Fizika guruh talabasi ostonov sanjarbekning fizika


 Fizika fani va uning boshqa fanlar bilan aloqasi



Yüklə 0,72 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə4/6
tarix19.04.2023
ölçüsü0,72 Mb.
#100459
1   2   3   4   5   6
2-V Fizika Ostonov Sanjarbek

2.3. Fizika fani va uning boshqa fanlar bilan aloqasi 
Fizika quyidagi asosiy qismlardan iborat: 
Klassik mexanika 
Elektrodinamika va klassik maydon nazariyasi 
Kvant mexanikasi 
Statistik fizika va Termodinamika 
Optika va Spektroskopiya 
Molekulyar fizika 
Atom fizikasi 
Kvant maydonlar nazariyasi 
Gravitatsiya va Kosmologiya 
Kalibrlangan maydonlar va Supersimmetriya. 
Fizika - tabiat haqidagi umumiy fan; materiyaning tuzilishi, shakli, xossalari 
va uning harakatlari hamda oʻzaro taʼsirlarining umumiy xususiyatlarini oʻrganadi. 
Bu xususiyatlar barcha moddiy tizimlarga xos. Turli va aniq moddiy tizimlarda 
materiya shakllarining murakkablashgan oʻzaro taʼsiriga tegishli maxsus 
qonuniyatlarni kimyo, geologiya, biologiya singari ayrim tabiiy fanlar oʻrganadi. 
Binobarin, fizika fani bilan boshqa tabiiy fanlar orasida bogʻlanish bor. Ular 
orasidagi chegaralar nisbiy boʻlib, vaqt oʻtishi bilan turlicha oʻzgarib boraveradi. 
Fizika fani texnikaning nazariy poydevorini tashkil qiladi. Fizikaning rivojlanishida 
kishilik jamiyatining rivojlanishi, tarixiy davrlarning ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa 
shart-sharoitlari maʼlum ahamiyatga egadir. 
Fizika fani eksperimental va nazariy fizikaga boʻlinadi. Eksperimental fizika 
tajribalar asosida yangi maʼlumotlar oladi va qabul qilingan qonunlarni tekshiradi. 
Nazariy fizika tabiat qonunlarini taʼriflaydi, oʻrganiladigan hodisalarni tushuntiradi 
va yuz berishi mumkin boʻlgan hodisalarni oldindan aytib beradi. Amaliy fizika ham 
mavjud (amaliy optika yoki amaliy akustika). 
Oʻrganilayotgan obʼyektlar va materiallarning harakat shakllariga qarab, 
fizika fani bir-biri bilan oʻzaro chambarchas bogʻlangan elementar zarralar fizikasi, 
yadro fizikasi, atom va molekulalar fizikasi, gaz va suyuqliklar fizikasi, qattiq 


17 
jismlar fizikasi, plazma fizikasi boʻlimlaridan tashkil topgan. Oʻrganilayotgan 
jarayonlarga va materiyaning harakat shakllariga qarab, fizika moddiy nuqta va 
qattiq jism mexanikasi, termodinamika va statistik fizika, elektrodinamika, kvant 
mexanika, maydon kvant nazariyasini oʻz ichiga oladi. 
Fizikaning tarixiy rivojlanishi. Fizika tarixini 3 davrga boʻlib oʻrganish 
mumkin: 1) qad. zamondan XVII asrgacha boʻlgan davr; 2) XVII asrdan XIX asr 
oxirigacha boʻlgan davr. Bu davrdagi fizika fani, odatda, klassik fizika nomi bilan 
yuritiladi; 3) XIX asr oxiridan hozirgi paytgacha boʻlgan davr. Hozirgi zamon 
fizikasi (yoki eng yangi fizika) shu davrga mansub. 
Turli hodisalarni va ularning sababini oʻrganish qad. zamon olimlarining 
bizgacha yetib kelgan asarlarida aks etgan. Miloddan avvalgi VI asrdan to milodiy 
II asrgacha boʻlgan davrda moddalarning atomlardan tashkil topganligi haqidagi 
tushunchalar va gʻoyalar yaratildi (Demokrit, Epikur, Lukretsiy), dunyoning 
geosentrik tizimi ishlab chiqildi (Ptolemey), elektr va magnit hodisalari kuzatildi 
(Fales), statika (Pifagor) va gidrostatikaning rivojlanishiga asos solindi (Arximed), 
yorugʻlik nurining toʻgʻri chizikli tarqalishi va qaytish qonunlari ochildi, miloddan 
avvalgi IV-asrda Aristotel oʻtmish avlodlar va zamondoshlarining ishlariga yakun 
yasadi. Aristotelning ijodi yutuqlar bilan birga kamchiliklardan ham holi emas. U 
tajribalarning mohiyatini tan oldi, ammo uni bilimlarning ishonchli belgisi ekanini 
inkor etib, asosiy eʼtiborni farosat bilan anglashda, deb bildi. Aristotel ijodining bu 
tomonlari cherkov namoyandalariga qoʻl kelib, uzoq, davrlar fan taraqqiyotiga 
toʻsqinlik koʻrsatdilar. IX-XVI asrlarda ilmiy izlanishlar markazi Yaqin va Oʻrta 
Sharq mamlakatlariga siljidi. Bu davrga kelib, fan rivojiga, jumladan, fizikaning 
rivojiga Oʻrta Osiyo olimlari ulkan hissa qoʻshdilar. Fizika, matematika, 
astronomiya va tabiatshunoslikka oid masalalar Xorazmiy, Ahmad al-Fargʻoniy, 
Forobiy, Beruniy, Termiziy, Ibn Sino, Ulugʻbek, Ali Qushchi va boshqa Oʻrta 
Osiyolik olimlarning ishlarida oʻz aksini topgan [3]. 
Bu olimlarning fizikaga oid ilmiy ishlari, mexanika, geometriya, osmon 
mexanikasi, optika va turli tabiat hodisalarini oʻrganish bilan bogʻliqdir. Xorazmiy 
oʻrta asrlarda, nazariy va amaliy tabiatshunoslik hali boʻlmagan davrda, dunyoviy 


18 
fanlar, ilgʻor ijtimoiy-falsafiy fikrlar ijodkori boʻlib chiqdi. U Sharqning dastlabki 
akademiyasi „Bayt ul Hikma“ („Donolar uyi“)ning shakllanishida faol ishtirok 
etgan. Bu yerda uning rahbarligida arablar va boshqa xalqlar vakillari bilan bir 
qatorda Ahmad al-Fargʻoniy, Axmad Abdulabbos Marvaziy kabi Oʻrta Osiyolik 
olimlar tadqiqotlar olib borganlar. „Algoritm“ soʻzi „Xorazmiy“ soʻzining lotincha 
transkripsiyasi boʻlib, bu soʻzni algebra masalalarini yechishda birinchi marta 
qoʻllagan edi. Ahmad al-Fargʻoniyning „Osmon jismlari harakati“ kitobi IX asrda 
bitilgan boʻlib, XII asrda lotin tiliga, XIII asrda Yevropaning boshqa tillariga tarjima 
qilinib keng tarqalgan edi. Ahmad al-Fargʻoniy asarlari Yevropada Uygʻonish davri 
ilmiy tadqiqotchilarining asosini tashkil etgan asarlardan boʻldi. U yorugʻlikning 
sinishi va qaytishini aniqlagan. Fargʻoniy stereografik proyeksiya nazariyasining 
asoschisi sifatida fazo jismlari harakatining tekisliklardagi proyeksiyalari nisbatlari 
asosida baʼzi bir kattaliklarni oʻlchash mumkinligini isbotladi. Bu fikr bugun ham 
astrofizika fanida oʻz qiymatini yoʻqotmagan. 
Beruniy Yerning oʻz oʻqi atrofida aylanishini oʻzi yasagan asboblar 
yordamida isbotladi va Yer radiusi 6490 km ga yaqin ekanligini aniqladi. U 
dunyoning moddiyligi, harakatning turlari, atomning boʻlinishi, atomdan keyingi 
zarralarning oʻzaro taʼsir kuchlari, solishtirma ogʻirlikni aniqlash usullari, jism 
inersiyasi, boʻshliq, atmosfera bosimi, suyuqliklar gidrostatikasi, qor, yomgʻir va 
doʻlning paydo boʻlish sabablari, energiya aylanishi, jismlarning elektrlanishi
dengiz hamda ummon suvlarining koʻtarilishi va pasayish sabablari, yorugʻlikning 
korpuskulyar hamda toʻlqin xossasi, tovush va yorugʻlik tezligi, yorugʻlikning 
qaytishi hamda sinishining sabablari, dispersiya hodisasi, Yer va boshqa 
sayyoralarning Quyosh atrofidagi harakatlari ellips shakliga yaqinligi, fazoviy 
jismlarning vaznsizligi toʻgʻrisida fikrlar yuritdi. Abu Nasr al-Forobiyning tovush 
tezligi, tovushning toʻlqin tabiati, tovush chastotasi, tovush toʻlqinining uzunligi 
haqidagi fikrlari va ularga asoslanib yaratilgan musiqa notasi hamda optikaga oid 
koʻpgina ishlari fizika fanining rivojlanishiga qoʻshilgan katta hissa boʻldi. Ibn Sino 
harakatning nisbiyligi, inersiya, kuch, massa va tezlanish orasidagi bogʻlanish, 
aylanma harakat, markazga intilma kuch, chizikli tezlik, boʻshliq va atmosfera 


19 
bosimi, konveksiya, issiqlikning tabiati, issiqlik uzatilishining turlari, yashin va 
yashinning turlari, momaqaldiroq hodisasi, tovush va yorugʻlik tezligi, yorugʻlik 
dispersiyasi, linza, atom tuzil ishi va boshqa mavzularga tegishli mulohazalarining 
aksariyati hozirgi zamon tushunchalariga juda moye keladi. 
Hakim Termiziy dunyoviy fanlarning ungacha boʻlgan yutuqlarini qomusiy 
olim sifatida oʻrgandi, jumladan, tabiat hodisalari va jarayonlarini tahlil etuvchi 
„Solnoma“, „Haftanoma“ kabi asarlari maʼlum. Mirzo Ulugʻbek XV asrda jahonda 
yagona rasadxona qurdi. Uning „Ziji Koʻragoniy“ asarida astronomiyaning nazariy 
asoslari yoritdi va 1018 ta yulduzning joylashish koordinatalarini juda katta 
aniqlikda berdi. Uning qiymatlari hozirgi qiymatlarga juda yaqin. 
Fizik hodisalarni tushuntirishda Oʻrta Osiyolik olimlarning mulohazalari 
qadimgi anʼanalar taʼsirida rivojlangan boʻlsada, ular matematik usullarni keng joriy 
etib, tajribalardan foydalanib, fanga katta hissa qoʻshdilar. 
Klassik fizikaning rivojlanishi. XVII asrga kelib G. Galiley mexanik harakatni 
tajriba yoʻli bilan oʻrganib, harakatni matematik formulalar asosida ifodalash 
zarurligini aniqladi va bu fizika fanining keskin rivojiga turtki boʻldi. 
U jismlarning oʻzaro taʼsiri natijasida tezlik oʻzgarib, tezlanish hosil 
boʻlishini, taʼsir boʻlmaganda harakat holatining oʻzgarmasligi, yaʼni tezlanishning 
nolga tengligini yoki tezlikning oʻzgarmasdan saqlanishini qayd etib, Aristotelning 
shu masalaga qarashli fikrini, yaʼni taʼsir natijasida tezlik hosil boʻlishini inkor etadi.
Keyinchalik Galiley aniqlagan qonun inersiya qonuni yoki Nyutonning 
mexanikaga oid birinchi qonuni degan nom oldi. 1600-yilda U. Gilbert elektr va 
magnit hodisalarni oʻrganish bilan shuhrat qozondi hamda Yer tirik magnit 
ekanligini isbotladi. U kompas magnit milining burilishini Yerning katta magnitga 
oʻxshashi orqali tushuntirdi, magnetizm va elektrning oʻzaro bogʻlanishini tekshirdi. 
Galiley mexanikadagi nisbiylik prinsipini ochdi va erkin tushayotgan jism tezlanishi 
uning tezligi va massasiga bogʻliq emasligini isbotladi. E.Torrichelli yuqoridagi 
prinsipdan foydalanib, atmosfera bosimining mavjudligini aniqladi va birinchi 
barometrni yaratdi. R. Boyl va E. Mariott gazlarning elastikligini aniqladilar hamda 
gazlar uchun birinchi qonun - Boyl-Mariott qonunini yaratdilar. Gollandiyalik 


20 
astronom va matematik V. Snellius (Snell) bilan R. Dekart yorugʻlik nurining sinish 
qonunini ochdilar. 
XVII asr Fizikasining eng katta yutuqlaridan biri klassik mexanikaning 
yaratilishi boʻldi. I. Nyuton 1687-yilda Galiley va oʻz zamondoshlarining 
gʻoyalarini umumlashtirib, klassik mexanikaning asosiy qonunlarini taʼriflab berdi. 
Nyuton tomonidan jismlar holati tushunchasining kiritilishi barcha fizik royalar 
uchun muhim boʻldi, jismlar tizimining holatini mexanikada ularning koordinatalari 
va impulslari orqali toʻla aniqlash imkoniyati yaratildi. Agar jismning boshlangʻich 
vaqtdagi holati hamda harakat davomida unga taʼsir etuvchi kuchlarning tabiati 
maʼlum boʻlsa, Nyuton qonunlariga asoslangan holda shu jismning harakat 
tenglamasini tuzish mumkin. Bu harakat tenglamasidan foydalanib, ushbu jismning 
istalgan vaqtdagi fazodagi oʻrnini, tezlik, tezlanish va fizik kattaliklarni aniqlash 
mumkin boʻldi. Nyuton sayyoralar harakatlarini tushuntiruvchi Kepler qonunlari 
asosida butun olam tortishish qonunini ochdi va bu qonun orqali Oy, sayyoralar va 
kometalar harakatini isbotlab berdi. X. Poygens va G. Leybnis harakat miqdorining 
saqlanish qonunini taʼrifladilar. 
XVII asrning 2-yarmida fizik optika asoslari yaratila boshlandi, teleskop va 
boshqa optik qurilmalar yaratildi. Fizik A. Grimaldi yorugʻlik difraksiyasini, I. 
Nyuton esa yorugʻlik dispersiyasiik tadqiq qildi. 1676-yilda daniyalik astronom O. 
Ryomer yorugʻlik tezligini oʻlchadi. Shu davrdan yorugʻlikning korpuskulyar va 
toʻlqin nazariyalari yuzaga keldi hamda rivoj topa boshladi. I. Nyuton yorugʻlikni 
korpuskula (zarra)lar harakati orqali tushuntirsa, X. Gyuygens uni faraz qilinuvchi 
muhit — efirda tarqaladigan toʻlqinlar yordamida tushuntirdi. 
Shunday qilib, XVII asrda klassik mexanika mustahkam oʻrin egalladi, 
akustika, optika, elektr va magnetizm, issiqlik hodisalarini oʻrganish sohalarida katta 
izlanishlar boshlandi. XVIII asrga kelib tajriba va mat.dan keng foydalangan klassik 
mexanika va osmon mexanikasi yanada tez surʼatlar bilan rivojlandi. Yer va Osmon 
hodisalarini mexanika qonunlari orqali tushuntirish asosiy maqsad hamda bosh 
taʼlimot hisoblanar edi. Hatto, oʻrganilayotgan fizik hodisani mexanika qonunlari 


21 
orqali tushuntirish mumkin boʻlmasa, tanlangan tushuntirish yoʻli toʻliq emas yoki 
notoʻgʻri deb yuritilar edi. 
XVIII asrda zarralar va qattiq jismlar mexanikasi bilan birga gaz hamda 
suyuqliklar mexanikasi rivojlandi. D. Bernulli, L. Eyler, J. Lagranj va boshqalar 
ideal suyuqlik gidrodinamikasiga asos soldilar. Fransuz olimi Sh. Dyufe elektrning 
ikki turi mavjudligini aniqladi hamda ularning oʻzaro tortilish va itarilishini 
koʻrsatdi. Amerikalik olim B. Franklin elektr zaryadining saqlanish qonunini 
aniqladi. T. Kavendish va undan mustasno Sh. Kulon qoʻzgʻalmas elektr zaryadining 
oʻzaro taʼsir kuchini tajribada aniqladilar hamda matematik ifodasini topib, asosiy 
qonun - Kulon qonunini ochdilar. 
Rus fiziklari G. Rixman, M.V. Lomonosov va amerikalik olim B. Franklin 
atmosferada hosil boʻladigan elektr, yashinning tabiatini tushuntirib berdilar. A. 
Galvani, A. Volta va keyinchalik rus fizigi hamda elektrotexnigi V. Petrovning 
kuzatishlari va tadqiqotlari elektrodinamikaning vujudga kelishi hamda tez surʼatlar 
bilan rivojlanishiga sabab boʻldi. Optika sohasida P. Buger va I. Lambert ishlari 
tufayli fotometriyaga asos solindi. Infraqizil (ingliz optigi V. Gershel va ingliz 
kimyogari U. Vollston) va ultrabinafsha (ingliz kimyogari I. Ritter) nurlar 
mavjudligi aniqlandi. Issiqlik hodisalari, issiqlik miqdori, issiqlik sigʻimi, issiqlik 
oʻtkazuvchanlik va h.k.ni oʻrganishda ham qator izlanishlar olib borildi. M. 
Lomonosov, R. Boyl, R. Guk, Bernullilar issiqlikning molekulyar-kinetik 
nazariyasiga asos soldilar. 
XIX asr boshida T. Yung va O. Frenellarning toʻlqin nazariyasi asosida 
yorugʻlik difraksiyasi va yorugʻlik interferensiyasi yaratildi. Yorugʻlikni koʻndalang 
toʻlqin sifatida elastik muhitda tarqaladi deb, Frenel singan va qaytgan yorugʻlik 
toʻlqinlarining intensivligini belgilovchi miqdoriy qonunni aniqladi. Fransuz fizigi 
E. Malyus yorugʻlikning qutblanishi hodisasini kashf etdi, yorugʻlik spektriga va 
difraksiyasiga tegishli izlanishlar olib bordi. Yorugʻlikning tabiati haqidagi 
korpuskulyar va toʻlqin nazariyalari orasidagi deyarli ikki asr davom etgan kurash 
toʻlqin nazariyasi foydasiga hal boʻldi. 


22 
Italiyalik olimlar A. Galvani va A.Voltalarning elektr tokini kashf etishlari 
hamda dunyoda birinchi marta 1800-yilda galvanik elementning yasalishi fizika 
fanining rivojlanishida katta ahamiyatga ega boʻldi. 1820-yilda daniyalik fizik X. 
Ersted tokli oʻtkazgichning kompas mili bilan oʻzaro taʼsirda boʻlishini elektr va 
magnit hodisalar orasida bogʻlanish borligi bilan tushuntirdi. Shu yillarda A. Amper 
zaryadlangan zarralarning tartibli harakati tufayli paydo boʻluvchi elektr toki bilan 
barcha magnit hodisalari bogʻliq ekanligi toʻgʻrisida xulosaga keldi va tajriba 
asosida tokli oʻtkazgichlar orasidagi vujudga keluvchi oʻzaro taʼsir kuchini 
ifodalovchi qonunni ixtiro qildi (Amper qonuni). 1831-yilda M. Faradey 
elektromagnit induksiya hodisasini ochdi va elektromagnit maydon tushunchasi 
haqidagi taʼlimotni yaratdi. Metallarning elektr oʻtkazuvchanligini oʻrganish Om 
qonunining (1826), moddalarning issiqlik xususiyatlarini oʻrganish — issiqlik 
sigʻimi qonunining yaratilishiga olib keldi. 
Tabiatning barcha hodisalarini bir butun qilib bogʻlovchi energiyaning 
saqlanish va aylanish qonunining ochilishi tabiatshunoslikda, jumladan, fizikaning 
rivojlanishida katta ahamiyatga ega. XIX asr oʻrtalariga kelib tajriba orqali issiqlik 
miqdori bilan bajarilgan ish miqdorining oʻzaro qiyosiy tengligi isbotlandi va shu 
asosda issiqlik energiyaning maxsus turi ekanligi aniqlandi. Energiyaning saqlanish 
va aylanish qonuni issiqlik hodisalari nazariyasining asosiy qonuni boʻlib, u 
termodinamikaning birinchi bosh qonuni deb ataladi. Bu qonunni Yu.R. Mayer 
taʼriflagan, nemis fizigi G. Gelmgols aniqroq shaklga keltirgan (1874). 
Termodinamikaning rivojlanishida S. Karno, R. Klauzius, U. Tomson, E. Klapeyron 
va D.I. Mendeleyevlarning xizmatlari katta boʻldi. S. Karno issiqlikning mexanik 
harakatga aylanishini aniqladi, R. Klauzius, U. Tomson issiqlik nazariyasining 
asosiy qonuni - termodinamikaning ikkinchi bosh qonunini taʼrifladilar, R. Boyl, E. 
Mariott, J. Gey - Lyussak, B. Klapeyron ideal gazning holat tenglamasini 
aniqladilar. D.I. Mendeleyev uni barcha gazlar uchun umumlashtirdi va h.k. 
Termodinamika bilan birga issiqlikning molekulyar-kinetik nazariyasi rivojlanib 
bordi. A. Eynshteyn, polyak fizigi M. Smoluxovskiy va fransuz fizigi J. Perrenlar 
Broun harakati atom hamda molekulalarning issiqlik harakati ekanligini isbotlab, 


23 
molekulyar-kinetik nazariya asoslari boʻlgan Broun harakatining miqdoriy 
nazariyasini yaratdilar. Bu esa, oʻz navbatida, statistik mexanikaning toʻla tan 
olinishiga olib keldi. J.K. Maksvell kiritgan ehtimollik xarakteriga ega boʻlgan 
statistik tushunchalar asosida gazlardagi molekulalar tezligi, erkin yugurish 
uzunligi, vaqt birligi ichidagi toʻqnashuvlar soni va boshqa kattaliklarning oʻrtacha 
qiymatlarini topishga yoʻl ochildi, uning molekulalarning oʻrtacha kinetik 
energiyasiga bogʻliqligi koʻrsatildi. Materiyaning kinetik nazariyasi taraqqiy etishi 
L. Bolsman tomonidan statistik mexanika - Bolsman statistikasi yaratilishiga olib 
keldi. XIX asrning 2-yarmida J.K. Maksvell elektromagnit hodisalarning 
elektromagnit maydon tushunchasiga asoslangan yangi nazariyasini va uni 
ifodalovchi tegishli tenglamalar tizimini yaratdi. U tabiatda elektromagnit 
toʻlqinlarning mavjudligini, ularning aniq, xususiyatlari — bosimi, difraksiyasi, 
interferensiyasi, tarqalish tezligi, qutblanishi va h.k. borligini aniqladi. Maksvell 
nazariyasining eng muhim natijasi elektromagnit toʻlqinlarning tarqalish tezligi 
yorugʻlik tezligiga teng boʻlgan qiymatga ega ekanligi toʻgʻrisidagi xulosa 
hisoblandi. Maksvell nazariyasidan yorugʻlikning elektromagnit xususiyatiga ega 
ekanligi kelib chiqdi. G. Gersning elektromagnit toʻlqinlarni aniqlash boʻyicha olib 
borgan tajribalari buni tasdiqladi. 1899-yil P. Lebedev yorugʻlikning bosimini 
tajriba orqali aniqladi. 1895-yilda A.S. Popov Maksvell nazariyasidan foydalanib 
simsiz aloqani yaratdi. Yuqoridagi va boshqa tajribalar Maksvellning elektromagnit 
nazariyasi toʻgʻriligiga yakun yasadi. 
Shunday qilib, XIX asr fizikasi 2 boʻlimdan — jismlar fizikasi va maydon 
fizikasidan iborat boʻldi. Jismlar fizikasi asosida molekulyar-kinetik nazariya qabul 
qilingan boʻlsa, maydon fizikasida elektromagnit maydon nazariyasi asosiy rol 
oʻynadi. 
Klassik fizika modda, vaqt, fazo, massa, energiya va h.k. haqidagi maxsus 
tasavvurlar, tushunchalar, qonunlar, prinsiplardan tashkil topgan. U klassik 
mexanika, klassik statistika, klassik termodinamika, klassik elektrodinamika va 
boshqa boʻlimlarga boʻlinadi. Klassik mexanikada harakat qonunlari — Nyuton 
qonunlaridan iborat. Moddiy nuqta, mutlaq qattiq jism, tutash mux,itlar 


24 
tushunchalari muhim rol oʻynaydi. Bularga moye tarzda moddiy nuqta mexanikasi, 
mutlaq qattiq jism mexanikasi, tutash muhit mexanikasi mavjud. 
Koʻp amaliy hollarda qoniqarli natijalar beradigan klassik fizika katta tezliklar 
va mikroobʼyektlar bilan bogʻliq hodisalarni toʻgʻri tushuntirishga ojizlik qildi. 
Shunday hodisalar qatoriga qattiq jismlarning issiqlik sigʻimi, atom tizimlarining 
tuzilishi va ulardagi oʻzgarishlar xarakteri, elementar zarralarning oʻzaro taʼsiri 
hamda bir-biriga aylanishi, mikrotizimlardagi energetik holatlarning uzlukli 
oʻzgarishi, massaning tezlikka bogʻliqligi va boshqa masalalar kiradi. Fizikaning 
yangi taraqqiyoti yuqoridagiga oʻxshash hodisalarni ham toʻgʻri tushuntirib bera 
oladigan yangi, noklassik tasavvurlarga olib keldi. Bunday tasavvurlarga asoslangan 
yangi fizika maydon kvant nazariyasi va nisbiylik nazariyasiaan iborat. 
Fizikaning klassik va noklassik fizikaga ajratilishi shartlidir. Galiley-Nyuton 
mexanikasi, Faradey-Maksvell elektrodinamikasi, Bolsman-Gibbs statistikasini, 
odatda, klassik fizikaga, maydon kvant nazariyasi va nisbiylik nazariyasini hozirgi 
zamon fizikasiga kiritishadi. Tarixiy jihatdan bu haqiqatan ham shunday. Ammo 
klassik fizika bilan hozirgi zamon fizikasini bir-biriga qarshi qoʻyish asossizdir. 
Yangi texnika, kosmosni egallash kabi sohalarda klassik fizikadan keng foydalanib 
muhim yutuqlarga erishilmoqda. Maksvell tomonidan elektromagnit hodisalarni 
oʻrganish jarayonlari uning "Klassik elektrodinamika"si yaratishi bilan yakunlandi. 
1897-yilda J. Tomsonning elektron zarrasining ochishi bilan fizika rivojida yangi 
davr boshlandi. 
Hozirgi zamon fizikasi. XIX asr oxirida aniqlangan qator yangiliklar 
(elektronning ochilishi, elektron massasining tezlik oʻzgarishi bilan oʻzgarishi, 
harakatlanuvchi tizimlarda elektromagnit hodisalarining roʻy berishidagi 
qonuniyatlar va boshqalar) Nyutonning fazo va vaqt mutlaqligi toʻgʻrisidagi 
tasavvurlarini tanqidiy tekshirib chiqish kerakligini koʻrsatdi. J.Puankare, X.A. 
Lorens kabi olimlar bu sohada tadqiqotlar olib borishdi. 1900-yilda M. Plank nur 
chiqarayotgan tizim — ossillyatorning nurlanish energiyasi uzluksiz qiymatlarga 
ega degan klassik fikrni rad etib, bu energiya faqat uzlukli qiymatlar 
(kvantlar)dangina iborat degan butunlay yangi farazni ilgari surdi. Shunga asoslanib 


25 
nazariya bilan tajriba natijalarini taqqoslanganda ularning mos kelishini aniqladi. 
Plank gipotezasini A. Eynshteyn rivojlantirib, yorugʻlik nurlanganda ham, 
tarqalganda ham kvantlar — maxsus zarralardan tashkil topadi degan fikrga keldi. 
Bu zarralar fotonlar deb ataldi. Foton iborasini 1905-yilda A.Eynshteyn fotoeffekt 
nazariyasini talqin etishda qoʻllagan, bu ibora fizika fanida 1929-yildagina paydo 
boʻldi. Shunday qilib, fotonlar nazariyasiga muvofiq yorugʻlik toʻlqin 
(interferensiya, difraksiya) va zarra (korpuskulyar) xususiyatga ega. 
1905-yilda A. Eynshteyn Plank gipotezasini rivojlantirib, maxsus nisbiylik 
nazariyasini yaratdi. 1911-yilda E. Rezerfordning alfa zarralarning jismlarda 
sochilishini tekshirish tajribasi atomlar yadrosining mavjudligini isbotladi va u 
atomlarning planetar modelini yaratdi. 1913-yilda N. Bor nurlanishning kvant 
xarakteri asosida atomlardagi elektronlar maʼlum barqaror holatlargagina ega boʻlib, 
bu holatlarda energiya nurlanishi sodir boʻlmaydi, degan postulatni yaratdi. 
Nurlanish elektronlarning bir barqaror holatdan ikkinchi barqaror holatga "sakrab 
oʻtishi"da, yaʼni diskret ravishda roʻy beradi. Bu postulat oʻsha yili J. Frank va G. 
Gers oʻtkazgan tajribalarda tasdiqlandi. Bor postulati atomning planetar modeli 
kvant xarakterga ega ekanligini koʻrsatadi. 
A. Eynshteyn butun olam tortishishi (gravitatsiya) masalasi bilan 
shugʻullanib, 1916-yilda fazo, vaqt va tortishishning yangi nazariyasi — Umumiy 
nisbiylik nazariyasi(UNN)ni yaratdi. Ilgaridan maʼlum va kuzatilgan, ammo toʻgʻri 
hamda mukammal ilmiy tushuntirilmasdan kelayotgan qator hodisa va faktlar 
nisbiylik nazariyasi tufayli har tomonlama oydinlashdi. Bu nazariya oʻziga qadar 
fanga maʼlum boʻlmagan koʻplab yangi hodisalar qonunlarning borligini oldindan 
aytib berdi, eng yangi fan uchun gʻoyat zarur boʻlgan natija va xulosalarga erishildi 
(massaning tezlik oʻzgarishi bilan oʻzgarishi, massa bilan energiyaning oʻzaro 
bogʻlanishi, yorugʻlik nurlarining kosmosdagi jismlarning yaqin atrofidan chetlanib 
ogʻishi va boshqalar). M. Laue kristallarda atomlarning tartibli joylashishini rentgen 
nurlari difraksiyasi yordamida birinchi boʻlib tushuntirib berdi. Rus fizigi G.V. Vulf 
va ingliz fizigi U.L. Bregg kristallarda atomlarning joylashishini, ular oraligʻidagi 
masofalarni aniqlab, rentgen strukturalari taxliliga asos soldilar. P. Debai, M. 


26 
Bornlar kristall panjaralari garmonik tebranib turadigan ossilyatorlar yigʻindisidan 
iborat, deb tushuntirdilar. 
XX asrning 20-yillariga kelib, kvant mexanikaga toʻla asos solindi, 
mikrozarralar harakatining norelyativistik nazariyasi toʻla isbotlandi. Buning asosini 
Plank - Eynshteyn - Borlarning kvantlashuv va L. Broylning materiyaning 
korpuskulyar-toʻlqin xususiyati toʻgʻrisidagi (1924) gʻoyalari tashkil etdi. 1927-
yilda tajribalarda kuzatilgan elektron difraksiyasi bu fikrni tasdiqladi. 1926-yilda 
avstriyalik fizik E. Shryodinger atomlarning uzlukli energiyaga ega ekanligini 
ifodalovchi kvant mexanikaning asosiy tenglamasini yaratdi. 
Kvant mexanika bilan bir qatorda kvant statistika ham rivojlanib bordi. U koʻp 
mikrozarralardan tashkil topgan tizimlarning xossalarini kvant mexanika qonunlari 
yordamida oʻrganadi. 1924-yilda hindistonlik fizik Sh. Boze kvant statistikasi 
qonuniyatlarini fotonlarga (spinlari 1 ga teng) tatbiq etib, muvozanatli nurlanish 
spektrida energiyaning taqsimlanishi uchun Plank formulasini, Eynshteyn esa ideal 
gaz uchun energiyaning taqsimlanish formulasini keltirib chiqardi. 1925-yilda 
amerikalik fiziklar J. Ulenbek va S. Gausmit elektronning xususiy harakat miqdori 
momentini aniqladilar. Shu yili V. Pauli bir xil kvant holatda faqat bittagina elektron 
boʻla olishini koʻrsatdi (Pauli prinsipi), shu asosda Mendeleyev davriy sistemasiga 
nazariy asos berildi. 
1926-yilda E. Fermi va P. Dirak Pauli prinsipiga boʻysunadigan, spinlari 1/2 ga teng 
boʻlgan, bir xildagi zarralar tizimi uchun Fermi-Dirak statistikasini kashf qildilar. 
1928-yilda Ya. Frenkel va V. Geyzenberg ferromagnetizm asosida kvantli 
almashinishdagi oʻzaro taʼsirlar hal qiluvchi ekanligini koʻrsatdilar. 1932-1933-
yillarda fransuz fizigi L. Neyel va Ya. Landaular antiferromagnitizm mavjud 
ekanligini oldindan bashorat qildilar. X. Kamerling Onnes tomonidan simob, qalay 
va baʼzi elementlarning oʻta oʻtkazuvchanligining hamda Kapitsa tomonidan geliy 
II ning, oʻta oquvchanligi ochilishi kvant statistikasida yangi yoʻnalishlarning 
vujudga kelishiga olib keldi. 1950-yilga kelib L. Landau va V. Ginzburg oʻta 
oʻtkazuvchanlikning batafsil nazariyasini ishlab chiqdilar [9]. 


27 
1916-yilda Albert Eynshteyn yaratgan majburiy nurlanishning kvant 
nazariyasi asosida 50-yillarga kelib yangi kvant elektronikasi rivoj topdi. N. Basov 
va A. Proxorov (ulardan mustaqil tarzda amerikalik olim U. Tauns) yaratgan 
mazerda elektromagnit toʻlqinlarni hosil qilish va kuchaytirishni amalga oshirdilar. 
Bu 60-yillarda yorugʻlikning kvant generatori - lazerning yaratilishiga olib keldi. 
XX asrning 2-choragida atom yadrolari tizimi sirlarini va mavjud boʻlayotgan 
jarayonlarni oʻrganish bilan elementar zarralar fizikasining yaratilishi fizikada 
inqilobiy oʻzgarishlar boʻlishiga olib keldi. 
A.E. Bekkerel P. Kyuri va M. Sklodovskaya Kyuri bilan hamkorlikda 
radioaktiv nurlanishni, keyinchalik E. Rezerford bu nurlanishning oʻz-oʻzidan 
parchalanishi nurlanish bilan birgalikda hosil boʻlishini ochdilar. 1932-yilda 
J.Chedvik neytron zarrani ochdi. Rus olimi D.D. Ivanenko va V. Geyzenberglar 
atom yadrosining proton va neytrondan iborat ekanligini aniqladilar. 1934-yilda I. 
Jolio va Kyurilar sunʼiy radioaktivlik hodisasini ochdilar. 
Tezlatkichlarning yaratilishi zaryadlangan zarralar taʼsirida yadro reaksiyalari 
hosil qilish imkonini yaratdi. Yadro boʻlinishlari hodisasining ochilishi muhim 
natija boʻldi. 1939-1945-yillarda birinchi marta zanjir reaksiyasi yordamida yadro 
energiyasi ajralib chiqishiga erishildi. Bu energiyadan tinch maqsadda foydalanish 
1954-yildan amalga oshdi. 1952-yilda termoyadro sintezi (termoyadro portlashi) 
amalga oshirildi. 
Atom yadrosi fizikasi rivoji bilan bir vaqtda elementar zarralar fizikasi ham 
rivojlandi. Birinchi muhim yutuqlar kosmik nurlarni tadqiq qilish bilan bogʻliqdir. 
Myuonlar, mezonlar, K mezonlar, giperonlar kabi zarralar topildi. Yuqori energiyali 
zaryadli zarralar tezlatkichlari yaratilishi bilan elementar zarralar, ularning 
xususiyatlari va oʻzaro taʼsirlari rejali tadqiq qilina boshladi. Tajribalarda ikki xil 
neytrinolar va boshqa koʻplab elementar zarralar ochildi. 
Fizika tekshiradigan hodisalarni miqdoriy tahlil qilishda matematikadan keng 
foydalanadi. Hodisalarning oʻtishi va ularning tabiatidagi murakkablikka qarab 
qoʻllaniladigan mat. usullari ham murakkablashadi. Hozirgi davrda elementar 
matematika, differensial, integral hisoblar, analitik geometriya, oddiy differensial 


28 
tenglamalar bilangina cheklanib qolish mumkin emas. Masalan, maydon 
nazariyasida tenzorlar, operatorlar kabi tushunchalardan keng foydalaniladi. 
Fizikaning rivojlanishi hamma vaqt boshqa tabiiy fanlar bilan chambarchas bogʻliq 
boʻlib kelgan. Fizikaning rivojlanishi boshqa tabiiy fanlarning rivojlanishiga va 
koʻpgina hollarda yangi fanlarning vujudga kelishiga olib kelgan. Masalan, fiziklar 
tomonidan mikroskopning ixtiro etilishi kimyo, biologiya, zoologiya fanlarining 
keng koʻlamda rivojlanishiga sabab boʻldi. Teleskopning yaratilishi, spektral analiz 
qonunlarining kashf etilishi astronomiya fanining rivojlanishini jadallashtirdi. 
Elektromagnit induksiya hodisasining kashf etilishi va radioning ixtiro etilishi 
elektronika va radiotexnika fanlarining vujudga kelishiga olib keldi. Juda koʻp 
sohalar borki, ularni fizika boshqa fanlar bilan birgalikda oʻrganadi. Shu tariqa 
kimyoviy fizika, biofizika, astrofizika, geofizika va boshqa fanlar vujudga kelgan. 
Fizikada yaratilgan kashfiyotlar texnikaning turli sohalari rivojlanishiga, provardida 
sanoat va xalq xoʻjaligining jadal rivojlanishiga olib kelgan. Kundalik hayotda 
ishlatilayotgan elektr yoritkich asboblari, radiopriyomniklar, televizorlar, zavod va 
fabrikalardagi turli xil stanoklar, zamonaviy elektron hisoblash mashinalari
samolyotlar va boshqalar fizikadagi yaratilgan kashfiyotlarning natijasidir. Oʻz 
navbatida, texnika fanlarining erishgan yutuqlari fizikaning yanada rivojlanishiga 
sababchi boʻlgan. Texnikaning, umuman xalq xoʻjaligining rivojlanib borishida 
uzluksiz ravishsa vujudga keluvchi fizik muammolarni hal etib borishga toʻgʻri 
keldi. Bu esa texnika fanlarining hamma vaqt fizika bilan xamkorlikda ish olib 
borishini taqozo etadi. Oʻzbekistonda yadro fizikasi, fizik elektronika, qattiq jismlar 
fizikasi, yuqori energiyali va kosmik nurlar fizikasi, yarimoʻtkazgichlar fizikasi, 
akustooptika, akustoelektronika, lazerlar fizikasi, geliofizika, geliotexnika va 
boshqa fizika sohalarida muhim yutuqlarga erishildi [8]. 
Hozir Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti, Fizika-texnika 
instituti, S.A. Azimov nomidagi "Fizika-Quyosh" IICHB, U. O. Orifov nomidagi 
Elektronika instituti kabi oʻnlab ilmiy muassasalar, Toshkent milliy universiteti, 
Samarqand davlat universiteti, Toshkent texnika universiteti va respublikadagi 


29 
qariyb barcha oliy oʻquv yurtlarida ham fizika fanining turli muammmolariga oid 
ishlar olib borilmoqda. 
Fizika va texnologiya hamjamiyati ilmiy kashfiyotlar va ularni texnik jihatdan 
amalga oshirish o'rtasidagi vaqt oralig'ining qisqarishiga olib keladi. 
Fotosurat -110 yil 
Radio - 50 yil 
Transistorlar - 15 yil 
Lazer - 7 yil 
Fizika matematika bilan chambarchas bog'liq. Matematik tavsifsiz aniq 
muhandislik hisobi va fizika nazariyasini ishlab chiqish mumkin emas. 
Fizika texnologiyaning yangi tarmoqlarini yaratish uchun asos yoki 
mutaxassislarning umumiy texnik tayyorgarligiga asoslangan ilmiy asosdir. 
Fizika klassik va kvantlarga bo'linadi. Klassik fizikaning boshlanishini 
mexanikaning asosiy qonunlarini shakllantirgan I. Nyuton qo'ydi va klassik 
fizikaning rivojlanishi 1905 yilda A.Eynshteyn tomonidan maxsus nisbiylik 
nazariyasini yaratilishi va uning talablarini inobatga olgan holda yakunlandi. Bu 
nisbiy mexanika nazariyasi. 


30 

Yüklə 0,72 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin