O‘qituvchi o‘z ishini ham baholash imkoniyatiga ega bo‘ladi O‘qituvchi har bir bolaning ishini tekshirar ekan, o‘quvchining mavzuni qay darajada tushunganligi, uning aynan qaysi mavzuda qiyinchilikka uchrayotgani, ya'ni umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, bolaning dars davomida olgan bilim darajasini va uni tuzatishda qaysi jihatiga e'tibor berish kerakligini o‘zi uchun bilib oladi. Bunda o‘qituvchi har bir bolaga individual yondashadi. Sinfdagi o‘quvchilarning necha foizi o‘tilgan mavzuni to‘liq yoki qisman tushunganligi namoyon bo‘ladi va o‘quvchining mavzuni egallash koeffisientiga qarab o‘qituvchi bir vaqtning o‘zida o‘z ishini baholash imkoniga ega bo‘ladi.
Formativ baholash tizimini ham butunlay inkor eta olmaymiz, albatta. uning ham o‘ziga yarasha ijobiy tomonlari bor. Masalan, har safar mehnati uchun baholanish, rag‘batlantirilish bola uchun motivasiya bo‘ladi. Keyingi dars uchun yanada ko‘proq tayyorlanish va faolroq bo‘lishga intiladi.
Summativ baholashni 100 ballik sistema asosida oladigan bo‘lsak, 100-86 ball oralig‘ida bola – 5 bahoga, 86-65 ball oralig‘ida – 4 bahoga, 65-45 ball oralig‘ida – 3 bahoga ega bo‘ladi.
O‘quvchi ega bo‘ladigan ballning 10 foizi formativ baholash tizimida bo‘ladi. Bunda o‘quvchi o‘quv choragi davomidagi darsdagi ishtiroki, faolligi orqali 1 dan 10 ballgacha bo‘lgan tizimda baholanadi. Qolgan 90 ballni esa Summativ baholash tizimi asosida oladi.
Summativning o‘zi ikki turga bo‘linadi:
1. BSB - bob bo‘yicha Summativ baholash
2. ChSB - chorak bo‘yicha Summativ baholash.
ChSB yilda mavjud bo‘lgan chorak miqdorida qo‘yiladi. Ya'ni o‘quvchi yilda 4 marotaba yoki ba'zi (haftada 1 marotaba o‘tiladigan) fanlar kesimida yilda 2 marta topshiradi. ChSB bir o‘quv yili davomida 40 ball, BSB 50 baldan iborat bo‘ladi.
BSB fan o‘qituvchisi tomonidan dars davomida yozma shaklda olinadi. Uning shaffofligini ta'minlash va tarqalib ketishining oldini olish maqsadida har bir sinf uchun alohida variant ishlab chiqiladi. Bunda savollar darajasi o‘zgarishsiz qoladi. ChSB esa chorak yakunida e'lon qilingan ChSB haftaligi doirasida olinadi. O‘quvchi sinf kesimida taqsimlangan ChSB haftaligida onlayn platforma orqali topshiradi. Moddiy texnik jihatdan imkoniyati cheklangan maktablar uni qog‘ozda o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.