Biotsenozning tuzilishi va tur tarkibi
Biotsenoz gr. bios- hayot- kainos- umumiy degan manoni bildirib, yashash sharoitlari malum darajada bir xil bo’lgan o’simliklar va hayvonlar qavmi. Bu tabiiy yoki inson faolyati tasirida yuzaga keladi va organizmlar bir biri bilan bog’liq holda rivojlanadi. Biotsenoz terminini taxminan 1877 yilda K. Mebius taklif etgan edi. Biotsenoz bir maydonda mavjud bo’lgan hayvonlarning hamda o’simliklarning yig’indisidir, yani o’simliklar jamoasini (yig’indisini) izohlovchi fitotsenoz va hayvonlar qavmini (yig’indisini) bildiruvchi zootsenoz kabi bo’limlarning majmuidan iborat. Biotsenoz tabiat majmuasi bo’lmish biogeotsenozning bir qismi hisoblanib, uzoq yillar davomida asta sekin rivojlanadi va o’zgarib boradi. Odamning tabiatga aralashuvi natijasida biotsenozni jamiyat manfaatlari nuqtai nazariga qarab o’zgartirish mumkin. Shuning uchun ham biotsenozlar xo’jalik uchun katta ahamiyatga ega.
Biotsenozga Ye. N. Pavlovskiy va G. A. Novikov 1950 yilda ta’rif berib, biotsenoz tabiiy holda yoki insonning ta’siri natijasida hosil bo’ladi,-degan edi. Lekin biotsenozga kiradigan organizmlar bir biri bilan bog’liq holda rivojlanadi.
O’simliklar, hayvonlar va mikroorganizmlarning yer yuzasining ozmi-ko’pmi bir xil sharoitlarga ega bo’lgan joylarda yashaydigan, nisbatan barqaror turkumlari b i o t s e n o z l a r deyiladi.
Biotsenozdagi ayrim organizmlar- a v t o t r o f l a r noorganik moddalardan organik moddalar sintez qiladi. Boshqa geterotroflar esa organik moddalarni istemol qilgan holda uni avtotroflar tomonidan qayta foydalanish uchun yaroqli bo’lgan moddalargacha parchalaydi. Tadrijiy taraqqiyot davomida organizmlarning har xil turlari dastlabki ozuqa materialidan modda va energiyani ketma-ket olish uchun o’zaro bog’liqlik hosil qilishgan. Buning natijasida o z i q l a n i sh z a n j i r l a r i deb nom olgan jarayon yuzaga kelgai.
Biotsenozlarda organik moddalarni (oqsillar, yog’lar, uglevodlar va b.) tayyorlovchi p r o d u t s e n t l a r, ularni iste’mol qiluvchi k o n s u m e n t l a r va organik moddalarni yemiruvchi, chirituvchi m i k r o o r g a n i z m l a r farqlanadi.
Biotsenozning bosh komponenti -fitotsenozni bir-biri bilan va atrof muhit bilan mujassam o’zaro aloqada bo’ladigan o’simlik jamoalari hosil qiladi. Yer yuzasining yoki uning ayrim hududlarining fitotsenozlari o’ s i m l i k q o p l a m i n i hosil qiladi.
O’simliklar harakatlanmaydigan komponent bo’lganligi tufayli biotsenozning harakatlanmaydigan, nisbatan doimiy asosini tashkil etadi. Hayvonlar zsa biotsenozning harakatlanuvchan komponentlari sifatida z o o ts ye n o z l a rni hosil qiladi. Zootsenozning chegaralari fitotsenoz chegaralari asosida shartli o’tkaziladi.
Tuproqda, havo va suvda yashaydigan organizmlar m i k r o b i o ts ye n o z ni tashkil qiladi. Shunday qilib, fitotsenoz, zootsenoz va mikrobiotsenoz birgalikda biotsenozni vujudga keltiradi. Muayyan joy uchun xos bo’lgan tabiiy muhitni jonsiz, abiotik komponentlarining majmuasi b i o t o p deyiladi. Biotsenozlar biotop bilan birgalikda biogeotsenozni hosil qiladi. Biz biogeotsenoz haqida avvalgi mavzularda fikr yuritganmiz.
Biotsenoz ham fitotsenoz singari faqat biologik tushuncha bo’lmay, balki geografik tushuncha hamdir. Ma’lumki, yer kurrasida mavjud bo’lgan tirik organizmlar o’zaro ma’lum munosabatda bo’lib qolmasdan, balki tashqi muhit va ayniqsa, iqlim va tuproq muhiti bilan vositali va vositasiz munosabatda bo’ladi. Bunday munosabatlarni o’rganuvchi sohaga b i o t s e n o l o g i ya deyiladi.
Biotsenozdagi o’simliklarning bir biriga nisbatan tashqi ko’rinishini o’rganganda, ularning faqat yer ustki qismi organlarining tuzlishinigina e’tiborga olmasdan, balki ularning yer ostki qismi, ya’ni ildiz sistemalarining ham bir-biriga nisbatan tuproqning turli qatlamlarida tarqalishini ko’zda tutadi. Muayyan bir hududda turlar tarkibi, soni, qavatliligi-yarusligi-pog’onaligi, tashqi ko’rinishi bilan bir biridan ma’lum darajada ajraladigan bir necha jamoalarni ko’rish mumkin. Bunday hollarda jamoa m i k r o j a m o a yoki m i k r o b i o ts ye n o z lar deb ham yuritiladi. Masalan zich o’rmonlarda bir xil mikroorganizmlar mavjud bo’lsa, siyrak o’rmonlarda ikkinchi xil mikrobiotsenozlarni ko’rish mumkin. Bunday biotsenozlar daraxtlardan tortib (agar ular shu jamoada mavjud bo’lsa) barcha buta, o’t o’simliklari, yo’sinlar, lishayniklar, suv o’tlari, zamburug’lar va bakteriyalarni o’z ichiga oladi.
Shunday qilib, biotsenoz o’rganilayotganda yuqorida ko’rsatilgan xususiyatlardan tashqari shu biotsenozni tashkil ztadigan o’simliklar va hayvonlarning hayotiy shakllari hisobga olinadi. Biotsenozlarning tashqi qiyofasi fasllar bo’yicha yil davomida o’zgarib turadi. Bunday o’zgarishlarning yil davomida sodir bo’lishida biotsenozning tur tarkibi ham muhim rol o’ynaydi.
Kichik jamoalar uchun (daraxtlarning tanalari va barglarida yashaydigan iidividlar) har xil atamalar ishlatiladi; m i k r o j a m o a, b i o ts ye n o t i k g r u p p a l a r, b i o t i k k o m p l ye k s l a p va boshqalar. Biotsenotik gruppalar o’rtasida keskin farq bo’lmaydi. Kichik jamoalar ham uning tarkibiga kiradi, ular nisbatan o’zlarining muxtor (avtonom) qismlariga ega bo’ladi. Shunday qilib, yo’sin va lishayniklar daraxtlarning poyasidagi yirik jamoalardan tashkil topgan organizmlardir. Bular shu yerdagi daraxtlar va boshqa biologik va ekologik omillar bilan bog’langan bo’ladi. Bu gruppalar o’z navbatida o’rmon biotsenozining tarkibiy qismi hisoblanadi. Odatda biotsenoz bu murakkab komplekslarga kiradi va yerning butun jonli qatlamini hosil qiladi.
Jamoalarning masshtabi- ko’lami kattalashgan sari ularning murakkablashish darajasi ham oshib boradi va turlararo bilvosita bog’lanish ham murakkab bo’ladi. Tabiatda har qanday jonli organizmlar o’z qonunlariga muvofiq rivojlanadi Shuning uchun ham ularning mavjudligi va rivojlanishi tabiiy sistemadan iboratdir. Sistemaning asosiy xususuyatlaridan biri- organizmlardan yuqoriroq tashkil etilgan hayot, nemis ekologi V. Tishler klassifikatsiyasi bo’yicha quyidagichadir.
1. Jamoalar hamma vaqt tayyor qismlardan (har xil turlardan yoki bir necha turlar kompleksidan) hosil bo’ladi , qo’shiladi va rivojlanadi. Ularning hosil bo’lishi o’simlik bilan ayrim organizmlarning paydo bo’lishidan farq qiladi.
2. Jamoalarning qismlari tabiiy ravishda almashinishi mumkin. Bir tur yoki turlar kompleksi boshqa turlarning o’rnini egallashi mumkin, qachonki agar ushbu turlarga ham ekologik omil talablari bir xil bo’lganda. Bunday holda ular tabiiy sistemaga zarar yetkazmaydi.
3. Agar bir butun organizmda doimiy ravishda koordinatsiya saqlanadigan bo’lsa, organizmdagi organlarning hamkorligi mavjud bo’lsa, bu vaqtda organizlarning ustidagi sistema qarama-qarshi yo’nalishdagi kuchlar asosida vujudga keladi. Biotsenozdagi turlarning manfaatlari doimiy ravishda qarama qarshilikka asoslangan. Masalan, zootsenozda yirtqich o’zining o’ljasi uchun a n t o g a n i s t dir, yani bir-biri bilan murosaga kelishmaydigan raqiblar hisoblanadi. Shunday bo’lishiga qaramasdan ular jamoada birga yashaydilar. Bunday hol yashash uchun kurash qonuniga asoslanadi.
4. Har qanday jamoa miqdor jihatidan bir turning ikkinchi tur tomonidan boshqarilishiga asoslangan bo’ladi.
5. Organizmlar ko’lamining kattalik chegarasi o’z ichki dasturi bilan chegaralangandir. Organizmlardagi yuqori sistemaning kattaligi tashqi sabablar bilan belgilanadi. Har qanday jamoalar tabiatdagi muhit omillari va inson faoliyati tufayli doimiy ravishda rivojlanib, o’zgarib turadi. Ba’zan bunday rivojlanish va o’zgarish progressiv (ko’tarilish) hamda regressiv (tushish) ko’rinishda bo’lishi ham mumkin.
Evolyutsion rivojlanish natijasida muayyan bir hududda oldin yashagan jamoalar inson ta’sirida o’zgarib, boshqa bir jamoa bilan almashinishi mumkin. Ma’lumki insonlarning kundalik ijodiy faoliyati natijasida botqoqliklarning quritilishi va yangi yeolarning o’zlashtirilishi natijasida bu yerlarda madaniy agrotsenozlar paydo bo’ladi. Bunday maydonlarni madaniy agrofitotsenozlar yoki agrotsenozlar deyiladi. Tabiiy biotsenozlar o’zining barcha tuzilish jihati bilan inson yaratgan madaniy landshaftlardan- agrotsenozlardan tubdan farq qiladi. Agrotsenozlar sun’iy ravishda saklab turiladigan beqaror gruppadan iborat bo’lib, unda komponentlarning o’zaro aloqasi inson tomonidan amalga oshiriladi. Inson komponentlarning tarkibini o’zi xohlagancha o’zgartiradi va o’zi ekib o’stirgan o’simliklarni atayin zich holda saqlab turadi. Shuning uchun ham agrotsenozlarning strukturasi tabiiy biotsenozlar tarkibiga nisbatan odatda juda sodda bo’ladi, chunki agrotsenozlarda ko’pincha bir, ba’zan ba’zan bir necha tur dominantlik qiladi, boshqa turlar sun’iy ravishda bostirilib turadi.
Biotsenozdagi organizmlarning munosabatlari juda ham murakkabdir. Bu hodisani ular miqdorining nihoyatda kattaligi isbotlaydi. Yirik tabiatshunos olim V. I. Vernadskiy 1934 yilda, bizning sayyoramizdagi jonli organizmlar miqdori 10'° -t o n n a ga to’g’ri keladi. O’simliklar massasi hayvonlar massasidan bir necha marta yuqori bo’ladi-deb ko’rsatgan edi.
Yer yuzida barcha o’simliklarning massasi (Getner, 1936) 2337 km. kubga, hayvonlarniki esa hammasi bo’lib 1 km kubga teng bo’ladi. Yashil o’simliklar, ayrim bakteriyalar produtsentlar, ya’ni organik moddalar ishlab chiqaradi. Hayvonlar va yashil holda bo’lmagan o’simliklarning ko’pchilik qismi istemolchi hisoblanadi yoki konsumentlardir. Konsumentlar orasidagi organizmlardan organik moddalarni mineral birikmalarga aylantiradigan organizmlar gruppasini ajratish mumkin. Bunday organizmlarni r ye d u ts ye n t lar deb yuritiladi. Bularga bakteriyalarning ko’pchilik vakillari chirish jarayonini amalga oshiradigan va boshqa bir qancha organizmlar kiradi. Biotsenozlarniig tuzilishi ko’p tarmoqli bo’lib, uni tekshirishda bir qancha aspektlarga ajratiladi.
T u r (Species) atamasi organik moddalarga nisbatan ilmiy adabiyotlarda ishlatila boshlaganiga ikki yarim asrdan oshdi. Birinchi bor chex olimi Jan Rey o’zining «Historia plantarum» nomli asarida «tur» terminini qo’llagan edi. Bu atamaning uzil- kesil qaror topishi va binor nomenklaturadan o’rin olishi yirik tabiatshunos olim K. Linneyning nomi bilan bogliqdir. Odatda biotsenozlar turlarga boy yoki aksincha kambag’al yoki turlar soni kam biotsenozlarga bo’linadi.
Doimiy ravishda fojeali ta’sir ko’rsatiladigan mintaqalarda joylashgan biotsenozlarda ham tur s p ye k t r i unchalik yuqori bo’lmaydi. Masalan, daryolarning toshishi natijasida suv bosishi, yerni haydash natijasida o’simliklar qoplamining yo’qotilishi, chorva mollarining haddan ziyod ko’p boqilishi, doimiy ravishda har xil zaharli ximiyaviy moddalarning qo’llanilishi, pestitsidlarning ishlatilishi va kishilar tomonidan ko’rsatiladigan boshqa salbiy ta’sirlar tufayli tur tarkibi kam bo’ladi. Aksincha, sharoit bundan teskari bo’lib, muhit sharoitlari –ya’ni, abiotik omillar yashash uchun qulay bo’lsa, turlarga nihoyatda boy jamoalar vujudga keladi. Bunga jonli misol sifatida tropik zona o’rmonlarni, ilmiy asosda tashkil etilgan qo’riqxonalarni ko’rsatish mumkin.
Biotsenozdagi turlar tarkibining mo’l yoki aksincha kam bo’lishi yuqorida ko’rsatib o’tilgan omillardan tashqari, mavjud turlarning ontogeneziga (individual taraqqiyot) uzoq yashashiga ham bog’liq. Inson tomonidan yaratilgan biotsenozlar ya’ni agrofitotsenozlar (dala ekinlari maydonlari, bog’lar, poliz va sabzovot ekin maydonlari) tabiiy holdagi biotsenozga nisbatan (o’rmon, sahro, yaylov, cho’l, tog’, botqoq, to’qay) turga juda kambag’al bo’ladi. Lekin tur jihatidan kambag’al biotsenozlar ham o’z ichida turli sistematik va ekologik gruppaning vakillari bo’lgan bir qancha o’nlab tur organizmlarni saqlaydi. G’alla ekinlaridan tashkil topgan agrotsenozlarda (bug’doydan tashqari) kam miqdorda bo’lsa ham har xil begona o’tlar, hashoratlar, bug’doy zararkunandalari va yirtqichlar, fitofaglar bilan oziqlanuvchilar, kalamushsimon kemiruvchilar, umurtqasizlar, tuprokda yashovchi mikroorganizmlar, patogen zamburug’lar va boshqa organizmlar mavjuddir. Quruqlik muhitidagi va suv muhitidagi biotsenozlar tarkibida ham mikroorganizmlar, o’simliklar va hayvonlarning ko’plab turlari bo’ladi. Ayrim muhit biotsenozlarida o’simliklar bo’lmaydi. G’orlarda va suv havzalarida juda kamdan-kam holatda biotsenozlar faqat mikroorganizmlardan tashkil topgan bo’lishi mumkin. Anaerob muhitda, suv havzalari tubida ana shunday biotsenozlarni uchratish mumkii. Biotsenozdagi turlarning umumiy sonini hisoblash juda ham murakkabdir. Chunki mikroskopik organizmlarni hisoblash usuli va sistematik guruhlari to’liq o’rganilgan emas. Bizga bir narsa ma’lumki, turga boy bo’lgan tabiiy jamoalar minglab va hatto o’n minglab turlarni o’z ichiga olib, har xil bog’lanishlardan iborat murakkab birlashgan sistemani hosil qiladi. Jamoadagi turlarning murakkabligi muhit sharoitining xilma-xilligiga bog’likdir. Har xil muhit sharoitining turlarga ta’siri shunda seziladiki, muhit chegarasida yoki chekka qismida turlar soni mo’lroq bo’ladi. Bunday joylarda qushlarning inlari ko’p bo’ladi. O’rmon chetlarida hashoratlar soni va turi ko’p bo’ladi. Sababi chekka qismida namlik va harorat boshqa yerlarga nisbatan yaxshiroq bo’ladi. Muhit xilma-xilligini abiotik omillar va jonli organizmlar hosil qiladi. Odatda har bir tur biotsenozdan boshqa turlarning o’rin olishi uchun qulay muhit yaratadi. Misol uchun yumronqoziq muhit sharoitini o’zlashtirgandan keyin bu yerga yirtqichlar kelib qo’shiladi, chunki yumronqoziqning o’zi yirtqich uchun birlamchi oziqa hisoblanadi. Shuningdek mavjud turlar parazit turlarning tarqalishiga sababchi bo’ladi va inlarida birga yashaydigan boshqa individlarning bu biotsenozda tarkib topishiga ta’sir ko’rsatadi. Hayvonlar uchun har xil muhit sharoitinint yaratilishiga o’simliklar jamoalari sababchi bo’ladi. Chunki ular mikroiqlim yaratib hayvonlarning rivojlanishi uchun qulay sharoit hosil qiladi. Biotsenozda iqlim sharoitining yaxshilanishi tufayli ular o’zlarida ko’plab hayvonlarning yashashiga imkon yaratadi. Boshqacha qilib aytadigan bo’lsak, biotsenozda ekologik qulaylik qancha ko’p bo’lsa uning tarkibi turga shuncha boy bo’ladi. O’z navbatida ekologik qulaylik imkoniyatlarning miqdori jamoadagi turlarning xilma xilligi ko’payishi bilan o’sishi mumkin. Biotsenozning tur tarkibini tavsiflashda uning tarkibidagi turlar miqdoridan tashqari ularning son munosabatlarini aniqlash ham muhim ahamiyatga egadir. Agar har birida yuztadan individlari bo’lgan beshta bir xil turdan iborat bo’lgan ikkita g i p o t ye t i k gruppa taqqoslansa, ular biotsenotik nuqtai nazardan teng bo’lmasligi mumkin. Gruppadagi yuz individdan sakson oltitasi bir turga, qolgan o’n to’rtasi to’rt turga to’g’ri kelsa, beshta turga yigirmatadan individ to’g’ri keladigan biotsenozga nisbatan bir xil bo’ladi.
Bir kattalikdagi sinfga kiruvchi turlar, bir biotsenoz tarkibiga kirishga qaramasdan miqdor jihatidan tubdan farq qiladilar. Turlardan bittasi juda kam uchraydi, boshqa tur shunchalik ko’p uchraydiki, u biotsenozning tashqi qiyofasini belgilaydi.
Tur son jihatidan ko’p bo’lsa, jamoada ustun tur deb yuritiladi. Ustun turlar jamoada hukmronlik qiladilar va ularning tur yadrosini tashkil qiladi. Ya’ni barcha dominant turlar biotsenozga bir xil ta’sir ko’rsatmaydilar. Bular orasida shunday turlar borki, o’zining hayot faoliyati bilan barcha jamoalarga noqulay muhit sharoitini yaratadi va shuning uchun ham boshqa ko’pchilik turlarning yashashi qiyinlashadi. Shuningdek, jamoada edifikator turlar deb nomlanuvchi turlar ham mavjud bo’ladi. Edifikator turlar lotincha «quruvchi» degan ma’noni bildiradi. Agar biotsenozda edifikator turlar ajratib olinsa, fizik muhit-birinchi navbatda biotopning mikroiqlimi o’zgaradi.
Turga boy bo’lgan biotsenozlarda amalda tur individlarining soni kam bo’ladi. Tropik o’rmonlarda o’sadigan bir turga mansub daraxtlarning bir-birlariga yaqin turganini uchratish juda qiyin. Bunday jamoalarda ayrim turlarning yoppasiga bir tekis rivojlanishi kuzatilmaydi. Bunday biotsenozlar yuqori nomuntazamliligi bilan ajralib turadi.
Biotsenozdagi turlar tarkibidagi ayrim turlarning o’rnini baholashda har xil ko’rsatgichlar ishlatiladi, ayniqsa, uning soniga e’tibor berish muhim hisoblanadi. Turlarning mo’lligi ma’lum maydonda bir turga mansub individlarning soni yoki ularni ishg’ol qilgan maydon bilan belgilanadi. Ayrim vaqtlarda turlarning ko’pligini baholashda ularning umumiy ogirligi ham hisobga olinadi. Turning soni va uchrash tezligi bir biri bilan to’g’ri bog’langan emas. Turlar son jihatidan jamoada ko’p bo’lishi mumkin, lekin individlar soni juda kam uchraydi. Har bir yillikning umumiy tavsiflarini solishtirish orqali biotsenozning tur tarkibini o’ziga xosligi haqida yetarlicha ma’lumot olish mumkin.
Dostları ilə paylaş: |