O‘zbekiston Resupblikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining fuqaro muhofazasiga oid me’yoriy hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi aholisini toshqin suvlari, sel oqimlari va ko‘chki hodisalari bilan bog‘lik tabiiy tusdagi favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish maqsadida 2006 yil 15 fevralida “Aholi va hududlarni sel toshqinlari va ko‘chki hodisalari bilan bog‘lik favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirilishi to‘g‘risida mas’ul xodimlar uchun Yo‘riqnoma” ishlab chiqilgan.
Ushbu yo‘riqnomada viloyatlarga biriktirilgan Hukumat komissiyasi a’zolari viloyatlar hokimlari, tegishli vazirlik va va idoralarning vakillari bilan birgalikda joylardagi eng xatarli hududlarda (mahallalarda) aholini jalb qilgan holda hududiy toshqinlarga qarshi komissiyalarning majlislarini o‘tkazishni, xavfli joylarda yashaydigan aholiga yozma ogohlantirish berishni, lozim topilsa aholidan yozma tilxat olinib, tegishli bayonnomalar rasmiylashtirilgandan keyin, tuman va viloyatlar miqyosida tadbirlar o‘tkazilib, shundan keyin tegishli qarorlar qabul qilishni ta’minlashni lozimligi va bundan tashqari yog‘in-sochin mavsumini bexatar o‘tkazish borasida yana qanday tadbirlar tashkil qilinishi va o‘tkazilishi mukammal bayon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududlarni tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganida yoki sodir bo‘lish ehtimoli tug‘ilganida aholini xavfsiz joylarga vaqtinchalik hamda doimiy evakuatsiya qilishni yanada takomillashtirish maqsadida 2006 yil 8 noyabrida “Tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar tug‘ilganda aholini evakuatsiya qilish bo‘yicha Tavsiyanoma” ishlab chiqilgan.
Hozirgi kunga kelib butun jahonda, shu jumladan respublikamizda tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarning keskin ortib borishi, ularning ko‘lamlarini o‘zgarishini nazarga olgan holda ushbu Tavsiyanomada FVDT va Fuqaro muhofazasining barcha tuzilmalari xodimlarining respublika aholisini tabiiy ofat balolaridan va boshqa xavflardan muhofaza qilish borasida mas’uliyati oshib borayotganligi, aholini xavfsiz joylarga evakuatsiya qilish tadbirlarining hozirgi zamon talablariga mos keladigan darajada tashkil etishlari, buning uchun qanday tadbirlarni tashkil qilish va o‘tkazish lozimligi bayon qilingan.
“Aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida davlat siyosatini og‘ishmay amalga oshirish, haqiqiy xavf-xatar manbalarini va ularning tabiatini anglab yetish har bir kishiga o‘zini yuz berishi mumkin bo‘lgan avariya, halokat, tabiiy ofatlardan muhofaza qilinganini sezish imkoniyatini beradi. Shu qonun talablarini bajarish hamda respublika aholisini favqulodda vaziyatlardan ogoh etish tadbirlarining yanada ijobiy tomonga o‘zgartirish maqsadida 2006 yilda vazirlik tomonidan “Favqulodda vaziyatlarni oldini olish va harakat qilish rejalari mazmuni va tizimi to‘g‘risida Tavsiyanoma” ishlab chiqildi.
Tavsiyanoma FVDT va Fuqaro muhofazasining barcha tuzilmalariga favqulodda vaziyatlarga to‘g‘ri baho berish, ularning oqibatlarini iloji boricha kamaytirish, sodir bo‘lgan ofat yoki favqulodda vaziyatni bashoratlash, talofatlarini oldini olishni usullari borasidagi bilimlarni yanada chuqurlashtirish, ishlab chiqarish korxonari, zavod-fabrikalarda, iqtisodiyot ob’ektlarida va iqtisodiyotimizning boshqa ob’ektlarida favqulodda vaziyatlarni sodir etilishini kamaytirish uchun yana qanday qo‘shimcha tadbirlar o‘tkazilishi, katta avariyalar, halokatlar, tabiiy ofatlarda to‘g‘ri harakat qilish yo‘llari to‘g‘risida tuzilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan 2002 yilda “Fuqaro muhofazasining himoya inshootlarini saqlash Yo‘riqnomasi” ishlab chiqilgan.
O‘zbekiston Respublikasining 1999 yil 20 avgust kuni qabul qilgan “Aholi va hududlarni tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlardan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 11-moddasida “Korxona, birlashma, ishlab chiqarish ob’ektlari aholini favqulodda vaziyatlardan himoya qilish maqsadida muhandislik himoya inshootlarini oldindan qurilishini ta’minlashlari va doimiy shay holatga keltirishni lozim” deb ko‘rsatilgan. Qonunda yozilgan mazkur talablarni lozim darajada bajarilishini ta’minlash hamda himoya inshootlarini zamonaviy jihozlash, ularning yanada himoyaviy mustahkamlik qudratini oshirish va maxsus jihozlar bilan ta’minlashning me’yorlari ushbu yo‘riqnomada mukammal yoritib berilgan.
Sodir bo‘layotgan favqulodda vaziyatlarni oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish, yirik avariyalar, falokatlar talofatlarini kamaytirish, iqtisodiyot ob’ektlarini barqaror ishlashini ta’minlash hamda respublika aholisi va hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish borasida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan qabul qilingan Qonunlar va me’yoriy hujjat talablarini bajarishni ta’minlashni tashkil etish va olib borishni yanada takomillashtirish borasida 2006 yilda Favqulodda vaziyatlar vazirligining Aholi va hududlarni himoya qilish boshqarmasi tomonidan “Ishlab chiqarish va iqtisodiyotning suv xo‘jaligi ob’ektlarida xavfsizlik deklaratsiyaning asosiy talablariga Yo‘riqnoma”si ishlab chiqildi.
Yo‘riqnomada xavfsizlik deklaratsiyasining asosiy vazifalaridan:
-aholi va hududlarni sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vazyaitlardan himoya qilish;
-ob’ektlarning barqarorligini ta’minlashda xavfsizlik chora-tadbirlariga qattiq rioya qilishni nazorat qilish;
-favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga mo‘ljallangan maxsus zahira bazalarini to‘g‘ri yaratilishiga baho berish;
-favqulodda vaziyat sodir bo‘lish ehtimoli mavjud ob’ekt va hududlarda ishlovchilar va aholini ishonchli aloqa vositalari bilan ta’minlash va xabarlash tizimini takomillashtirish;
- ob’ektni favqulodda vaziyatlar oqibatlaridan xavfsizligini yanada oshirish borasida chora-tadbirlar ishlab chiqish va tadbiq qilish va boshqa tadbirlar majmuiga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Fuqaro muhofazasiga oid qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligining bu boradagi me’yoriy hujjatlari, ko‘rsatmalari nafaqat aholini turli noxush vaziyatlardan muhofaza qilish, balki Vatanimiz hududlarini muhofazalash, sog‘lomlashtirish, muqaddas zaminni asrab-avaylashdagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solib, ro‘y berishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, bashoratlash, talofatlarini kamaytirish va sodir bo‘lgan noxush vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish yo‘llarini huquqiy belgilab beradi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, aholi va hududlarni turli ofatlardan muhofaza qilish, xavfsizligini ta’minlash birgina vazirlik yoki bitta sohaning muammosi bo‘lib qolmay, u umumxalq muammosi bo‘lib, ezgu maqsadlarga erishishda aholining barcha qismi yoppasiga harakat qilishi lozim.