Eganing otlashgan olmosh bilan ifodalanishi. Ega vazifasida sifat, son o‘rnida qo‘llanuvchi otlashgan olmosh bilan ham ifodalanadi: Bu, ehtimol, ona suti bilan kirgan g‘ayrishuuriy bir tuyg‘udir. (P.Q.). Odamlar uchun xuddi mana shunisi kerak edi. (CH.Aytmatov). Eganing otlashgan sifatdosh bilan ifodalanishi. Bosh kelishikdagi otlashgan sifatdosh ega vazifasini bajaradi: Ishlagan xor bo‘lmas (Maqol). Qimirlagan qir oshar (Maqol). Birlashgan daryo bo‘lar, tarqalgan irmoq bo‘lar (Maqol). Eganing otlashgan ravish bilan ifodalanishi. Ravish otlashganda, gapda ega bo‘lib kelishi mumkin: Ko‘p so‘zning ozi yaxshi, oz so‘zning o‘zi yaxshi (Maqol). O‘qishning erta-kechi bo‘lmas (Maqol). Eganing otlashgan taqlid so‘z bilan ifodalanishi. Taqlid so‘zlar otlashib ega vazifasini bajaradi: Otning dukura-dukuri relslarning tutashgan joyiga urilayotgan g‘ildirak tovushi bilan uyg‘unlashib ketardi. (Ch.Aytmatov). Bu shovqinlarni karnayning vat-vati bosib ketadi. (S.A.) Eganing otlashgan undov so‘z bilan ifodalanishi. Ega vazifasida otlashgan undov so‘z kelishi mumkin: Yer kurrasida qadim-qadim zamonlardan yangragan musiqiy «qur-ey!» bunday keyin ham tinmaydi. (S.Nurov). Eganing otlashgan modal so‘z bilan ifodalanishi. Otlashgan modal so‘z ega vazifasini bajarishi mumkin: Bor so‘ylaydi, yo‘q o‘ylaydi. (Maqol). Ega ba’zan frazeologik ibora bilan ham ifodalanishi mumkin: Birovning ko‘nglini ko‘tarish qiyin, ko‘nglini cho‘ktirish esa oson. Bundan tashqari, ega so‘z birikmasi yoki gapga teng predikativ birlik bilan ifodalanadi.
Eganing so‘z birikmasi bilan ifodalanishi. Ega vazifasida so‘z birikmasi kela oladi: Haqiqat va to‘g‘rilikni sevadigan odam doim vijdoni farmoniga itoat qiladi. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»).