Fe’l mayllari sinonimiyasi. Fe’l mayllarini hosil qiluvchi affikslar nutq talabiga ko‘ra o‘zaro sinonim sifatida ham ishlatiladi:
1. Xabar maylidagi fe’l buyruq-istak mayli manosini ifodalashda ishlatiladi: Qani, yigitlar, ketdik! Kechagi qiliqlaring uchun bugun hech yoqqa chiqmaysan, tushundingmi! 2. Xabar maylidagi fe’l shart mayli vazifasida qo‘llanadi: Va’da berdingmi-bajar. Boshga bir ish tushdimi, yagona yo‘l- uni jasorat bilan yengishdir. 3. Buyruq-istak maylidagi fe’l xabar mayli vazifasida ishlatiladi: Bolani o‘qitish o‘rniga xizmatingizni qildiring, yana urdiring! Sizda insof bormi? (xizmatingizni qildiribsiz, urdiribsiz) 4. Buyruq–istak maylidagi fe’l shart mayli vazifasida qo‘llanadi: Kimlardir mehnat qilsin-u, rohatini siz ko‘rasizmi?! Avval qo‘ng‘iroq chalsin, keyin hammamiz birga tashqariga chiqamiz. 5.Shart maylidagi fe’l xabar mayli ma’nosini ifodalashga xizmat qiladi: Kenjaboyning o‘g‘li yugurib kelsa-yu, to‘ni bilan sumkasini qo‘limga tutqazsa bo‘ladimi? (O.) (qo‘limga tutqazdi). 6. Shart maylidagi fe’l buyruq-istak mayli vazifasida qo‘llanadi: Sabr qilsang, g‘o‘radan halvo pishar (sabr qil, g‘o‘radan halvo pishadi). 6-§.Fe’llarning tuslanishi. Fe’l mayllari, odatda, grammatik shaxs, zamon ma’nolari bilan bog‘liq holda ifodalanadi. Shuning uchun ham ularni yuzaga keltiruvchi grammatik shakllar shaxs-son affikslari deb yuritiladi. Fe’llarning shaxs-son affikslari bilan o‘zgarish esa, tuslanish deyiladi. Demak, shaxs-son affikslarining jami tuslovchilardir. O‘zbek tilida tuslovchilar quyidagicha uch guruhga birlashadi.
1.To‘liqsiz tuslovchilar:
B i r l i k
K o‘ p l i k
I shaxs
II shaxs
III shaxs
o‘qidi+m
o‘qidi+ng
o‘qidi+0
o‘qidi+k
o‘qidi+ngiz
o‘qidi+(lar)
2.To‘liq tuslovchilar:
B i r l i k
K o‘ p l i k
I shaxs
II shaxs
III shaxs
o‘qib+man
o‘qib+san
o‘qib+di
o‘qib+miz
o‘qib+siz
o‘qib+di (lar)
3.Buyruq-istak mayli bilan tuslanish:
Birlik
Ko‘plik
I shaxs
II shaxs
III shaxs
o‘qi+y// -yin
o‘qi // o‘qi+gin
o‘qi+sin
o‘qi+ylik
o‘qi+ngiz
o‘qi+sin(lar)
Bu tuslovchilardan birinchi guruhi (to‘liqsiz tuslovchilar) mayl va zamon bilan aloqador bo‘lsa, -di va -sa affiksli sof fe’llarga qo‘shiladi. Ikkinchi guruhli (to‘liq shakl) esa, ravishdosh, sifatdosh va kesim vazifasidagi boshqa so‘zlarga qo‘shiladi. Uchinchi guruh tuslovchilar faqat buyruq - istak mayli uchun xosdir.