Fizik masala qanday yechiladi? Masala yechish- noma’lum fizik kattalikni masala shartida berilgan kattaliklar orqali ifodalangan ishchi formulani chiqarib, masala shrtida berilgan kattaliklarning “XBS” sistemasidagi son qiymatlarini o’rniga qo’yib hisoblashdan iborat.
Har qanday masalani yechishdan oldin o’rta maktab uchun tavsiya etilgan darslikdan yoki qo’llanmalardan tegishli mavzularni o’qish, asosiy qonun-qoida va formulalarni o’rganish shart.
Zarur bo’lgan nazariy va amaliy bilimni olgach, kitobda izohli yechimi keltirilgan masalalar bilan mufassal tanishib chiqish lozim. Shundan keyin mustaqil yechishga tavsiya qilingan masalalarni yechishga kirishiladi. Masalalarni Xalqaro Birliklar Sistemasi “XBS”da yechish tavsiya qilinadi. To’g’ri yechilganda masalaning javobi va birligi kelib chiqadi. Aks holda masala noto’g’ri yechilgan bo’ladi.
Masalalarni yechishda quyidagi metodik ko’rsatmalarga amal qilish lozim. 1. Masalaning sharti bir necha marta o’qib chiqiladi va u fizikaning qaysi bo’limiga tegishli ekanligi aniqlanadi.
2. Masalaning mazmunini tushunib, masala shartida berilgan kattaliklarni “XBS” da ifodalab, topilishi kerak bo’lgan kattalik yoziladi.
3. Masalaning shartiga mos chizma chiziladi.
4. Masala yechishdan oldin uning shartida qanday fizik qonuniyatlar yotganligi aniqlanadi.
5. Masalani umumiy ko’rinishda yechish uchun ketma-ketlik usuli asosida masala shartidagi noma’lum kattaliklarni boshqa ma’lum kattaliklar bilan bog’lovchi ishchi formulalar topiladi. Agar hosil qilingan ishchi formulalar to’g’ri bo’lsa, masala javobidagi izohsiz yechim bilan bir xil ko’rinishda bo’ladi.
6. Natijaviy ishchi formulaga kattaliklarning “XBS” sistemadagi son qiymatlarini qo’yib, hisoblash ishlari bajarilsa, masalaning javobi kelib chiqadi.
7. Ayrim hollarda barcha berilgan kattaliklarning qiymatlarini bitta sistemaning o’zida ifodalashning hojati bo’lmay qoladi. Masalan, ishchi formuladagi kattaliklar surat va maxrajda ko’paytmadan iborat bo’lganda bu kattaliklarning qaysi birlikda ifodalanishidan qat’iy nazar ularning o’lchov birligi bir xil bo’lishi kifoyadir.
8. Masalaning javobini chiqarishda oxirgi natijaning aniqlik darajasiga ahamiyat berish kerak. Bunda javobning aniqligi masala shrtida berilgan kattaliklarning aniqligidan oshmasligi lozim.
9. Masalani yechish davomida qo’llanilayotgan har bir qonun, qoida, formula va fizik kattaliklar qisqacha izohlab boriladi.