NAMUNA
GULISTON davlat
universiteti devonxonasi ish yurituvchisi,
1980-yilda tug`ilgan,“Kamolot” YIH a’zosi,
o`zbek, oliy ma’lumotli
Oxunova Zulfiya Boboxonovnaga
TAVSIFNOMA
Oxunova Zulfiya Boboxonovnaga Samarqand shahrida xizmatchi oilasida
tug`ilgan. U 1990-yildan 1999-yilgacha Samarqand shahridagi 48-o`rta umumta’lim
maktabida o`qidi. 1999-yildan 2001-yilgacha 48-o`rta umumta’lim maktabida tahsil
olib, maktabni “yaxsi” va “a’lo” baholar bilan tugatdi.
Oxunova Z.B. 2001-2002-yillarda Samarqand shahridagi futbol maktab-
internatida tikuvchi, shahar “Kamolot” YIH tashkilotida yetakchi-mutaxassis
lavozimlarida ishlagan. Ish jarayonida OITS va giyohvandlikka qarshi kurash
bo`yicha kurslarda o`qidi hamda Samarqand shahri va viloyatidagi bir qancha
maktablarda asrning dolzarb muammosiga bag`ishlangan targ`ibot-tashviqot ishlarida
faol ishtirok etdi.
Oxunova Zulfiya Boboxonovna 2002-yil SamDUning rus filologiyasi
fakultetiga o`qishga kirib, uni imtiyizli diplom bilan tugalladi va 2006-yil yanvar
oyidan boshlab universitet devonxonasida ish yurituvchi lavozimida faoliyat ko`rsatib
kelmoqda.
U ishchan, o`z vazifasini sidqidildan bajaradi, yangi xodimlar bilan tez til
topishadi, har qanday ko`ngilsiz holatda ham o`zini tuta oladi va yo`qatib qo`ymaydi,
mulohazali, xushchaqchaq, xushmuomala, muloyim fe’l-atvorli, o`zidan kattalarga
hurmat bilan, kichiklarga mehribonlik va g`amxo`rlik bilan munosabatda bo`ladi.
Jamoat ishlarida ishtirok etishni yaxshi ko`radi. Sportning yengil atletika turi bilan
muntazam shug`ullanadi. Samarqand shahar va viloyat miqyosida o`tkaziladigan
musobaqalarda ishtirok etib keladi. Bir necha bor sovrinli o`rinlarni ham egallagan.
Oxunova Zulfiya Boboxonovna o`zbek, rus, ingliz, tojik tillarida erkin
muomala qila oladi. U universitet professor-o`qituvchilari, xizmatchi-texnik
xodimlari orasida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy, siyosiy-tarbiyaviy tadbirlarda
ham faol ishtirok etib keladi. O`z dunyoqarashi, ma’naviy-siyosiy saviyasini oshirish
54
uchun kundalik matbuot, INTERNET ma’lumotlaridan doim xabardor bo`lib boradi,
badiiy kitolar va filologiyaga doir ilmiy asarlarni muntazam o`qib boradi.
Tavsifnoma talab qilingan joyga taqdim etish uchun berildi.
SamDU rektori: prof. SHIRINOV T.Sh.
“Kamolot” YIH tashkiloti
raisi: ABDUAZIZOZ T.R.
Devonxona mudiri: PARDAYEVA H.N.
2007.12.01.
TOPSHIRIQLAR
1.
Mavzuni to`liq o`qib chiqing.
2.
Mavzu mazmunini og`ziaki hikoya qiling.
3.
Mavzu bo`yicha keltirilgan zaruriy qismlar hamda berilgan namuna asosida
o`rtog`ingizga tavsifnoma yozing.
4.
O`rtog`ingizga yozilgan tavsifnomani og`zaki hikoya qiling.
TAVSIYANOMA
Tavsiyanoma ham ma’lum bir jihatlari bilan tavsifnomaga o`xshab ketadi.
Tavsiyanoma biror shaxsni muayyan lavozimga, yangi o`rin, vazifaga yoki ijtimoiy-
siyosiy, ijodiy jamoatchilik tashkilotlariga a’zolikka tavsiya etish uchun beriladigan
rasmiy hujjatdir. Tavsiyanomalar odatda muassasa, tashkilot, korxona, o`quv yurti
ma’muriyati, ijodiy uyushmalar yoki alohida bir shaxs tomonidan ham berilishi
mumkin. Tavsiyanoma ham qat’iy bir andozaga ega emas. U ham talab va ehtiyojga
qarab yoziladi.
Tavsiyanomada shaxsning butun hayoti, o`qish, ish yoki jamoatchilik faoliyati
qamrab olinmaydi. Balki bu hujjatni berayotgan rahbar yoki boshqa kishi uchun
ma’lum bo`lgan davr bayon etiladi, xolos.
Tavsiyanomada ham shaxsning o`z sohasida erishgan yutuqlari, malakasi,
ishchanligi, ijodkorligi, tashabbuskorligi, axloqiy, ma’naviy-ma’rifiy, siyosiy
saviyasi, ijtimoiy foaliyati, oilaviy ahvoliga qisman baho beriladi. Tavsiya
etilayotgan nomzodning yangi lavozim, o`rin, vazifaga munosibligi yoki ijtimoiy-
siyosiy tashkilot, ijodiy uyushma, jamoatchilik ishiga qanchalik loyiqligi ta’kidlanadi.
Tavsiyanoma shaxsning taklif etilayotgan lavozim, vazifa, ish yoki a’zolikni bajara
olishligiga ishonch bildirish va uning nomzodini tavsiya etish bilan yakunlanadi.
Tavsiyanomaning zaruriy qismlari:
Hujjat nomi - tavsiyanoma.
55
Tavsiyanoma berilayotgan shaxs haqida matn (shu shaxsni qachondan bilishi,
ish joyi, lavozimi uning o`z ishini qay darajada bajarishi, erishgan yutuqlari,
ishchanligi, atrofdagilarga munosabati, jamoatchiligi, ma’naviy-ma’rifiy, siyosiy
saviyasi, axloqiy sifatlari, obro`-e’tibori, oilaviy ahvoli, yangi lavozim, vazifa, o`rin,
ish yoki a’zolikka qay darajada mos ekanligi va unga bildirilgan ishonch hamda
tavsiya).
Tavsiyanoma beruvchilarning ish joyi lavozimi, imzolari, familiyalari, berilgan
sana va muhr.
NAMUNA
GULISTON davlat
universiteti filologiya fakulteti o`zbek
filologiyasi bo`limi bitiruvchisi
Sohibova Gulchehra Do`stmurodovnaga
TAVSIYANOMA
Sohibova Gulchehra filologiya fakultetiga o`qishga kirgan paytdan (2003-yl)
boshlab tirishqoq, qiziquvchan, intiluvchan, jamoatchi talaba sifatida tanildi. Men
G.Sohibovani fakultet talabalar kasaba uyushmasi byurosi hamda “Kamolot” YIH
universitet tashkiloti faollaridan biri sifatida 2004-yildan beri bilaman. U fakultet
“Kamolot” YIH tashkiloti, murabbiylar kengashi, guruh rahbari, fakultet xotin-qizlar
kengashi, fakultet ma’muriyati, o`zi tanlanma fanlar tinglaydigan amaliy tilshunoslik,
o`zbek tili va adabiyoti o`qitish metodikasi kafedrasi professor-o`qituvchilari, ilmiy
rahbari tomonidan beriladigan topshiriqlarni o`z vaqtida bajarib keladi. U har yili
universitet talabalarining an’anaviy anjumanida iqtidorli talabalar qatorida o`zbek
tilshunosligining dolzarb mavzulari bo`yicha ma’ruzalar qilib kelmoqda. Shuningdek,
xabar va lavhalari bilan shahar, viloyat va respublika vaqtli matbuoti sahifalarida ham
qatnashib turadi. Hozir u professor I.K.Mirzayev rahbarligida “Alisher Navoiy
ijodining o`rta umumta’lim maktablarida o`rganilishi” mavzusida malakaviy-bitiruv
ishi yozmoqda. O`tgan shu qisqa davr ichida u o`zining ilmiy kuzatishlar olib
borishga layoqatli ekanligini ko`rsatdi. Men yuqorida bayon etilganlardan kelib
chiqib, bitiruvchi G.Sohibovaning o`z ixtisosligi bo`yicha o`qishini muvaffaqiyatli
davom ettira olishiga ishinch bildiraman hamda uning nomzodini magistraturada
o`qishga tavsiya etaman.
Fakultet “Kamolot” YIH tashkiloti
yetakchisi: MARDONOV B.M.
2007.16.05.
TOPSHIRIQLAR
1.
Mavzuni o`qib, tavsifnoma va tavsiyanoma o`rtasidagi farqni tushuntiring.
2.
Tavsiyanoma qanday maqsadda yozilishini aytib bering.
3.
Mavzuning zaruriy qismlari hamda ilovada berilgan namunadan foydalanib,
o`rtog`ingizning nomzodini aspiranturada o`qishga tavsiya eting.
4.
Yozgan tavsiyanomangizni og`ziaki bayon eting.
56
ARIZA
Ma’lum bir davlat tashkiloti, xususiy korxona, huquqni muhofaza qilish
idoralari rahbarlari, mansabdor shaxslar nomiga iltimos, taklif yoki shikoyat
mazmunida yoziladigan rasmiy hujjat. Shikoyat mazmunidagi arizalar kelib tushgan
tashkilot tomonidan tegishli tartibda ro`yxatdan o`tkaziladi. Ariza ish, o`qish, yashash
joylarida eng ko`p qo`llanadigan hujjatlar turiga kiradi. Ariza alohida bir shaxs yoki
bir qancha kishilar tomonidan jamoa bo`lib yozilishi ham mumkin. Bu hujjat mahalla
raisiga, jamoat tashkiloti rahbariga, bog`cha mudirasiga, maktab, litsey, kollej
direktoriga, oliy o`quv yurti rektoriga, xo`jalik, tashkilot, korxona, muassasa
boshliqlariga, tuman, shahar, viloyat hokimlari yoki respublika miqyosidagi
rahbarlar, mansabdor shaxslarga yo`llanishi mumkin. Arizalarning mazmuni va hajmi
turli-tuman bo`lsa-da, ularning barchasi uchun xos bo`lgan umumiy zaruriy qismlar
muvjud.
Ularga quyidagilarni kiritish mumkin:
- ariza yo`llanayotgan tashkilot nomi, rahbarining lavozimi, familiyasi, ismi;
- ariza yozuvchining ish, o`qish yoki yashash joyi, lavozimi, familiyasi, ismi,
otasining ismi;
- hujjat nomi – ariza;
- matn (iltimos, taklif yoki shikoyat mazmunidagi ariza uchun asos bo`lgan
fikr-mulohazalarning qisqagina bayoni);
- ilova hujjatlar ro`yxati (mavjud bo`lsa yoki talab etilsa);
- ariza yozuvchining imzosi, familiyasi, ismi, yozilgan sana.
Ariza imkon qadar qisqa, ma’lumotlarga asoslangan holda, tushunarli uslubda
yozilishi lozim. Ariza bevosita rahbarning o`ziga yoki shu ishlar bo`yicha mutasaddi
kishiga topshiriladi. Arizada bayon etilgan iltimos, talab, taklif yoki shikoyat
amaldagi qonunlarda belgilangan tartibda muddatda hal etiladi.
NAMUNA
GULISTON davlatuniversiteti
tabiiy fanlar fakulteti talabalar
kasaba uyushmasi byurosi rasi S.Anorovga
shu fakultet biologiya bo`limi I kurs rus
guruhi talabasi Rahmonova Dildoradan
ARIZA
Guruhimiz talabalari bilan Prezident ta’tili paytida, ya’ni 2006-yil 28-29-
dekabr kunlari mamlakatimizning qadimiy shaharlaridan Buxoro hamda Qarshi
shaharlariga jamoa bo`lib sayohatga borishni rejalashtirganmiz. Viloyat sayohat
byurosi bilan kelishib, guruhimiz talabalari uchun ikki kunga 25 o`rinli avtobus
olishimizga yordamlashishingizni so`rayman. Yo`l xarajatlarini naqd pul bilan
to`laymiz.
2006.19.12. imzo RAHMONOVA D.
TOPSHIRIQLAR
1.
Mavzuni diqqat bilan o`qib, o`rganing.
2.
Ariza bilan hal etiladigan masalalar haqida gapirib bering.
57
3.
Quyidagi mavzularda ariza namunalarini yozing: to`y munosabati bilan
fakultet dekanidan ikki kunlik darslardan ozod etishi to`g`risida ruxsat so`rang,
farzandingizni bog`chaga joylash haqida, ishga kirish haqida, uy-joy qurish
uchun yer ajratish haqida, tadbirkorlik bilan shug`ullanish uchun mablag`
ajratish haqida, muddatidan oldin mehnat ta’tili olish haqqida, xizmat safariga
yuborish haqida va hokazo.
TUSHUNTIRISH XATI
Ish qog`ozlarining bu turi, odatda, xizmat sohasida, ish joyida yuz bergan
kamchiliklar yoki o`qish jarayoni bilan bog`liq bo`lgan ayrim vazifa va
topshiriqlarning bajarilmay qolish sabablarini bayon etish, izohlash maqsadida
yoziladigan rasmiy hujjatdir. Tushuntirish xati korxona, muassasa, tashkilot rahbari
yoki boshqa mutasaddi kishilar nomiga yo`llanadi. Bu hujjat korxonalararo yozishma
tarzida bo`lishi ham mumkin. Bunday holatlarda tushuntirish xati buyurtmachi va
ijrochi tashkilotlar, quyi va yuqori idoralar faoliyatiga doir masala, hisobot, reja,
loyiha, jadval va boshqa shu kabi asosiy hujjatlarga ilova qilinadi.
Tushuntirish xati ham ko`proq shaxsiy mazmunga ega bo`lib, odatda rahbar
yoki mutasaddi shaxs nomiga yoziladi va unda sodir etilgan xatti-harakatlar, yo`l
qo`yilgan qoidabuzarlik holatlari, bajarilmay qolgan ish, topshiriq yoki vazifalar,
ularni keltirib chiqargan sabablar izohlanadi. Shaxsiy mazmundagi tushuntirish
xatining zaruriy qismlari:
- hujjat yo`llanayotgan tashkilot nomi, rahbarning lavozimi, familiyasi, ismi;
- tushuntirish xatini yozayotgan kishining ish joyi, lavozimi, familiyasi, ismi;
- hujjat nomi - tushuntirish xati;
- matn (unda yuz bergan voqea-hodisa, yo`l qo`yilgan qoidabuzarlik, kamchilik,
nuqson, uni keltirib chiqargan sabablar hamda unga munosabat bayon etiladi);
- tushuntirish xatini yozgan shaxsning imzosi, familiyasi, ismi va yozilgan sana.
NAMUNA
GULISTON davlat
universiteti filologiya fakulteti dekani
dotsent J.Eltazarovga
shu fakultet`zbek filologiyasi bo`limi
IV kurs talabasi Eshonqulova
Charosning
TUSHUNTIRISH XATI
2007-yil 23-mart kuni ertalab soat sakkiz yarimlarda fakultet qiroatxonasida
dugonam Turdiyeva Sitora bilan malakaviy-bitiruv ishimizning xulosa qismini
qanday yakunlash to`g`risida suhbatlashib o`tirgan edik. Shu payt qattiq shamol
tufayli qiroatxonaning ikkita derazasi birdaniga ochilib ketdi va deraza raxiga gullar
ekib terib qo`ylgan tuvaklardan uchtasi polga qulab tushib, sindi. Biz gullar va
gultuvaklarning siniqlarini yig`ishtirib oldik. Gultuvaklarning sinishida hech kim
aybdor emas.
2007.27.03. imzo Eshonqulova Ch.
TOPSHIRIQLAR
1.
Mavzu va uning zaruriy qismlarini o`qib chiqing.
2.
Mavzu bo`yicha tushunchalaringizni og`ziaki bayon eting.
58
3.
Ariza va tushuntirish xatining o`xshash hamda farqli jihatlarini aytib bering.
4.
Quyidagi mavzularda tushuntirish xati namunalarini yozing: darsga kech
qolganligingizning sababi, darsga kela olmaganligingizning sababi, berilgan
topshiriqning o`z vaqtida bajarilmaganligining sababi, shanbalikda belgilangan
vazifalarning
tugallanmay
qolganligining
sababi,
mahsulot
tayyorlashdagi
uzilishlarning sabablari va hokazo.
TILXAT
Tilxat ham turmushda ko`p qo`llanadigan hujjat turlaridan biridir. Talabalar
oliy o`quv yurti qabul komissiyasiga hujjatlarini topshirganlarida ularga qabul
komissiyasi mas’ul xodimi tomonidan tilxat beriladi. Ko`rinadiki, tilxat muayyan
shaxs tomonidan hujjat, qimmatbaho buyum, pul va boshqa shu kabi narsalar
olinganda yoziladigan rasmiy hujjatdir. Tilxat odatda qimmatbaho buyum, hujjat yoki
pulni olgan shaxs tomonidan qo`lda yoziladi. Ommaviy tarzda qabul qilinadigan
o`rinlarda avvaldan tayyorlangan tilxat andozaliardan ham foydalaniladi. Tilxat
guvohlar ishtirokida yozilgan hollarda unga guvohlar ham imzo qo`yishlari,
familiyasi va ismlarini yozishlari shart. Ba’zan tilxat nodir hujjatlar, ko`proq
miqdordagi pul olinganda yoki olinayotgan narsa-buyumning qimmatbaholigi
e’tiborga olinib, notarial idoralarda tasdiqlanishi ham mumkin. Umuman, tilxat ikki
nusxada tayyorlanib, unda ko`rsatilgan miqdor, son raqamlar hamda so`zlar bilan
ham yozilishi talab etiladi. Tilxat matnidagi so`zlarni o`chirish, ularga tuzatish
kiritish, o`zgartirish mumkin emas. Tilxat qanday mavzularda yozilishidan qat’i
nazar, ularning barchasi uchun umumiy bo`lgan quyidagi zaruriy qismlar mavjud:
- hujjat nomi – tilxat;
- tilxat yozuvchi shaxsning o`qish, ish yoki yashash joyi, lavozimi, familiyasi,
ismi, otasining ismi;
- qimmatbaho buyum, pul, hujjat yoki boshqa shu kabi narsani beruvchi
shaxsning ham ish, o`qish yoki yashash joyi, lavozimi, familiyasi, ismi, otasining
ismi;
- olinayotgan narsaning to`liq nomi, aniq miqdori va holati, tilxat yozuvchi
kishining familiyasi, ismi va hujjat yozilgan sana.
NAMUNA
TILXAT
Men, GULISTON davlat universiteti fizika-matematika fakulteti amaliy
matematika bo`limi III kurs “A” guruhi talabasi Abdullayev Abdumalik Erkinivich,
ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo`yicha fakultet dekani o`ribosari Rozmurodov
Do`stmurod Azizovichdan talabalar spartakiadasida voleybol bo`yicha ishtirok
etayotgan fakultet terma jamoasi a’zolari uchun 12 dona yangi sport kiyimi, bir dona
voleybol to`pi oldim. Kiyimlar va to`pni sport musobaqalari tugagach dekanatga
keltirib topshirishni o`z zimmamga olaman.
2007.18.01. imzo ABDULLAYEV A.E.
TOPSHIRIQLAR
1.
Mavzu matni hamda uning zaruriy qismlarini o`qing.
2.
Mavzu bo`yicha tushunganlaringizni og`zaki hikoya qiling va turmushda yuz
bergan holatlar bilan qiyoslang.
59
3.
Quyidagi mavzularda tilxat namunalari yozing: guruh oqsoqoli sifatida
talabalar stipendiyasini tarqatish uchun katta miqdorda pul olganligingiz
haqida, o`tkazilgan sport musobaqalarida talabalar kiyadigan sport kiyimlari,
anjomlari olganlingiz haqida, o`rtog`ingizdan ma’lum miqdorda pul qarz
olganlingiz haqida, qo`shningizning videokamerasini vaqtincha ishlatib turish
uchun olganligingiz haqida va hokazo.
ISHONCH XATI
Bu hujjat ish qog`ozlari yuritish jarayonida ishonch xati, ishonchnoma,
vakolatnoma kabi atamalar bilan yuritilib kelinmoqda. Bizningcha, ish yuritish
sohasida mazkur hujjatni bir atama bilan nomlash zarur. Xuddi tilxat kabi ishonch
xati atamasi bilan yuritish maqsadga muvofiqroq ko`rinadi. Shunga ko`ra biz bu
hujjatni ishonch xati deb nomlanishi tarafdorimiz. Ishonch xati biror bir korxona,
muassasa, tashkilot yoki shaxs nomidan ish ko`rish huquqini beradigan rasmiy
hujjatdir. Ishonch xati xizmat vazifasi yuzasidan yoki shaxs tomonidan berilganligiga
ko`ra xizmat ishonch xati va shaxsiy ishonch xati turlariga bo`linadi. Xizmat ishonch
xati bilan vakolatga ega bo`lgan shaxs uni bergan korxona, muassasa, tashkilot
nomidan mol-mulkni boshqarishi, pul, qimmatbaho buyumlar, jihozlar, asbob-
uskunalarni olishi, sud idoralarida ish olib borishi va berilgan vakolat doirasida
boshqa ishlarni bajarishi mumkin. Shaxsiy ishonch xati orqali maosh, stipendiya,
pensiya, nafaqalarni olish, hovli-joy, xonadon, transport vositalaridan foydalanish va
ularning oldi-sotdisi bilan shug`ullanish hamda ular bilan bog`liq bo`lgan boshqa
ishlarni amalga oshirish huquqi beriladi. Har ikkala turdagi ishonch xatlari ham
ma’lum muddatga berilib (masalan, bir necha kundan uch yilgacha), ishonch xati
beruvchi kishining imzosi u ishlayotgan korxona yoki notarial idoralar tomonidan
muhr bilan tasdiqlanadi. Ishchi, xizmatchi xodimlar, talabalar, keksa kishilar
tomonidan kundalik turmushda shaxsiy mazmundagi ishonch xatlarini yozish ko`proq
kuzatiladi. Shunga ko`ra har bir savodxon kishi shaxsiy mazmundagi ishonch xati
matnini to`g`ri yoza bilishi lozim.
Shaxsiy ishonch xatining zaruriy qismlari:
- hujjat nomi - ishonch xati;
- ishonch xati beruvchi shaxsning ish, o`qish yoki yashash joyi, lavozimi, familiyasi,
ismi, otasining ismi;
- ishonch xati oluvchi shaxsning ish, o`qish yoki yashash joyi, lavozimi, familiyasi,
ismi, otasining ismi;
- ishonch xati berilishidan ko`zda tutilgan maqsad, bajariladigan vazifalar, ishonch
bildirilgan muddat;
- ishonch xati beruvchining imzosi, familiyasi, ismi, otasining ismi, hujjat yozilgan
sana;
- ishonch xati bergan shaxsning imzosini tasdiqlovchi tashkilot, notarial idora nomi,
mansabdor shaxsning imzosi, familiyasi, ismi.
- hujjat tasdiqlangan sana va muhr.
60
NAMUNA
ISHONCH XATI
Men, Samarqand shahridagi 45-sonli o`rta umumta’lm maktabining
biologiya fani o`qituvchisi Erdonova Gulbahor Farmonovna, Toshkent
shahridagi Abdulla Qodiriy nomli o`qituvchilar malakasini oshirish instititiga
ikki oylik malaka oshrish kursiga yuborilganligim tufayli 2007-yil fevral-mart
oylari uchun oylik maoshimni turmush o`rtogim Bo`riyev Fayzulla
Xudayberdiyevichning olishiga ishonch bildiraman.
2007.12.01. imzo ERDONOVA G.F.
Biologiya fani o`qituvchisi G.F.Erdonovaning imzosini tasdiqlayman. Samarqand
shahar 45-o`rta
umumta’lim maktabi direktori POLVONOVA D.S. imzo
2007.15.01.
TOPSHIRIQLAR
1.
Mavzu va uning zaruriy qismlarini o`qib chiqing.
2.
Mavzuni og`zaki hikoya qiling va ishonch xatining ahamiyatini tushuntiring.
3.
Quyidagi mavzularda ishonch xati namunalari yozing: sizning nomingizga
kelgan pochta jo`natmasini olish uchun o`rtog`ingizning nomiga ishonch xati yozing,
xizmat safariga ketayotganligingiz munosabati bilan oylik maoshingizni olishi uchun
turmush o`rtog`ingiz nomiga ishonch xati yozing, malaka oshirish uchun o`qishga
ketayotganligingiz munosabati bilan oylik maoshingizni olishi uchun akangiz nomiga
ishonch xati yozing va hokazo.
Dostları ilə paylaş: |