G’aznachilik faoliyati va axborot tizimlari Bugungi kunda iqtisodiyotning integratsiyalashuviva globallashuv sharoitida zamonaviy axborot texnologiyalari nafaqat iqtisodiyot, balki uning moliya tizimida, aynan budjet ijrosi jarayonlarida ham ijobiy natijalarga erishishning muhim omili hisoblanadi.
Davlat budjetining g’azna ijrosi davlat budjeti va davlat maqsadli jamg’armalarining barcha daromadlarini, shuningdek, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablag’lar bo’yicha tushumlarini yagona g’azna hisobraqamga jamlash va ularning barcha xarajatlarini shu hisobraqamdan amalga oshirishni nazarda tutadi. Bu esa davlat budjeti, budjetdan tashqari fondlar, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablag’lari, davlat qarzlari va ularga xizmat ko’rsatish jarayonlarining tezkor nazoratini va monitoringini olib borish, davlat mablag’larining samarali ishlatilishini ta’minlash, davlat moliyaviy resurslarining harakati to’g’risida operativ tarzda ma’lumotlarni jamlash imkonini beradi.
Ko‘pgina rivojlangan davlatlarda g‘aznachilikning faoliyat ko‘rsatish amaliyoti va uni rivojlantirish yo‘llari shuni isbotlaydiki, byudjet mablag‘larini samarali va tezkor boshqarishning muqobil yo‘li davlatning moliyaviy axborot tizimi hisoblanadi.
Mamlakatimizda davlat budjetining g’azna ijrosini samarali tadbiq etishga faqatgina barqaror rivojlanish ko’rsatkichlariga erishganimizdan keyingina muvaffaq bo’lindi. O’zbekiston hukumati davlat moliyasini boshqarish tizimida ham kengqamrovli islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda. Bu islohotlarning ijobiy natijalarini davlat budjeti g’azna ijrosining muvaffaqiyatli joriy etilishida ko’rishimiz mumkin.
Budjet jarayonini boshqarishning avtomatlashtirilgan axborot tizimlari real vaqt rejimida budjet jarayoni axborot oqimlarini kompleks hisobini olib borish va iqtisodiy tahlilni tashkil etish natijasida ularning haqqoniyligini va tezkorligini oshiradi va tezlikda tegishli oqilona boshqaruv qarorlarini qabul qilishga imkon yaratadi.
G‘aznachilik tizimining asosiy vazifalaridan biri davlat moliyaviy resurslaridan foydadanish samaradorligini oshirishdir. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, davlat moliyasi tarkibiga kiruvchi, “g‘aznachilik” deb ataluvchi organ o‘ziga yuklatilgan funktsiyadan kelib chiqib, turli majburiyatlarni bajaradi. G‘aznachilikning tuzilishi va vazifalari mamlakatning tarixiy va madaniy urfodatlaridan, shuningdek, iqtisodiy holatidan kelib chiqib belgilanadi.