b) tilning gorizontal (yotiq) harakatiga ko‘ra «u» va «o‘» unlilarining har ikkalasi orqa qatordir (demak, “orqa qator” belgisi bu ikki unli uchun “integral belgi” sanaladi);
d) tilning uch darajali ko‘tarilish belgisiga (vertikal harakatiga) ko‘ra: «u»-yuqori tor unli, «o‘»- orta keng unli, demak, bu ikki unlining mazkur belgilari o‘zaro farqlidir (differensial belgilar).
I z o h: hozirgi o‘bek adabiy tili vokalizmida unlilarning lablanish-lablanmaslik belgilari va tilning uch darajali ko‘tarilishiga (vertikal harakatiga) gorizontal (yotiq) harakatiga asoslangan belgilari esa o‘zicha fonologik rol o‘ynamaydi, chunki unlilarning old qator yoki orqa qator bo‘lishi lablarning ishtirokiga yoxud turli kombinator omillar ta’siriga bog‘liq: lablanmaslik tilnlng tish tomon siljishini, lablanish esa tilning tishdan orqaga tortilishini taqozo qiladi. Demak, old qator (i,e,a) va orqa qator (u,o‘,o) unlilarining fonologik xususiyati lablar ishtirokisiz namoyon bo‘lmaydi
Statistik metodda esa muayyan bir so‘z, so‘z birikmasi, gap yoki matnda qancha fonetik birliklar mavjudligi, ulardan qanchasi unli yoki undosh ekanligi, ularning ichki turlarini qancha miqdorda ekanligi metematik hisob-kitob qilinadi.
Eksperimental metod asosida tovushlarining fizik-akustik va artikulyatsion jihatlari maxsus asboblar (pnevmograf, ossilograf, fonograf, spektrograf va boshqalar) yordamida tadqiq qilinadi, shu asosda tovushlarning sifat va miqdor belgilari (balandligi, kuchi, tembri, spektri, cho‘ziqlik darajasi), ularning artikulatsiyasi (hosil bo‘lish o‘rni, usuli) aniqlanadi. Bunday tadqiqot natijalaridan fonetik birliklarning fonologik jihatlarini tavsiflashda foydalaniladi.
Eksperimental fonetikaning bu aspekti fonetik birliklarning fizik tabiatini tadqiq qiladi. Fonetik birliklarning fizik tabiatiga tovushning balandligi, kuchi, tembri, cho‘ziqligi kiradi. Tovushning ovoz, shovqin, qo‘shimcha (yordamchi) ton kabi komponentlari ham fizik-akustik omillar sanaladi.
1.Tovushning balandligi - tovushning un paychalari tebranishi chastotasiga bog‘liq sifati. Ma’lum vaqt o‘lchovida (masalan, bir sekundda) un paychalarining tebranish miqdori qancha ko‘p bo‘lsa, tovush shuncha baland bo‘ladi yoki, aksincha, shu vaqt o‘lchovi hisobida un paychalari qancha kam (siyrak) tebransa, tovush shuncha past chiqadi. Tebranayotgan jismning, masalan, un paychalarining tinch holatdagi nuqtadan ikki (qarama-qarshi) tomonga bir marta borib kelishi bitta to‘la tebranish sanaladi, ana shu bitta to‘la tebranish bir gerts hisoblanadi, demak, baland ovozda gerslar miqdori ko‘p(tebranish zich), past ovozda esa gerslar miqdori kam (tebranish siyrak) bo‘ladi. Insonning eshitish qobiliyati 16 gersdan 20000 gersgachadir: 16 gers eshitishning eng quyi pog‘onasi, 20000 gers esa eshitishning eng yuqori pog‘onasi hisoblanadi. 16 gersdan kam chastotali tebranish infratovush, 20000 gersdan ortiq chastotali tebranish esa ultratovushsanaladi. Inson oddiy so‘zlashuvda 100 gersdan 400 gersgacha balandlikdagi tovushni qo‘llaydi. Insonning eng past tovushi bas( u 40 gersga teng), eng baland tovushi esa sopranodir (u 170 gersga teng).
Nutqda ovozning (tonning) baland-past tarzda to‘lqinlanishi melodikani yuzaga keltiradi, melodika esa gapning ifoda maqsadiga yoki emotsionallikka ko‘ra turlarini belgilashda, sintagmalarni, kirish so‘z yoki kiritma gaplarni ifodalashda muhim vosita sanaladi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki,tebranish chastotasi nutqda boshqa akustik vositalar (urg‘u, intonatsiya, tembr, temp kabilar) bilan munosabatga kirishib, murakkab tovushni hosil qilishi ham mumkin, bunday murakkab tovushlardan esa turli ekspressiv-stilistik maqsadlarda, ayniqsa, she’riy misralardagi tovush tovlanishlarini tarkib toptirishda foydalaniladi.
2. Tovushning kuchi (intensivligi)-1sm2 maydondan 1 sekundda o‘tadigan energiya miqdori. Bunday energiya miqdorining ko‘p yoki oz bo‘lishi tebranish amplitudasining (kengligining) katta yoki kichikligiga bog‘liqdir: tebranish amplitudasining katta bo‘lishi unga berilayotgan zarba darajasiga, masalan, o‘pkadan kelayotgan havo oqimi kuchiga bog‘liq. Masalan, zarb urg‘usini (dinamik urg‘uni) yuzaga keltirishda havo zarbi kuchli bo‘ladi. Demak, tovush kuchining nutqdagi ahamiyati ko‘proq zarb urg‘usini ifodalashda namoyon bo‘ladi.
Tovush kuchi odatda detsibel bilan o‘lchanadi. Masalan, soatning chiqillashi - 20db, pichirlash - 40db, yarim ovoz bilan gapirish-60db, baland ovoz bilan gapirish - 80 db, simfonik orkestr ovozi-100dan 110 detsibelgacha bo‘ladi. 130 detsibeldan ortiq kuchdagi tovush quloqqa og‘riq beradi, insonni noxush qiladi.