60 yildan ortiqroq tarixga ega o‘zbek ilmiy hindshunoslik an`analari asosan 20 - asr mobaynida rivoj topgan mahalliy va xorijiy, xususan Moskva, Sankt-Peterburg ilmiy maktablarining nazariy va metodologik yutuqlari hamda tajribalarini inobatga olgan holda shakllanib kelmoqda. Bu ikki maktabdan – birinchisi, hozirgi jonli tillarni, ikkinchisi esa ko‘proq qadimgi mumtoz Sharq tillarini o‘rganishga yo‘naltirilgani bois asosiy nazariyalar va yo‘nalishlar jihatidan o‘zaro farqlanishini ta`kidlash joiz.
Ushbu ikki maktab vakillari ToshDShI hind filologiyasi (hozirda Janubiy Osiyo tillari) kafedrasining asoschilari bo‘lib, ular dastlabki paytlarda Shimoliy hind filologiyasi, ya`ni urdu - hindiy tillari va adabiyoti buyicha mutaxassislarni tayorlash vazifasini bajarish bilan bir qatorda kafedra faoliyatining dastlabki yillaridan to 60- yillar o‘rtalarigacha hind tillarini o‘qitish nazariyasi va amaliyotida o‘ziga xos yondashuvlarning shakllanishiga katta hissa qo‘shdilar. Yuqorida sanab o‘tilgan masalalarni o‘zbek sharqshunosligi nuqtai nazaridan tadqiq etish jarayoni faqat 70-80- yillarga kelib shakllana boshladi.
Bu jarayon hozirda ilmiy jihatdan asoslangan konsepsiyaga aylanib bormoqda. Hind tillarini eng avvalo, Hindistonning davlat tili bo‘lmish hindiy tilini ilmiy va metodologik jihatdan o‘rganish jarayoni yarim asrdan ziyod davrni o‘z ichiga oladi.
O‘zbek hindshunoslarining hindiy tili sohasidagi muvaffaqqiyatlari haqida so‘z borganda, R.A. Aulovaning “Hindiy tili darsligi”, shuningdek, M.M. Xardat, A.I.Kosonovskiy, R.M. Muhammadjonov, R. Qayumova, A.P. Buyanova, T.O.Xo‘jayeva, S.A.Chernikova, X.B. Begizova, L.A. Semayeva, D.K.Ro‘zmetova, Sh.A.Ahmedov, B.R.Rahmatov, M.Sodiqova kabi hindshunoslar tomonidan oliy va o‘rta ta`lim o‘quv yurtlari va maktablari uchun yaratilgan bir qator darsliklar, lug‘atlar, qo‘llanmalarni tilga olish lozim. Bugungi kun o‘zbek sharqshunosligi maktabi namoyondalari sifatida hindiy va boshqa hind tillari o‘qituvchilarining, xususan, kafedrada faoliyat ko‘rsatgan ustozlarimizning ijodiy merosini doimo atroflicha va chuqur o‘rganish, uni kundalik ilmiy va o‘qitish ishlarida qo‘llab, nazariy va amaliy imkoniyatlarimizni yuksaltirib borishni birdan-bir faxrli burchimiz deb bilamiz.
Hozirgi davrning xususiyatlaridan biri shuki, O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta ta`lim tizimida olib borilayotgan islohotlar poydevori sanalmish uzluksiz ta`lim konsepsiyasiga tayangan holda hindiy tilini o‘qitish tizimida ham o‘zgarishlar yuz berdi. Endilikda bu sohada ham uch bosqichli tizimga o‘tildi. Ikkinchidan sakkizinchi sinfgacha birinchi bosqich, so‘ngra akademik litseylarda to‘qqizinchidan o‘n birinchi sinfgacha ikkinchi bosqich va nihoyat, oliy maktabning bakalavriat darajasi uchinchi bosqich hisoblanadi.
Shubhasiz, har bir bosqichning o‘ziga xos xususiyatlari bor. Lekin har bir bosqichga tegishli mushtarak va yetakchi, ilmiy va uslubiy tamoyil sifatida fikrimizcha, ona tilimiz o‘zbek tili va o‘rganilayotgan hindiy tili orasidagi madaniy va tipologik yaqinlik asosiy tamal toshi bo‘lishi zarur. Ma`lumki, ushbu yaqinlik Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari orasidagi qadim zamonlardan to hanuzgacha davom etib kelayotgan tarixiy aloqalar samarasi hisoblanadi.
Shu bilan birga, o‘zbek va hind madaniyatining hozirda shakllanayotgan o‘zaro ta`siri va uyg‘unligi hamda san`at, adabiyot, ilmu fan va texnika sohalaridagi bog‘liqliklar yanada kengayib bormoqda.
Tilshunoslik nuqtai nazaridan qaraganda, o‘zbek va hindiy tillaridagi bir necha ming mushtarak so‘zlarning mavjudligi, ularning madaniy, lug‘aviy boyligining muhim qismini qamrab olsa, talaygina fonetik, morfologik va sintaktik hodisalarning mosligi ushbu ikki tilning o‘zaro yaqinligidan darak beradi. Shundan kelib chiqqan holda hindiy tili meyoriy grammatikasini tuzish va undan foydalangan holda o‘zbek tili sohiblariga hindiy tilini va aksincha, hindiyzabon shaxslarga o‘zbek tilini o‘qitish uchun didaktik tamoyillarni shakllantirish - o‘zbek hindshunosligi poydevorini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu yerda, fonetika sohasida arab, fors va turkiy tillarga xos bo‘lgan “q”,”g‘”, “f”, “z” undoshlarining mavjudligi, morfologiyada esa intensiv, qo‘shma otlashgan va qo‘shma fe`llashgan tuzilmalar, o‘zbek tilidagi so‘z o‘zgartiruvchi qo‘shimchalar va hindiy tili ort ko‘makchi (poslelog)larining funksional-semantik mushtarakligi, modal va zamon shakllarining tuzilishidagi muayyan bir xillikni sanab o‘tish joiz. Sintaktik jihatdan esa sodda gapdagi bir xil turdagi so‘z tartibi, qo‘shma gaplarda esa teng va tobe munosabatlarni ifodalashda ko‘p ishlatiladigan lekin, balki, ki, ta (o‘zbekchada to), taa ki (toki), agar, agarchi (garchi, garchand), yaa (yo, yoki) na bog‘lovchi va yuklamalarning qo‘llanilishi fikrimizning isbotidir.
Bu hol bir tomondan, o‘zbek tiliga turkiy va eroniy tillarning, ikkinchi tomondan, hindiyga hind-oriy tillari bilan dravid va keyinchalik eroniy tillarning tarixiy o‘zaro ta`sirining natijasi hisoblanadi.