Makroiqtisodiyotni barqarorlashtirishga erishish. O’zbekistonda mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab bosqichma-bosqich amalga oshirilgan iqtisodiy va institusional islohotlar jarayonida mamlakat rivojlanishini belgilab beruvchi rasmiy qoidalar va normalarni o’z ichiga oluvchi tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhiti shakllandi. Shakllangan tadbirkorlik muhiti mulkchilik, ishlab chiqarish va taqsimot munosabatlariga hamda yangicha boshqarish tizimini barpo etilishiga; moddiy, tabiiy, mehnat va boshqa resurslardan samarali foydalanish esa iqtisodiy o’sishga kuchli ta’sir ko’rsatdi. Natijada mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlik va barqaror iqtisodiy o’sish sur’atlari ta’minlandi. Shu bilan bir vaqtda O’zbekistonda Harakatlar strategiyasi tamoyillariga va ustuvor yo’nalishlariga amal qilgan holda rivojlanishning strategik maqsadlari jahon andozalariga mos ravishda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning Farmonlari, ma’ruzalari va chiqishlarida belgilab berilgan barqaror iqtisodiy rivojlanishning ustuvor vazifalarning amalda ijrosini ta’minlash, O’zbekiston iqtisodiyoti va uning hududlari rivojlanishini ta’minlamoqda. Milliy iqtisodiyotning rivojlanishini baholash mezonlaridan biri sifatida iqtisodiy o’sish ko’rsatkichi qabul qilingan. Ushbu ko’rsatkich muayyan davr mobaynida real YaIM hajmining o’tgan davrdagiga nisbatan oshishi, to’liq bandlilik sharoitiga mos keluvchi potensial ishlab chiqarish darajasining uzoq muddatli ko’payishi tendensiyasini anglatadi. Shuni hisobga olganda, O’zbekistonda aholi turmush darajasini oshirish, ijtimoiy muammolarni yechish, mamlakatning jahon hamjamiyatidagi iqtisodiy va siyosiy mavqyeini mustahkamlashga erishish va makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o’sishni ta’minlash, iqtisodiy islohotlar strategiyasining asosiy maqsadi qilib belgilab olingan. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimiz Prezidentining Parlamentga Murojaatnomasida iqtisodiyot tizimini sog’lomlashtirish hamda iqtisodiy o’sishni yuqori sur’atlarini ta’minlash maqsadida quyidagi masalalarni hal etish lozimligi qayd etilgan: ochiq iqtisodiyot, sog’lom raqobat, ishbilarmonlik va investisiya muhitini tubdan yaxshilash uchun zarur sharoitlarni yaratish; iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy sektorni jadal rivojlantirish orqali yangi ish o’rinlarini ko’paytirish; iqtisodiyotni modernizasiya va diversifikasiya qilish, mehnat unumdorligini oshirish orqali yuqori iqtisodiy o’sishni ta’minlash; «yashirin» iqtisodiyotga qarshi kurashish, uning hajmini keskin qisqartirish; valyutani erkinlashtirish siyosatini izchil davom ettirish, barqaror monetar siyosatni amalga oshirish; iqtisodiyotni rivojlantirishga doir strategik vazifalarni ro’yobga chiqarishga qodir malakali kadrlarni tayyorlash.
Respublikamizda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, valyuta bozorini erkinlashtirish, yuqori likvidli tovarlarni sotishning bozor usullarini joriy etish, tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash va rag’batlantirish bo’yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar aholining keng qatlamlarini tadbirkorlik faoliyatiga faol jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar hamda iqtisodiy islohotlarni izchil davom ettirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Makroiqtisodiy barqarorlik hamda iqtisodiy o’sishni ta’minlashda Markaziy bankning masuliyati ulkan ekanligini hisobga olib, uni ta’minlashda o’zining asosiy va muqobil ssenariylarni ishlab chiqdi. Ikkala ssenariyda ham Markaziy bank pul-kredit siyosatini yuritishda ehtiyotkorona yondashuvdan foydalanib, pul-kredit sharoitlarini bir maromda qat’iylashtirib borishni ko’zda tutgan.
Bugungi kunda barqaror iqtisodiy o’sishning yo’nalishlaridan biri sifatida mamlakatimizda o’zlashtirilayotgan investisiyalar alohida ahamiyat kasb etadi. Investisiyalarning mamlakat iqtisodiyotiga kirishi natijasida ishlab chiqarish, xizmat ko’rsatish korxonalarining faolligi oshmoqda. Buning natijasida aholining ish bilan bandligi va aholi daromadlari oshmoqda. Bu esa o’z navbatidi YaIMning o’sishini ta’minlaydi. Ushbu vazifalarni samarali amalga oshirishda mamlakat rivojlanishining asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlarining o’zgarish tendensiyalarini bilish muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Milliy iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida yaratilgan yalpi qo’shilgan qiymat (YaQQ) hajmi YaIM umumiy hajmining 89,8 foizini tashkil etdi va 5,3 %ga o’sdi (YaIM mutlaq o’sishiga ta’siri 4,8 % punktni tashkil etdi). Mahsulotlar uchun sof soliqlarning YaIM tarkibidagi ulushi 10,2 %ni tashkil etdi va YaQQ kabi 5,3 % darajada o’sdi (YaIM mutlaq o’sishiga ta’siri 0,5 %ni tashkil etdi).