Frazeologizmlarda semantik munosabat. Leksikada bo‘lgani kabi frazeologiyada ham lisoniy-semantik munosabat amal qiladi. Frazeologik sinonimiya. Ma’nodoshlik hodisasi frazeologizmlarda ham mavjud. Frazeologizmning ma’nodoshlik paradigmasida birliklar ifoda semalari darajasiga ko‘ra farqlanadi: yaxshi ko‘rmoq – ko‘ngil bermoq, yer bilan yakson qilmoq– kulini ko‘kka sovurmoq, ipidan ignasigacha – miridan sirigacha, qilidan quyrug‘igacha va h. Ma’nodosh frazeologizmlarning atash semasi bir xil bo‘ladi. Masalan, ipidan ignasiga – miridan sirigacha, qilidan quyrug‘igacha kabi iboralarida «butun tafsiloti bilan» atash semasi umumiy. Ammo ular uslubiy xoslanganlik va bo‘yoqdorlik darajasini ifodalovchi semalari bilan farqlanadi.
Sinonim frazeologizmlarni frazeologik variantdan farqlash lozim. Sinonim iboralarda ayni bir so‘z bir xil bo‘lishi mumkin. Lekin qolgan so‘zlar sinonim leksemaning ko‘rinishlari bo‘lmasligi lozim. Jonini hovuchlab va yuragini hovuchlab iboralarida bir xil so‘z mavjud. Ammo jon va yurak so‘zlari sinonim leksema ko‘rinishi emas. Кo‘ngliga tugmoq va yuragiga tugmoq iboralari frazeologik variant.
Frazeologik antonimiya. Zid ma’noli antonimlar bir-biriga teskari tushunchani ifodalaydi. Misollar: ko‘ngli joyiga tushdi– yuragiga g‘ulg‘ula tushdi, qoni qaynadi– og‘zi qulog‘iga yetdi. Frazeologik omonimiya. Frazeologizmlar omonimik munosabatda ham bo‘lishi mumkin. Misollar: so‘z bermoq I («va’da bermoq»), so‘z bermoq II («gapirishga ruxsat bermoq»), boshga ko‘tarmoq I («ardoqlamoq»), boshga ko‘tarmoq II («to‘polon qilmoq»), qo‘l ko‘tarmoq I («ovoz bermoq»), qo‘l ko‘tarmoq II («urmoq»). Frazeologizmdagi darajalanish, giponimiya, funksionimiya, iyerarxionimiya kabi semantik munosabatlar o‘z tadqiqotini kutmoqda.
LEKSIKOGRAFIYA
39-§. Leksikografiya. Tilshunoslikning lug‘at tuzish masalalarini ilmiy tadqiq qiluvchi va lug‘at tuzish bilan shug‘ullanuvchi sohasi leksikografiya (gr. lexikos – so‘z, so‘zga oid va grapho – yozaman) yoki lug‘atchilik deyiladi. Maqsad va vazifasiga ko‘ra leksikografiya ikkiga bo‘linadi:
a) ilmiy leksikografiya lug‘atchilikning nazariy masalasi bilan shug‘ullanadi;
b) amaliy leksikografiya bevosita lug‘at tuzish ishi bilan mashg‘ul bo‘ladi.
Leksikografiya muhim ijtimoiy vazifani bajaradi. Bular quyidagilarda ko‘zga tashlanadi:
ona tilini va boshqa tillarni o‘rgatish;
2)ona tilini tasvirlash va me’yorlashtirish;
3)tillararo munosabatlarni ta’minlash;
til leksikasini ilmiy tekshirish va talqin qilish.
Lug‘at maqsadi va mo‘ljaliga ko‘ra ikkiga bo‘linadi:
umumiy lug‘at;
maxsus lug‘at.
Umumiy lug‘at keng o‘quvchilar ommasiga, maxsus lug‘at esa tor doiradagi kishilar – alohida soha mutaxassisiga mo‘ljallangan bo‘ladi.
Har ikkala tur lug‘at ham o‘z o‘rnida yana ikkiga bo‘linadi:
ensiklopedik lug‘at;
filologik lug‘at.
Demak, lug‘atni umumiy ensiklopedik lug‘at va maxsus ensiklopedik lug‘at, umumiy filologik lug‘at va maxsus filologik lug‘atga bo‘lib o‘rganish maqsadga muvofiq va qulay.