Franklarda davlat apparatining tashkil topishi va rivojlanishi jarayon-larida uchta asosiy yo`nalishni ajratib ko`rsatish mumkin. Birinchi yo`na-lish, ayniqsa, boshlang`ich bosqichga (V-VII asrlarga) xos bo`lib, bu vaqtda franklardagi qabilaviy demokratiya organlarining yangi davlat organlariga o`sib chiqishi sodir bo`lgan. Ikkinchi yo`nalish votchina boshqaruv organlarining rivojlanishi bilan belgilanadi. Uchinchi yo`nalish frank monarxlari davlat hokimiyatining asta-sekin senor-hukmdorlarning ”xususiy” hokimiyatiga aylanishi bilan bog`liq. So`nggi yo`nalish VIII-IX asrlarga to`g`ri kelib, franklar jamiyatining oxirgi bosqichi - senorlik monar-xiyasining shakllanishi davri hisoblanadi.
Qirol hokimiyatining shakllanishi va rivojlanishi. Galliyaning istilo qilinishi franklarda yangi davlat apparatining tashkil etilishi uchun kuchli turtki bo`ldi. Chunki bu holat ana shu bosib olingan viloyatlarda boshqa-rishni tashkil etishni, ularni himoya qilishni talab qilardi. Xlodvig o`zining qatiy yakka hokimligini o`rnatgan franklarning birinchi qiroli edi. U oddiy harbiy boshliqdan monarxga aylandi. Xlodvig bunday mavqega barcha vositalar: munofiqlik, ayyorlik, qarindosh-urug`larini, boshqa qabila bosh-liqlarini yo`q qilish orqali erishgan edi. Xlodvigning muhim siyosiy ishla-ridan biri xristianlikni to`g`ridan-to`g`ri galliya-rim katolik ruhoniylaridan qabul qilishi edi. Bu narsa Franklar qirolligining yanada rivojlanishi uchun katta ahamiyatga ega bo`ldi.
Xlodvig tomonidan xristianlikning qabul qilinishi bilan cherkov qirol hokimiyatini mustahkamlashda qudratli omil bo`lib qolgan.
Franklar davlati feodal yakka hokimligi (monarxiya) shaklida idora etiluvchi davlat bo`lib, uning tepasida qirol turgan. Qirollik nasldan-naslga meros bo`lib o`tgan. Dastlabki frank qirollari ancha keng hokimiyatga egalik qilganlar. Ular odatlarga amal qilib, xalq lashkarlarini chaqirganlar va urush vaqtida ularga qo`mondonlik qilganlar. Qirollar hamma bajarishi shart bo`lgan farmoyishlar (bonni - bonni) chiqarib, davlatda oliy sud hokimiyatini amalga oshirganlar va soliqlar yig`ganlar.