ ashki koʻzidin.
Qilib har lahza mufrit mehr zohir,
Sochib boshigʻa gah gul, gah javohir.
Yoʻq ulkim, bazm eli shaydosi oning
Xitou Chinda vovaylosi oning.
Bu yangligʻ to nujumi charxraymoy,
Hisobi fasl ila oʻtkardi uch oy.
Alar gulnorgun qasr ichra gulrosh,
Koʻtarmay la’lgun maydin dame bosh.
Itikrak esdi chun gulshan shamoli,
Chamanni borcha guldin qildi xoli.
Yashundi bargi gul yafrogʻ ichinda,
Nihon oʻldi shajar yafrogʻ ichinda.
Libos etti chaman miyno masallik,
Ne miyno, gulshani xazro masallik.
Chamanlar ichra yoʻl-yoʻl sarvi ozod,
Degilkim soldi tuz-tuz soya Farhod.
Dema sarvu sanubar, har niholi
Boʻlur sarvu sanubardin misoli.
Berib yafrogʻ nishon toʻti raridin,
Shajar tovusi jannat raykaridin
(3)
.
Anga dogʻi qovursun obkashdin,
Munga ham toj shoxi xizrvashdin.