Imlo lug‘ati so‘zlarni amaldagi imlo qoidalariga muvofiq ravishda qanday yozish kerakligini o‘rgatadi. Demak, bunday lug‘at hammabop va amaliy tabiatga ega bo‘ladi va unga S.Ibrohimov va M.Rahmonovlarning 1956, 1964-yillarda «O‘qituvchi» nashriyoti tomonidan nashr etilgan, S.Ibrohimov, E.Begmatov va A.Ahmedovlarning 1976-yilda «Fan» nashriyoti tomonidan chop etilgan kirill yozuviga doir imlo lug‘atlarini kiritish mumkin.
1995-yilda Sh. Rahmatullayev va A.Hojiyev tuzgan lotin imlosidagi imlo lug‘ati «O‘qituvchi» nashriyoti tomonidan chop etildi.
Orfoepik lug‘atda so‘zning to‘g‘ri adabiy talaffuzi ko‘rsatiladi. Bunday lug‘at birinchi marta kichik hajmda M.Sodiqova va O‘.Usmonova tomonidan «O‘zbek tilining orfoepik lug‘ati» nomi bilan 1977-yilda «O‘qituvchi» nashriyoti tomonidan bosib chiqarildi.
Maxsus filologik lug‘at tor o‘quvchilar ommasi – tilshunoslik bilan shug‘ullanuvchilar va boshqa ilmiy tadqiqotchilarga mo‘ljallangan bo‘ladi. O‘zbek tilining morfem, chastotali, ters, o‘zlashma so‘zlar, frazeologizm, sinonimlar, antonimlar, omonimlar, dialektizm, terminologik, etimologik lug‘atlar shular jumlasidan.
Morfem lug‘atda leksik birlikning tarkibi–morfemik strukturasi ko‘rsatiladi. Bunday lug‘at birinchi marta A.G‘ulomov, A.N.Tixonov, R.Q.Qo‘ng‘urov tomonidan tuzilib, 1977-yilda «O‘qituvchi» nashriyoti tomonidan chop etilgan.
Chastotali lug‘atda so‘zning qo‘llanish darajasi haqida ma’lumot beriladi. I.A.Кissen muallifligida chop etilgan «Slovar naibolee upotrebitelnыx slov sovremennogo uzbekskogo literaturnogo yazika» (Tashkent, 1970) lug‘ati chastotali lug‘at bo‘lib, unda ma’lum bir tanlangan matnlarda so‘zlarning qo‘llanilish chastotasi (takrorlanganlik miqdori) ko‘rsatiladi. Bunday lug‘at S.Rizayev, Z.Hamidov, N.Axmatov, N.Mamadaliyeva, R.Zohidov tomonidan alohida asarlar bo‘yicha tuzilgan.
Ters lug‘atdaso‘z teskari tomondan oxiridan alfavit tartibida joylashtiriladi. Bu ham lingvistik lug‘at bo‘lib, R.Qo‘ng‘urov va A.Tixonov tomonidan «Обратный словарь узбекского языка» nomi bilan 1969-yilda Samarqandda chop etilgan. Undan namuna keltiramiz:
serharajat hujjat xat-hujjat behujjat murojaat hojat muhofazat ijozat beijozat.