Shaxs-son affikslari sinonimiyasi. Shaxs-son affikslari o‘zaro sino-nimik munosabatda bo‘lish xususiyatiga ega bo‘lgan fe’l shakllaridan-dir. Xususan, ular o‘rtasidagi ma’nodoshlik quyidagilarda ko‘zga tashlanadi:
1. Fe’lning 1-shaxs ko‘plik shakli uning birligi o‘rnida qo‘llanilib, kamtarlik, manmanlik, o‘zini katta olish kabi ma’nolarni ifodalaydi: Shu masalalarning mazkur ishda qanday hal etilganligi haqida fikrlar bayon etilishini juda istaymiz (A.Hojiyev). Mehmonni ishga solar ekanmiz-da,-dedi Yo‘lchini birga olarkan Yormat. 2. Fe’lning1-shaxs birligi o‘rnida 2- yoki 3-shaxs birligi va ko‘plik shakli qo‘llanadi. Bunday holda shaxsning nutqi o‘ziga qaratilgan bo‘ladi: Mo‘lla Tursun, mana oliy ma’lumot haqidagi diplomni ham olding // Mo‘lla Tursun, mana oliy ma’lumot haqidagi diplomni ham oldilar. 3. Fe’lning 2-shaxs ko‘pligi 1-shaxs ko‘plik o‘rnida ishlatiladi. Bunda shaxs ma’nosi mayl ma’nosi bilan birga ko‘chadi: - Qani, yigitlar, ishni boshladik,- dedi boshliq ishchilarga. 4. Gap tarkibida kishi, odam so‘zlari ega vazifasida qo‘llanganda 1-shaxs birlik o‘rnida 2-shaxs ishlatiladi: Bu gaplarni eshitib, hayron bo‘lasan kishi. 6-§. Fe’l zamonlari ish harakati nutq so‘zlanib turgan paytdan avval, nutq so‘zlanib turgan paytda yoki nutq so‘zlanib turgan paytdan keyin bajarilgan, bajarilmaganligiga munosabatni ifodalovchi fe’l shaklidir. Shunga ko‘ra, fe’l zamonlari, dastlab, uch guruhga bo‘linadi: 1) o‘tgan zamon, 2) hozirgi zamon, 3) kelasi zamon.
O‘tgan zamon - nutq so‘zlanib turgan paytdan avval bo‘lib o‘tgan yoki bo‘lmagan harakatni anglatadi. O‘tgan zamonning quyidagicha besh turi mavjud: 1) yaqin o‘tgan zamon, 2) o‘tgan zamon hikoya fe’li, 3) uzoq o‘tgan zamon, 4) o‘tgan zamon davom fe’li, 5) o‘tgan zamon maqsad fe’li.
1. Yaqin o‘tgan zamon nutq so‘zlanib turgan paytdan oldin, so‘zlovchining ko‘z o‘ngida yoki bevosita ishtirokida sodir bo‘lgan harakatni ifodalaydi. U -di affiksini fe’llarga qo‘shish va tuslash orqali hosil bo‘ladi: o‘qi+di+m, o‘qi+di+ng, o‘qi+di. 2. Uzoq o‘tgan zamon ancha avval, qachondir bo‘lib o‘tgan yoki bo‘lmagan harakatni ifodalaydi: Bu shakl -gan sifatdoshi + edi, ekan, emish singari to‘liqsiz fe’llarni qo‘shish va tuslash orqali hosil qilinadi: o‘qi+gan+man, o‘qi+gan ekan+man, o‘qi+gan emish+man, o‘qi+gan edi+m kabi. 3. O‘tgan zamon hikoya fe’li nutq so‘zlanib turgan paytdan ilgari kutilmaganda, qisqa vaqt oralig‘ida bo‘lib o‘tgan hikoya qilish, tasvir-lash orqali hosil bo‘ladi. Bu shakl - b / ib yoki-b/-ib + edi to‘liqsiz fe’li orqali yasaladi: ol+ib+man, ol+ib+san, ol+ib edi+m, o‘qi+b edi+ng kabi. 4. O‘tgan zamon davom fe’li nutq so‘zlanib turgan paytdan ilgari davomli bo‘lgan, takrorlanib turgan harakatni ifodalaydi. Bu shakl –r (-ar), - yotgan, -moqda affikslari + edi to‘liqsiz fe’li yordamida yasaladi: bil+ar edi+m, bil+ar eding; ol+ayotgan edi+m, ol+ayotgan edi+ng; ol+moqda edi+m, ol+moqda edi+ng kabi. 5. O‘tgan zamon maqsad fe’li nutq so‘zlanib turgan paytdan avval maqsad qilingan harakatni ifodalydi. Bu shakl –moqchi, -digan affikslari va to‘liqsiz fe’li yordamida yasaladi: ol+moqchi edi+m, ol+moqchi edi+ng; ol+adigan edi+m, ol+adigan edi+ng kabi.