Ontogenetik taktika bu tirik organizmlarning muddatli noqulay tashqi muxit omillariga nisbatan o’z vaqtida moslanishlarni namoyon qilish xususiyati hisoblanadi.
Ontogenetik taktika o’simliklarda ham, hayvonlarda ham kuzatiladi. Masalan, qurg’oqchil (kserofit) mintaqalarda o’sadigan ayrim o’simliklar, harorat haddan ziyod ko’tarilib ketganda, o’z barglarini vaqtincha to’kib yuboradilar. Shunday qilib, transpiratsiya jarayonini o’ta kamaytirgan xolda, o’zining hayotini saqlab qoladi va yashovchanligini namoyon qiladi.
Hayvonlarda ham bunday xususiyat mavjud. Masalan, harorat o’ta isib ketganda ayrim sovuqqonli hayvonlar qisqa muddatli anabiyoz xolatini namoyon qiladi, yani qisqa muddatli karaxtlik xolatiga o’tadi. Ular ham bu moslanishi bilan ekstremal noqulay sharoitda o’zini hayotini saqlab qoladi.
Ilmiy va o’quv adabiyotlarida ekologik strategiyalar tushunchasi ontogenetik strategiyalar deb ham yuritiladi. Ekologik strategiyalar (ontogenetik strategiya) tirik organizmlarning butun hayoti davomidagi tashqi muxitning har qanday omillariga nisbatan moslanishlarining majmui hisoblanadi. Ekologik strategiyalar turning butun evolyutsiyasi jarayonida shakllanadi va ontogenezida namoyon bo’ladi. Demak, ekologik strategiyalar tirik organizmlarning tashqi muxit omillariga o’z moslanishlarini namoyon qilish xususiyatidir.
Ekologik strategiyalarning tirik organizmlar hayotidagi bilogik ahamiyati juda katta hisoblanadi va bu turlarning o’simliklar qoplami va hayvonot dunyosidagi o’rnini mustaxkamlaydi, ularning yashovchanligini namoyon qiladi.