Gapning bosh bo‘laklari 1. Ega va uning ifodalanishi Kesim orqali izohlanadigan fikr predmetni anglatadigan, gapning boshqa bo‘laklariga tobe bo‘lmagan bosh bo‘lakka ega deyiladi.
Ega keng ma’noda predmet tushunchasini bildirib, kesimdan anglashilgan predikativ belgining kimga yoki nimaga qarashliligini ko‘rsatadi.
Ega bosh kelishikdagi birliklar bilan ifodalanib, kim? nima? qayer? so‘roqlaridan biriga javob bo‘ladi.
Ega, odatda, yakka so‘z: ot, olmosh, harakat nomi, otlashgan so‘z (sifat, son, olmosh, sifatdosh, ravishdosh, ravish, taqlid so‘z, undov so‘z, modal so‘z) bilan ifodalanadi.
Eganing ot bilan ifodalanishi. Bosh kelishikdagi atoqli yoki turdosh ot ko‘pincha ega vazifasini bajaradi: Sirdaryo hammasini yig‘ib olib, rosa kuchga to‘ladi-da.(P.Q.). Chor-atrof yaproqlarning mungli shivir-shiviriga to‘ldi. (O‘.H.). Eganing olmosh bilan ifodalanishi. Ega bosh kelishik shaklidagi ot o‘rnida qo‘llanuvchi olmoshlar bilan ifodalanadi: Ular kulimsirab askiyaga quloq solishdi (P.Q.) Kimdir unga darrov bir kosa ovqat keltirib berdi. (O‘.Usmonov). O‘zingiz juda aqlli, uzoqni ko‘radigan odamsiz. (S.Soliyev). Eganing harakat nomi bilan ifodalanishi. Ega harakat nomi bilan ifodalana oladi: ... ariqdan oqqan suvning shildirashi eshitila boshladi... (P.Q.). Boshliq bo‘lish oson, boshlamoq qiyin. (Maqol). Eganing otlashgan sifat bilan ifodalanishi. Sifatlar otlashib, gapda ega bo‘lib kelishi mumkin: Botir topsa, barcha yer, baxil topsa, bosib yer. (Maqol). Yaxshi yaxshining qadriga yetar. (Maqol). Eganing otlashgan son bilan ifodalanishi. Sonlar ham otlashib, ega vazifasida keladi: Ikkovi ham bir-biriga juda o‘xshash... (P.Q.). Tarbiya axloq va oqillikka tayanmog‘i lozim. Birinchisi yaxshi fazilatni o‘stirsa, ikkinchisi ba’zilarning illatidan himoya qiladi. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»).