Asosiy tushunchalaritologiya, botanika, geobotanika, o’simliklar morfologiyasi, o’simliklar sistemalari, evolyusiya, hujayra nazariyasi, filogenetik sistema, anatomiya, paleontologiya,evolyusion morfologiya, biogeografiya.
Yer yuzida tarqalgan o’simliklarni o’rganish bilan fitologiya fani shug’ullanadi. Fitologiya ikkita yirik botanika va geobotanika bo’limlaridan iborat. Botanika grekcha «botane» so’zidan olingan bo’lib, o’zbek tilida ko’kat, sabzavot, o’t, o’simlik degan ma’noni bildiradi.
O’simliklarni tuzilishi, o’sishi va rivojlanishi, tashqi muhit bilan munosabatlari. Yer yuzida tarqalishi va taqsimlanish qonuniyatlari, o’simliklar olamining kelib chiqishi va evolyusiyasi, ularning turli-tumanligi va tasnifi, xo’jalik nuqtai nazaridan ahamiyatga ega bo’lgan qimmatli turlarining tabiiy zahiralari va ulardan samarali foydalanish yo’llari, yem-xashak, dorivor, meva o’simliklari, sabzavot, texnika ekinlari va boshqa turlarini madaniylashtirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish botanika fani oldida turgan asosiy vazifalardan biridir.
Botanika fanining yanya bir muhim vazifasi tabiatni va o’simliklar resurslarini muhofaza qilishning ilmiy asoslarini yaratishdir.
Bugungi kunda o’simliklar dunyosi rasmiy ravishda e’tirof etilmagan holda tuban va yuksak o’simliklarga ajratib o’rganilmoqda.
Tuban o’simliklar organik olamning dastlabki bosqichlaridan kelib chiqqan. Ular suvli muhitda yoki sernam yerlarda yashashga moslashgan. Evolyusiya jarayonida uncha rivojlanmagan va hozirgi kunda ba’zilari sodda tuzilishni saqlab qolgan. Tuban o’simliklar – bir hujayrali, kolonial va ko’p xujayrali organizmlar hisoblanib, tanasi to’qima hamda organlarga ajralmagan. Tuban o’simliklarining to’qima va organlarga ajralmagan tanasi tallom yoki qattana deb ataladi.
Yuksak o’simliklar filogenetik jihatdan ancha yosh o’simliklardir. Ular quruqlikda yashashga moslashgan. Ko’pchilik yuksak o’simliklarda poya, barg va ildiz kabi vegetativ organlari rivojlangan, shuningdek to’qimalarga ajralishi ham kuzatiladi. Ular poyabargli o’simliklar deb ataladi. Ko’p hujayrali o’simliklarning tanasi turli hayotiy vazifalarni bajaruvchi bir necha xil hujayralardan tashkil topgan.
Yuksak o’simliklarning muhim xususiyatlaridan biri – yashil rangda bo’lishidir. Ko’pchilik o’simliklar (o’simliklar olamining uchdan ikki qismi) yashil rangga ega. Bu rang maxsus buyovchi xlorofillning bo’lishi tufaylidir. Xlorofill o’simliklarda xlorofill donachalarida hosil bo’ladi. Hayvon hujayralarida xlorofill kuzatilmaydi. Yashil o’simliklar hayvonlardan oziqlanish usuli bilan farq qiladi. Tirik organizmlar oziqlanish usuliga ko’ra avtotrof va geterotrof guruhlarga bo’linadi. Avtotrof deb anorganik moddalar bilan oziqlanuvchi organizmlarga aytiladi. Ular anorganik moddalardan organik moddalar hosil qilish xususiyatiga ega. Har qanday organik moddaning anorganik moddalardan hosil bo’lishi uchun yoki to’plash uchun ma’lum energiya manbai zarur. Yashil o’simliklar uchun bunday energiya quyosh nuri hisoblanadi.Shuning uchun ham o’simliklarda anorganik moddalardan organik moddalar hosil bo’lish jarayoni fotosintez deb ataladi:
6CO2 + 6N2O - - - - - - CS6N12O6 + 6O2.
Geterotrof organizmlar deganda avtrof o’simliklar tomonidan hosil qilingan tayyor organik moddalar hisobiga oziqlanuvchilar tushuniladi. Hayvonot olamining vakillari xlorofill bo’lmaganligi tufayli anorganik moddalar hosil qila olmaydi, shuning uchun ham ular geterotrof organizmlarga kiradi. Lekin o’simliklar dunyosining uchdan bir qismi (bakteriyalar, zamburug’lar va shilimshiqlar) xlorofillga ega emas. Ular ham tayyor organik moddalar hisobiga oziqlanadi.
Geterotrof bakteriyalar tashqi muhitdan organik moddalarni butun yuzasi orqali o’zlashtiradi. Azot va shunga o’xshash elementlarni mineral birikmalardan o’zlashtirish ham mumkin. Organik moddalarning oksidlanishi ular uchun energiya manbai bo’lib qoladi.
O’simliklardan foydalanish xarakteri bo’yicha bir necha guruhga bo’linadi. Bunda eng muhimi inson uchun oziq hisoblangan o’simliklardir. Bularga bug’doy, sholi va makkajo’xori kabi qimmatli o’simliklar kiradi. Sabzavot o’simliklardan birinchi o’rinda kartofel turadi. Boshqa sabzavot o’simliklarining ahamiyati ham kam emas. Insonni oziq moddalar bilan ta’minlashda rezavor-meva, boshoqli, dukkakli o’simliklar ham katta ahamiyatga ega. Tarkibida qand saqlovchi o’simliklar ham qimmatli hisoblanadi.
O’simliklarning ikkinchi guruhini sanoatda foydalaniladigan turlar tashkil etadi. Ular moyli, efir moyli, tolali, oshlovchi, bo’yoq va kauchuk beruvchi o’simliklardir.
Uchinchi guruhga dorivor o’simliklar kirib, ular turli kasalliklarni davolashda ishlatiradi. Bu guruhga yovvoyi holda o’stiriladigan choy, kofe o’simliklari, shokolad kiradi. Choy va kofe o’simliklaridan kofein alkaloidi, kofe va shokolad daraxtlaridan teobromin alkaloidi olinadi. Qishloq xo’jaligida yem-xashak o’simliklarni tashkil etuvchi IV guruh ham katta ahamiyatga ega. Beshinchi guruhni tuban o’simliklar, ayniqsa bakteriyalar va zamburug’lar tashkil etib, ular inson tomonidan achish jarayonlarida foydalaniladi va tuproq unumdorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Tuban o’simliklar tibbiyotda keng qo’llaniladigan antibiotik moddalar olishda asosiy xom ashyo hisoblanadi. Insonning xo’jalik faoliyatida o’simliklardan hosil bo’lgan mahsulotlar-toshkumir, qo’ng’ir ko’mir, yonuvchi slanets, torf, sapropel va neft kabilar muhim rol o’ynaydi. Jonli tabiatning muhim tarkibi hisoblangan o’simliklar biologik moddalarning normal aylanishini ta’minlaydi, atmosferani kislorodga boyitadi, organik moddalar to’playdi, bu esa o’z navbatida inson va hayvonlar uchun oziqa mahsuloti bo’lib xizmat qiladi.