Fitotsenologiya floristika bilan yaqindan aloqada bo’lib, uning asosiy maqsadi biror geografik sharoitdagi o’simlik turlari majmuini tuzishdan iborat. Flora— (lotincha flora — gul) ya’ni tur va undan katta bo’lgan taksonomik birliklar to’g’risidagi ma’lumot. Floristika ma’lumotlari fitotsenologiyada va sistematikada keng qo’llaniladi.
O’simliklar geografiyasi Yer yuzidagi o’simliklar (tur, turkum, oila) hamda o’simliklar uyushmalarining yer yuzi bo’ylab tarqalishi va taqsimlanishi qonuniyatlarini o’rganadi.
O’simliklar ekologiyasi (yunoncha o i k o s — uy) ularning o’zaro va tashqi muhit bilan bog’lik, bo’lgan munosabatini o’rganadi. Ma’lumki, o’simliklar hayoti tashqi muhit bilan uzviy bog’liq. Har bir o’simlik uzoq davom etgan evolyusiya jarayonida ma’lum bir muhitda o’sishga moslashgan bo’lib, u o’z navbatida, o’sha muhitga bevosita ta’sir etadi.
Fan va texnika taraqqiy etayotgan hozirgi zamonda botanikaning yana bir tarmog’i — iqtisodiy botanika rivojlandi. Bu fan oziqovqat, to’qimachilik, sellyuloza, yog’och ishlash, doridarmon sohasidagi ko’pgina masalalarni hal etadi. Yovvoyi o’simliklarning foydali xossalarini va ularni madaniylashtirish imkoniyatlarini o’rganadi.
O’simliklar morfologiyasining yunalishlari va usullari. O’simliklar morfologiyasi o’simliklarning shakli, tuzilishi, individual taraqqiyoti (ontogenezi)ni, tarixiy rivojlanish jarayoni (filogenezi)da ularning shakllanishini o’rganadi. Nabotot olamiga nazar tashlasak, u turlituman organlardan tashkil topganini ko’ramiz. O’simliklar morfologiyasi fani ilk bor o’simliklarning tashqi tuzilishlarini tasvirlash bilan shug’ullandi. O’simliklar sistematikasini tuzish uchun dastlab aniq atamalarni ishlab chikish zarur edi. Keyinchalik (XVIII— XIX asrda) metamorfoza, ya’ni o’simlik organlarining biri ikkinchisiga aylanishi haqidagi ta’limot (K. F. Volf va V. Gete tomonidan) vujudga keldi. O’simliklarning tuzilishidagi ba’zi qonuniyatlar aniqlangandan so’ng bu fan birmuncha ilmiynazariy yo’nalish oldi. U xilmaxil o’simlik organlarini bir necha asosiy organlarga ajratishga harakat qildi. Xilmaxil o’simlik organlarining individual rivojlanish bosqichlari tekshirilib, rivojlanishning ba’zi umumiy qonuniyatlari va belgilari aniqlandi.
Evolyusion ta’limotning g’alaba qozonishi va paleontologiyaning qo’lga kiritgan yutuklari o’simlik morfologiyasiga yangi yo’nalish berdi. Qadimgi shakllardan hozirgi shakllargacha bo’lgan o’simlik organlarining filogenezi tekshiriladigan bo’ldi.
Turli o’simlik guruxlarining individual rivojlanish tarixi tekshirilishi va taraqqiyotning ba’zi qonuniyatlarining aniqlanishi munosabati bilan solishtirma yo’nalish namoyon bo’ldi. Bu yo’nalish o’simlik guruhlarining boshqa xil guruhlarga o’ta olishini aniqlashga imkon berdi va o’simlik dunyosining evolyusiyasi qay tariqa rivojlanib borishini aniqlashga asos soldi.
Solishtirma morfologiya va fitopaleontologik tekshirishlarga asoslanib, o’simliklarning filogeniyasiga oid ma’lumotlar — filogenetik morfologiya rivojlandi. Bu yunalish evolyusion taraqqiyot jarayonida birmuncha yirik o’simlik guruhlarining paydo bo’lish tarixini o’rgandi.
XIX asr oxirida morfologayada yana bir yo’nalish —eksperimental morfologiya paydo bo’ldi. Bu, o’simliklarda hosil bo’ladigan shakl hamda tuzilishlarning sababini ko’rsatib beradi.
O’simlik morfologiyasi XV—XVIII asrlarda kuzatish va taqqoslash bilan cheklangan bo’lsa, hozir u quyidagi xilmaxil usullardan foydalanadi.